Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

23 may — YECHL finallar bo‘lgan kun

23 may — YECHL finallar bo‘lgan kun

Baho:
+ | -

2007 YECHL finali o‘tkazilgan sana. 2005 yili o‘zaro hisob-kitob qilgan Milan va Liverpul yana hal qiluvchi bosqichda. Faqat stadion Istanbulda emas, Afinada. Nisbatan ana shunday hissiyotlar ulashishi mumkin bo‘lgan o‘yingohda.

Milan ham, Liverpul ham YECHLga o‘z chempionatida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib chiqqan, guruh bahslarini g‘olib sifatida yakunlagan edilar. Ya’nikim, milliy birinchiligidan umidini uzgan klublarning kubok bahslariga xarisligi ko‘riladi. Pley-offda ham ikki jamoa mardonavor yo‘l bosib keldi. Milan Seltikni overtaymda yengib olgan, Bavariyani yer tishlatgan va yarim finalda Manchester Yunaytedni to‘xtatgan bo‘lsa, Liverpul dastlab turnirning rasmiy chempioni – Barselonani mag‘lub etdi, mehmonda urilgan gol evaziga, albatta, so‘ng nisbatan yengilroq raqib – PSV, yarim finalda esa Chelsi qarshiligini sindirib Afinadagi Olimpiya o‘yingohiga kirib keldi.

Ikki yil oldin Istanbulda nedir mo‘jiza sodir bo‘lganidan barchaning xabari bor. Bu narsa ayniqsa, Karlo Anchelotti va uning shogirdlarini qattiq o‘ylantirgan edi. Bu safar ham Milan hisobni ochdi, ammo tanaffusga jamoani xotirjam qilguvchi yirik hisob bilan chiqib ketmadi. 1:0 – birinchi bo‘lim uchun ideal hisob. Raqib mushkul holda bo‘ladi, yengayotgan jamoa haddan tashqari xotirjamlikka berilmaydi. Filippo Indzagi dublini yo‘llagan payti o‘yin tugashiga sakkiz daqiqa qolgandi. Liverpul bir golni so‘nggi daqiqada urdi, to‘g‘ri, ammo ikki yil oldingi ishini takrorlay olishiga vaqt ham yetmadi, tanaffusdagi ko‘rsatmalar ham bo‘lmadi. Milan xatosini to‘g‘rilagan sana va muxlislari uchun oxirgi bor Yevropani zabt etish marosimi. O‘shandan buyon rossoneri tiffozisi o‘sha Milanni kutmoqda.O‘sha oltin to‘pni oladigan yigitlarini, Pippo-gollarini...

——

Asrimiz avvaliga ham yo‘l olamiz. 2001 yilgi YECHL finali ham shu kunga belgilangan va o‘sha davrning ajoyib bir jamoasi ishtirokida navbatdagi fiasko bilan tugagani yodimizda. Valensiya! Bir yil oldin ham finalgacha borgan, so‘nggi manzilda Madridning Realiga yirik hisobda yengilgan ko‘rshapalaklar “San Siro”dagi finalga ham viqor bilan yetib kelishdi va bu safar xato to‘g‘rilanadi, deb muxlislarini ishontirishdi. Yo‘q, qarshi tomonda ikki yil oldingi xatosini to‘g‘rilash niyatida kelgan Bavariya ham bor ediki, myunxenliklar bu safar “Kamp nou”dagi alamli natija uchun ham ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatishdi.

Bilasiz, hamma YECHL finallarining nomi bor. Undagi voqeadan kelib chiqib, stadiondan yo qay bir jamoaning yubiley natijasidan kelib chiqib har bir finalni nomlab keladilar. Men bu finalni penalti finali deb nomlagan bo‘lardim. Chunki uchrashuvning boshidayoq Mendiyeta penaltidan hisobni ochgan. Aynan Gaiska shu ishni qilgani muhim ediki, penalti haqida gap ketganida noanig‘i borasida Badjoni, aniqlari borasida ispan iqtidorini eslaydilar. Sal o‘tib Mehmet Sholl penaltidan foydalana olmaydi. Demak, olti daqiqa ichida urilgan penalti ham bor, noaniq penalti ham. Bavariya hisobni baribir penaltidan tenglashtirgan. Effenberg – gol muallifi.

O‘yinda g‘olib aniqlanmagach, jamoalar penaltilar seriyasiga taklif etiladi. Bu borada ham turlicha yondoshuvni ko‘ramiz. Beshtadan zarba kifoya qilmagan g‘olibni aniqlashga. Seriyani Mendiyeta boshlab bergani yana o‘sha gapni eslatadi bizga. Bavariyaning asablari chidamliroq chiqdi va jamoa ikki noaniq zarbadan so‘ng boshqa xato qilmadi. Valensiyada esa, omadsizlar soni uchta ediki, bu klubning qatorasiga ikkinchi marta turnirni boy berishiga yetarli bo‘ldi.

Bunaqa uchrashuvda eng yaxshi o‘yinchi kim bo‘ladi? Albatta, darvozabon. Va u tabiiyki yutgan klub vakili. Oliver Kan bir yildan so‘ng Osiyoda o‘tadigan mundialda ham qahramon bo‘lishidan oldin shu nomni YECHLda qo‘lga kiritgan noyob kiperlardan edi. Ektor Kuper shu o‘yindan so‘ng finalda yengiluvchi mutaxassis nomini olganini ham eslab o‘tsak, o‘rinli bo‘lardi.

Xayrulla Hamidov

Manba: @xayrulla_hamidov
Kiritildi: 09:23, 23.05.2020.
O'qildi: 5217 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.