Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

38 yildan beri davom etayotgan koma. Fransiyalik sobiq futbolchi va unga sodiq qolayotgan ayol haqida hikoya

38 yildan beri davom etayotgan koma. Fransiyalik sobiq futbolchi va unga sodiq qolayotgan ayol haqida hikoya

Baho:
+ | -

Jan-Pyer Adams — 1948 yil 10 mart sanasida tavallud topgan. Yoshi katta futbol muxlislari uni «Nissa» hamda PSJ klublaridagi faoliyati orqali tanishlari mumkin. Adams Fransiya terma jamoasi tarkibida (1972—1976 yillar) 22 ta o‘yin o‘tkazgan. 1982 yil 17 martidan beri sobiq futbolchi komada. «Daryo» quyida Admasning futbol va uning tashqarisidagi hayot yo‘li haqida hikoyani o‘zbek tilida taqdim etadi.

Ular 1982 yildan beri gaplashmaydi.

1981 yilda Fransiya terma jamoasining sobiq himoyachisi Jan-Pyer Adams faoliyatini yakunlaydi. U o‘sha vaqtda endigina 33 yoshda edi. U faoliyatining oxirgi yilini Burgundiya janubidagi havaskor «Shalon»da o‘tkazadi. Uning jamoadoshlari orasida Yozef Kloze (Miroslav Klozening otasi) bor edi.

Adams kelajakda murabbiy bo‘lmoqchi edi va allaqachon o‘quv kurslariga qatnashishni boshlagandi. 1982 yilda Jan-Pyer tug‘ilgan kunini nishonlab bo‘lgach, malaka oshirish kurslarini davom ettirish maqsadida «Dijon»ga yo‘l oladi. U yerda esa butun hayotining izdan chiqishiga sabab bo‘lgan jarohatni orttirib oladi.

Shundan so‘ng Adams «Lion» klubidagi shifokor oldiga dastlabki tekshiruv uchun boradi. Shifokor jarohat jiddiy emasligini, biroq imkon qadar tezroq jarrohlik amaliyotini o‘tkazish kerakligini aytadi, agar vaqt o‘tib ketsa, jiddiy ko‘rinish olishi mumkinligidan ham ogohlantiradi.

«Hammasi joyida, men ajoyib formadaman», – deb Jan-Pyer Lionning g‘arbidagi kasalxonalardan biriga yo‘l oladi.

Afsuski, shundan so‘ng Adamsni hech kim hushi kelgan holda ko‘rmaydi.

Adams 1948 yilda Dakarda tug‘ilgan, u paytda Senegal hali mustaqil davlat bo‘lmagan. Senegal Fransiya G‘arbiy Afrikasi tarkibida bo‘lib, Dakar uning poytaxti bo‘lgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Afrikadagi hayotning qanchalik og‘ir kechganini tasavvur qilishning o‘zi mushkul. Jan-Pyer diniy qadriyatlarga qat’iy amal qilinadigan ko‘p farzandli katolik oilaning to‘ng‘ichi edi. Bolaligidan uning futbolga bo‘lgan mehri bo‘lakcha bo‘lgan. Amakisi Aleksandr Diyediu mahalliy «Janna d’Ark» klubida o‘ynardi. Biroq Adamsning ota-onasi uning bilim olishiga urg‘u berar va agar u past baho oladigan bo‘lsa, unga futbol o‘ynash taqiqlanardi.

Jan-Pyer 10 yoshga to‘lganida buvisi uni Yevropaga diniy ziyoratga olib boradi va Parijdan 150 kilometr uzoqlikda joylashgan Montarji shahridagi Sen-Lui maktabga joylashtiradi. Buvisi Afrikaga qaytadi, Jan-Pyer esa Fransiyada qoladi – uni Jurdenlar oilasi asrab oladi.

«Men bo‘yinbog‘ini yo‘qotgan kuchukchaga o‘xshar edim», – deb yodga olgandi o‘sha davrlarni futbolchi.

O‘tgan asrning 50 yillarining oxiri 60 yillarning boshida Fransiyada qora tanlilarga oson emasdi, buning ustiga yaqindagina Afrikadan kelgan bo‘lsa.

Uning zulm va dilgirliklardan nari bo‘lishi va atrofga moslashishida futbol katta ahamiyat kasb etdi. Jismonan baquvvat bo‘lgani uchun sinfdoshlari orasida tezda qadrlandi. Yigitcha mahalliy sport maktabiningU-13 jamoasida o‘ynay boshladi va tengdoshlari orasida hurmat qozondi, hatto unga kinoya bilan «oq bo‘ri» laqabi berildi.

Jan-Pyer o‘rta maktabni qoniqarli baholarga tamomlab, stenograf sifatida o‘qishni boshladi. Ammo tez orada bu uning joniga tegadi, maktabni tashlab, rezina zavodiga ishga kiradi. Shu bilan birga futbol o‘ynashda ham davom etadi.

Shundan so‘ng mahalliy «Montarji» jamoasida o‘ynay boshlaydi va Lui Gabrio boshchiligida Fransiya havaskorlar chempionatida g‘olib bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab Adamsga muammolar «hamroh»lik qilishni boshlaydi.

Birinchidan, u bir necha bor tizzasidan jiddiy jarohatlar oladi. Ikkinchidan, uning jamoadoshi, yaqin do‘stlaridan biri, Mishel Slot mashina urib yuborishi oqibatida nogiron bo‘lib qolsa, Alen Gerton Osiyoga sayohat paytida virus yuqtirib oladi va vafot etadi.

Jan-Pyer 19 yoshida harbiy klub — «Antanta Banio Fontenblo Nemur»ga o‘tadi. Bu ham havaskorlar jamoasi edi, ammo Adams buni oldinga tashlangan jiddiy qadam sifatida qabul qiladi. Afsuski, hali quvonishga erta edi. Xizmat boshlanishi bilan u yana bir sinovga duchor bo‘ladi – Adams va uning do‘sti avtohalokatga uchraydi. Futbolchining o‘ng ko‘zining tepasidagi chandiqlar bir umrga saqlanib qolgan bo‘lsa, do‘sti voqea joyida vafot etadi.

Jan-Pyer bir necha oydan so‘ng o‘ziga keladi, biroq bu vaqtga kelib u sport formasini yo‘qotgandi. 1968 yilda Montarjidagi tungi klubda yoqimtoygina malla soch qiz Bernadett bilan uchrashib qoladi. U svingni (60 yillarda mashhur bo‘lgan jaz raqsi) yaxshi ko‘rardi.

«Men faqat raqsga tushardim. Uchrashganimizda u mushaklari tog‘dek yigit bo‘lgan. U men kabi juda xushchaqchaq va dam olishni yaxshi ko‘rar edim», – deb eslaydi qiz The Times gazetasiga bergan intervyusida.

Ayol ishchilar oilasidan, otasi oddiy quruvchi bo‘lib ishlardi va qizining qandaydir qora tanli bilan yaqin munosabatlarda bo‘lishiga unchalik xayrixohlik bildirmagan. Onasi esa bunga uzoq vaqt davomida qarshilik qiladi va to‘yga rozilik bermaydi. Shu bois Bernadett, hatto uydan qochib ketishgacha boradi. Ammo bir yildan keyin to‘y bo‘ladi va ular qizning ota-onasi bilan yarashib oladi.

«Dastlab oilam uchun buni qabul qilish juda qiyin bo‘lganini rad etmayman. O‘sha paytlarda qora tanli erkak va oq tanli ayol juftligi unchalik yaxshi qarshilanmasdi. Shunga qaramay biz birga yashay boshladik va turmush qurishga qaror qildik. Ota-onamga yangilikning o‘zi va to‘y kuni haqida xabar berdim va taklifnoma yubordim. Onam bizni kechki ovqatga taklif qildi. Shundan so‘ng hamma narsa ko‘ngildagidek bo‘lib ketdi, ular Adamsni mendan ham ko‘proq yaxshi ko‘rib qoldi. ‘Jan-Pyer, Jan-Pyer’ deya ular faqat Jan-Pyer haqida gapirardi», — deya eslaydi Bernadett.

Adams jamoada tezda asosiy va yetakchi o‘yinchiga aylandi. Yorqin o‘yinlari bilan 22 yoshida Liga 1 klublarining qiziqishiga erishdi. U «Nim» klubida ko‘rikdan o‘tadigan bo‘ldi. O‘rtoqlik uchrashuvi Ruan shahrida bo‘lib o‘tdi. Adamsni u yerga Bernadett olib bordi.

Birgina o‘yinda Jan-Pyer murabbiylar shtabiga shunchalik qattiq ta’sir qila oldiki, ular darhol u bilan professional shartnoma imzoladi. «Senda yosh bo‘rining barcha xislatlari bor, agar ishlashdan to‘xtamasang, haqiqiy timsohga aylanasan («Nim» klubining laqabi – tahr.)», – degandi taniqli murabbiy Kader Firud futbolchiga.

Adams «Nim»ga o‘tguniga qadar hujum chizig‘ida o‘ynardi. Yangi klubda esa u asta-sekin hujumchidan yarim himoyachiga, yarim himoyachidan himoyachiga aylantirildi. Bu esa Adamsga yoqmasdi va hatto jamoadan ketmoqchi ham bo‘ladi. Biroq Firud uning faoliyatida muhim o‘rin tutadi va uni jamoada olib qoladi.

O‘sha vaqtlarda «Nim» so‘nggi yillardagi kabi o‘rtamiyona va autsayder emasdi, balki o‘z tarixidagi eng yaxshi davrlarni o‘tkazayotgan, chempionlik va Yevrokuboklar uchun kurashayotgandi.

«Nimliklarning kuchli himoyasida tom ma’nodagi ustun, kuchli, g‘ayrioddiy sportchi bor. Bu Jan-Pyer Adams! Men har doim yiliga ikki marta bo‘ladigan Adams bilan to‘qnashuvdan cho‘chirdim va doimo o‘zimni chetga olishga harakat qilardim», – degandi «Nant»da o‘ynagan Argentina milliy terma jamoasining sobiq sardori Anxel Markos.

«Nissa» klubi fizioterapevti hech qachon Adamsniki kabi baquvvat mushaklarni ko‘rmaganligini aytgan ekan. «U shimlarni tikuvchilarga alohida buyurtma berardi, chunki odatdagilari unga mos kelmasdi», – deydi Bernadett.

Adams 24 yoshida Fransiya terma jamoasiga birinchi marta chaqiriladi. Va ushbu jamoaning birinchi qora tanli o‘yinchilaridan biriga aylanadi. O‘shanda Fransiya terma jamoasi turg‘unlik davrini boshdan o‘tkazayotgan o‘rtamiyona jamoa edi. Biroq bu futbolchiga o‘z ta’sirini o‘tkazmadi. «U tabiatan kuchli va qat’iyatli, shu bilan birga oliyjanob qalb egasi edi», – deydi u haqida o‘sha paytdagi terma jamoa sardori Anri Mishel.

Adams himoya markazida Marius Trezor bilan kuchli juftlik yarata oldi. Shu bois fransuz matbuotida ularga «Qora gvardiya» deb nom berildi, chunki ular bir-birining o‘rnini to‘ldirardi. Adams ko‘proq atletik va tezkor bo‘lsa, Trezor og‘irroq harakat qilsa-da, texnika borasida unda muammo yo‘q edi. «Adams va Trezor butun Yevropaning eng yaxshi markaziy himoya juftliklaridan biri», — deya ularni maqtagandi Frans Bekkenbauer.

Jan-Pyer maydon tashqarisida ham stadiondagidan kam bo‘lmagan. Hayotdan zavqlanar, xushbichim kiyimlarni yaxshi ko‘rardi. «U har doim xushchaqchaq yurardi va hayotni sevardi, shu bilan birga uni ham ardoqlashardi», – deydi Bernadett.

1973 yilda Adams «Nissa»ga ko‘chib o‘tadi. O‘sha paytlarda klubda hammasi joyida bo‘lgan. Moliyaviy masalalar bo‘yicha hech qanday muammolar bo‘lmagan. Hatto braziliyalik mashhur Jairzinyoni ham jalb qilmoqchi bo‘lishgan.

U yerda Adams uch mavsumni o‘tkazadi va muntazam terma jamoaga chaqirilib turadi va 22 ta o‘yin o‘tkazadi. Jamoa yuqori o‘rinlarga intilsa-da, chempion bo‘lolmasdi. Adams esa tez-tez jarohat olardi. Shu bois terma jamoadagi o‘rnini boy berib qo‘yadi va oldingi darajasiga qaytolmadi. Keyin esa «Nissa»dan ketishga to‘g‘ri keladi.

Shundan keyin u PSJ taklif qilindi. Parij klubi o‘sha paytlardan boshlab yulduzlarni yig‘ishni boshlagandi. Afsuski, Parijda Adamsning omadi unchalik ham yurishmaydi.

Keyin esa «Myuluz»dagi qisqa faoliyat va shu bilan uning professional faoliyati deyarli yakunlanadi.

«Shalon» fransuz futbolining beshinchi divizionida — havaskorlar darajasida o‘ynardi. Adams jamoada o‘ynovchi murabbiy sifatida harakat qila boshlagan.

Fransiya terma jamoasining sobiq o‘yinchisi mo‘’jazgina jamoaning qiyofasini o‘zgartirib yuborgandi. Endi stadion tribunalari to‘lib-toshardi.

Uning «Shalon»dagi faoliyati ham yomon o‘tmaydi. Jamoa to‘rtinchi divizionga yo‘l oladi. Adams esa 1981 yilning yozida Jan-Pyer futbolchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylikka e’tibor qaratadi. Adams har hafta Burgundiyaning eng yirik shahri Dijonda o‘quv kurslari o‘tardi. Biroq uchinchi kunga kelib, u tizzasini shikastlab oladi – bu uni faoliyatining boshidan beri tinch qo‘ymayotgan jarohat edi.

Keyin nima bo‘lganini yaxshi bilasiz. Lionga operasiya uchun keladi. Odatiy kun, chorshanba. Nima ham bo‘lishi mumkin? O‘sha kuni shifokorlar ish tashlagan va xodimlar odatdagidan ancha kam edi.

Bir necha soat o‘tishiga qaramay, Bernadettning ikki qo‘ng‘irog‘iga javob berilmaydi. Bu esa uni xavotirga sola boshlaydi. Vanihoyat uchinchi qo‘ng‘iroqdan keyin jiddiy va qo‘rqinchli ovozda shunday deyiladi: «Bernadettmi? Tezda yetib keling».

Bundan ayol o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. U o‘g‘illari – Loran va Frederikni ota-onasiga qoldirib, klubning ikki xodimi bilan Lionga boradi.

U yerga borgach, Jan-Pyerning komaga tushib qolgani biladi. Jarrohga yordam bergan anesteziolog shprislarni adashtirib qo‘ygan ekan. Adamsni bir necha soat uxlatishi kerak bo‘lgan dori o‘rniga uni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan dori yuboriladi. Bernadett palatada bir necha kunni tanaffussiz o‘tkazadi, biroq eri hushiga kelmaydi. «Men uning to‘shakda yotganini ko‘rdim, hamma joyiga naychalar ulangandi. Besh kun kasalxonadan chiqmadim. Men uning hademay uyg‘onishiga ishonardim va men uning yonida bo‘lishim kerak edi», – deydi Bernadett.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ish tashlash tufayli xodimlar kamligi uchun bir shifokor sakkizta bemorga qarashi kerak bo‘lgan, ulardan biri og‘ir ahvoldagi yosh bola bo‘lib, alohida e’tiborga muhtoj edi. Bundan tashqari Adams uzoq vaqt yotishga mo‘ljallanmagan to‘shakka yotqiziladi. Shu sababli hatto yostiqlardan biri sirg‘alib yerga tushib ketadi. Adams yomon intubasiya qilinganligi sababli, bitta naycha o‘pkaga olib boradigan yo‘lni to‘sib qo‘yadi va unga havo yetib bormaydi. Kislorod butun tanaga tarqalmaydi. Bu yurakning to‘xtashiga va Jan-Pyerning komaga tushishiga sabab bo‘ladi.

Vaziyatni murakkablashtirgan jihat, Adamsning tajribali shifokor tomonidan emas, balki stajyor tomonidan kuzatilganidir. U xatosini sudda ham tan oladi: bemor terisining qora rangdaligi tufayli anafilaktik shok holatida ekanini tushunolmaydi – oq terida bu holat moviy tus oladi.

Uch hafta o‘tgach, Adams uyg‘onadi. Ammo miyaning shikastlanishlari oqibatlari dahshatli edi, tana harakatlanishdan to‘xtadi. Jan-Pyer vegetativ (miya yarimsharlarining lat yeyishi yoki funksiyasi buzilishi natijasida ruhiy faollikning yo‘qolishi, ammo vegetativ va harakatlanish reflekslarining saqlanib qolishi) holatga tushib qoladi.

Noyabr oyida Fransiya terma jamoasining sobiq o‘yinchisi uyiga yaqinroq bo‘lgan Shalon kasalxonasiga olib kelinadi. U yerda Bernadett har kuni shifoxonaga kelishi mumkin edi. Ammo erining ahvoli yomonlashardi: kuchli va baquvvat odam bir oyda 11 kilogramm vazn yo‘qotadi, jarohatda yallig‘lanish paydo bo‘ladi va infeksiya suyaklargacha yetib boradi. Yana bir operasiya o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.

Vaziyat birmuncha barqarorlashdi. Biroq to‘qqiz oydan so‘ng, shifoxona xodimlari yelka qisib: «Biz qo‘limizdan kelganini qildik», – deydi. Shifokorlar Bernadetga erini malakali mutaxassislar kuzatishi mumkin bo‘lgan qariyalar uyiga yuborishni maslahat beradi.

«Ular unga qanday g‘amxo‘rlik qilishni biladi deb o‘ylamayman, shuning uchun uni uyga olib keldim. O‘shandan beri unga o‘zim g‘amxo‘rlik qilaman», – deydi Bernadett.

Adams ma’lum kognitiv funksiyalarni saqlab qolgan: ko‘zlarini ochadi, nogironlar aravachasida o‘tiradi, ovqatlanadi, lekin harakat qilolmaydi va gapira olmaydi. Bernadett esa uning gaplarni tushunishiga va ovozlarni eshitishiga ishonadi.

Bernadettni qo‘rqadigan narsa – eridan oldin hayotdan ko‘z yumish. «Unga kim g‘amxo‘rlik qiladi? Mensiz u nima qiladi», – deydi ayol.

1982 yilda Adams komaga tushganidan so‘ng, Bernadett qiyin moliyaviy ahvolga tushib qoladi. Kasalxona aybini tan olishni istamagani uchun hech narsani qoplab bermaydi.

Unga futbol yordam beradi: federasiya, liga va terma jamoaning sobiq o‘yinchilari.

PSJ, «Nim» hech qanday muzokaralarsiz Bernadettga pul o‘tkazib turadi. Fransiya futbol federasiyasi tomonidan ham haftasiga pul o‘tkazmalari amalga oshirilib turiladi.

Faqat 1989 yilga kelibgina shifokorlarning xatosi isbotlanadi. Buning uchun 12 yil kerak bo‘ldi va shu vaqt davomida futbol oilaga moddiy tomondan ko‘mak berib turdi. «Agar futbol olami qo‘llab-quvvatlamaganida, bizning ahvolimiz ne ko‘yga tushishini o‘ylashning o‘zi og‘ir», – deydi Bernadett.

«Men uchun vaqt 1982 yilning 17 martida to‘xtab qolgandek. Yomon ham, yaxshi narsalar bo‘lmaydigandek», – deb afsus bilan eslaydi Bernadett.

Adamsga evtanaziya taklif qilingan, ammo Bernadett bunga qarshi. Jan-Pyerning do‘sti Marius Trezor esa boshqacha fikrda. U do‘stligiga qaramay, biror marta sobiq jamoadoshini ko‘rishga kelmagan. Boisi, u kuchli his-tuyg‘ulardan qo‘rqadi. «Agar Jan-Pyer uyg‘onsa ham, hech kimni tanimaydi. Shunday yashab bo‘ladimi? Agar men bilan bunday narsa yuz bersa, rafiqamga meni bunday saqlamaslikni aytaman», – deydi Trezor.

Ammo Bernadett 38 yildan ko‘proq vaqt davomida Jan-Pyerga g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda. Jan-Pyer hozir 72 yoshda, er-xotin shuncha yildan gaplashmaydi, ammo Bernadett hamon bir kun kelib tibbiyot erini qaytarishiga ishonadi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 09:45, 18.05.2020.
O'qildi: 6543 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.