Dunyoning eng ajabtovur stadionlari. Top-6
Stadion.uz dunyodagiengnoodatiystadionlarhaqidagima’lumotlarnitaqdimetadi.
Bugungi kunda zamonaviy stadionlar birorta muxlisni hayron qoldirmay qo‘ydi. Sababi, dunyoning istalgan katta shaharlariga bormang, hech yo‘q bitta jahon standartlariga javob beruvchi arenaga ko‘zingiz tushadi. Bugun biroz o‘zgacharoq uslubdagi stadionlar bilan tanishtirib o‘tamiz.
Ottmar Hitsfeld stadium
Shveysariyadagi Pond qishloqchasi o‘zining uy shu nomdagi jamoasi bilan emas, noodatiy ko‘rinishga ega stadioni bilan mashhurlikka erishgan. Mahalliy Pond jamoasi “Ottmar Hitsfeld” nomi berilgan mo‘’jazgina o‘yingohda o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadi. Ushbu o‘ziga xos arena Alp tog‘larida joylashgan bo‘lib, dengiz sathidan ikki ming metr balandlikda bunyod etilgan. Qizig‘i shundaki, stadionga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eltuvchi yo‘l mavjud emas. Hatto futbolchilar ham Pond yaqinidagi Stalden qishlog‘ida joylashgan kanatdan foydalanishga majbur bo‘lishadi. Shunga qaramay, ushbu o‘yingoh turistlar orasida juda mashhur.
“Svangaskard” stadium
Farer orollari terma jamoasining uy stadioni sanalmush “Svangaskard” stadioni ham dunyodagi eng o‘zgacha joylashuvga ega. Toftir shaharchasida joylashgan stadion dunyoning eng go‘zal stadionlaridan tuzilgan top-100 shortlistidan joy olgan. O‘yingoh dengiz bo‘yida bunyod etilgan bo‘lib, unda to‘p surish biroz noqulaylik tug‘diradi. Ayrim uchrashuvlarda stadiondagi bolboylar stadiondan chiqib ketgan to‘plarni olib kelish uchun suvga tushishlariga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, katta tribuna o‘rnini qoyalar tashkil etgani bois, Yevropada bu stadionni erkalab “EcoArena” deb ham atashadi
“Braga stadium”
Portugaliyaning Braga shahrida qad rostlagan o‘yingoh o‘zining tabiat bilan uyg‘unlikda bunyod etilgani bilan juda mashhur. 2004-yilda o‘tkazilgan Yevropa chempionati uchun qurilgan bo‘lib,stadion o‘ziga xos landshaftga ega. Ma’lumotlarga qaraganda, “Braga stedium” Yevropaning eng qimmat arenalaridan biri. Uni qurish uchun 83 million yevro sarflangan. O‘z bag‘riga 30 ming muxlisni sig‘dirishiga qaramay, arenada atigi 2 ta tribuna bor xolos. Katta qoynaning o‘rtasida qurilgan “Braga”ning markaziy tablosi katta tosh qoya ustida joylashgan bo‘lib, ikkita tribuna tomlari temir trosslar bilan bir-biriga mahkamlangan. Bu stadion qurib bitkazilgan yili “FourFourTwo” nashri tomonidan “futbol durdonasi” nominasiyasini qo‘lga kiritgan
“Gaosiyun national stadium”
Tayvanda joylashgan “Gaosiyun” o‘yingohi juda muhtasham qurilgani bilan emas, tabiatga katta foyda keltirgani uchun bugungi ro‘yxatimizdan joy olmoqda.
2009-yilda qurib bitkazilgan stadion nafaqat futbol, balki boshqa sport turlarini ham o‘zida o‘tkazishga mo‘ljallangan. Arena bir paytning o‘zida 55 ming muxlisga xizmat ko‘rsatishi bilan emas, o‘zining noodatiy tomi bilan mashhur. Quruvchilar stadion tomiga 884 ming quyoshdan quvvat oluvchi plitalarini o‘rnatishgan bo‘lib, stadion o‘zini-o‘zi elektr quvvati bilan ta’minlashga qodir. Muhandislarning aytishicha, ushbu proyekt butun dunyoda birinchilardan bo‘lib quyosh energiyasida ishlaydigan binolarda biri ekan. Ha aytgancha, “Gaosiyun” bo‘sh bo‘lgan paytlari stadiondagi quyosh plitalaridan olingan of elektr quvvati atrofdagi ko‘chalarni yoritish uchun ishlatiladi.
«Vajdovas» o‘yingohi
2013-yilning birinchi sentyabr sanasida Belgraddagi savdo markazlaridan birida qattiq shovqin ko‘tarildi. Nimaga deysizmi? Axir o‘sha savdo markazi tomida Serbiyaning “Vajdovas» klubi uy o‘yinlarini o‘tkazadiku!
Darhaqiqat, bunga ishonish qiyin bo‘lsada, serb klubi soliqlardan qochish uchun shu yo‘lni tanlashga qaror qildi. Ushbu klub stadioni tomda joylashgan bo‘lishiga qaramay, o‘z bag‘riga 5 ming muxlisni sig‘dira oladi. O‘zimizdagi “Lokomotiv” stadionidan biroz kamroq xolos. Shunga qaramay, hatto shu stadionda ham mavsumiy abonementlar sotiladi va ularni qo‘lga kiritish ham oson emas. Stadion 105-65 metr bo‘lib, uning sun’iy chimi Germaniyadan olib kelingan. Hozirga qadar nemislar ushbu stadion chimini ideal tarzda saqlab kelishmoqda. Bunday stadionlar Yevropada yana 3 ta mavjud, biroq «Vajdovas» Serbiyaning oliy divizionida harakat qilgani uchun aynan unga to‘xtalishga qaror qildik.
“Marina Bay”
Suvda joylashgan stadion haqida eshitganmisiz?
So‘nggi 10 yil davomida Singapurda qurilish shu qadar ko‘p bo‘ldiki, shunchaki stadion qurishga joy qolmadi. Shu sababli, quruvchilar “Marina Bey” qirg‘og‘i yaqinida o‘zgacha arena bunyod etishdi. Turli sport o‘yinlaridan tashqari, stadion oldidagi trassadan formula-1 musobaqalarida ham foydalanishadi. Eng qizig‘i shundaki, stadion suvda, tribunalar quruqlikda joylashgan. Quvonarlisi shundaki, stadion o‘z bag‘riga bir paytning o‘zida 30 ming muxlisni sig‘dirish mumkin. Suvdagi arena bir paytning o‘zi 1070 tonna yukni ko‘tarishga mo‘ljallangan. Boshqacharoq qilib aytganda, 9 ming odam uning ustida xordiq chiqarishi mumkin. Ajabtovurligi bilan mashhur stadion 2007-yilda qurilgan bo‘lishiga qaramay, bu yerda bir nechta katta musobaqalarni o‘tkazishga ulgurgan.