Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Harbiy asirlikdan JCH finaligacha yetib kelgan aka-ukalar qissasi

Harbiy asirlikdan JCH finaligacha yetib kelgan aka-ukalar qissasi

Baho:
+ | -

Stadion.uz ikkinchi jahon urushidan ozor ko‘rgan aka-uka futbolchilarni yodga oladi.

Ikkinchi jahon urushining ilk yangiliklari butun Yevropani qamrab oldi. Har soatda radio orqali vaziyatning chigallashayotgani haqida xabar berilar, ammo bu ma’lumotlarni aka-uka Valterlarga deyarli ahamiyati yo‘q edi. Fris, Lyudovig va Ottmar uchun birinchi o‘rinda futbol edi! Bu uch aka-uka allaqachon «Kayzerslautern” jamoasi a’zosi. Boz ustiga, ularning kattasi Fris Germaniya terma jamoasidan chaqiruv olishga ham ulgurgan. Afsuski, 1942 yilda yigitlar futbolni harbiy xizmatga almashtirishga majbur bo‘lishadi. Fris va Lyudovig oddiy askar sifatida jangga kirgan bo‘lsa, ularning kichigi – Ottmar dengiz flotiga ravona bo‘ldi. Bu yigitlarning barchasi urushning qonli to‘qnashuvlarida ishtirok etishdi, ammo bir daqiqa ham futboldan voz kechishmadi.

Aka-ukalarning kichigi uchun Urush nisbatan erta yakunlandi. Janglardan birida oyog‘idan jarohat olgan Ottmar uzoq vaqt harbiy gospitalda yotdi. Uning yana avvalgidek jangga kira olmasligini anglagan doktorlar ortga, uyga jo‘natib yuborishdi. Achinarlisi shundaki, Ottmarning akalari urushning ilk yilidayoq asrga tushib qolishdi. Avvaliga Britaniya razvedkasi tomonidan qo‘lga olingan aka-ukalar, keyinroq Sobiq Sovet davlati tasarrufiga o‘tdi. Fris va Lyudovigni Sibirga jo‘natib yuborish borasida qaror qabul qilingan edi, ammo futbolni juda ham sevuvchi Mayor Jukov vaziyatga aralashishga qaror qildi. Jukov aka-ukalar bilan futbol haqida miriqib suhbatlashar, ularni tez-tez xonasida mehmon qilar edi. Keyinroq, Mayor nima uchun ularni Sibir safaridan olib qolganini quyidagicha izohlagan edi:

“Bilasizmi, men ularning ko‘zlarida «fashist» nigohini ko‘rmadim. Ular shunchaki "Kayzerslautern” futbolchilari edi!”

Mayor Jukovning jonbozligi sababli aka-uka Valterlar Fransiya hukumatiga topshirildi. Shu tariqa 1945 yilning kuzida Fris va Lyudovig o‘z vataniga qaytib keldi. Endi hammasi joyida, barcha birga deb o‘ylamang! Bu yigitlar urush sababli o‘z sog‘lig‘idan ayrilishadi. O‘g‘illarning kattasi teri kasalligini orttirib olgani uchun quyosh tig‘ida uzoq qola olmas edi. Lyudovig kontuziyani boshidan kechirgani bois, futbolga qaytishni o‘ylab ham ko‘rmadi. Ottmar esa, oyoqdagi jarohati bilan Germaniyaga qaytib keladi.

Valterlarning onasi o‘sha davrlarni quyidagicha xotirlaydi:

«3 yil davomida azob, ochlik, qiyinchilik ko‘rgan yigitlar yana jonajon uyda, oshxona oldidagi pechka oldida yig‘ilishdi. Ular negadir urushdagi voqealar haqida so‘zlashni yoqtirmas edi. Ularni faqat futbol bog‘lab turgandek go‘yo.»

Darhaqiqat, futbolga bo‘lgan muhabbat bu yigitlarni ruhan sinib qolishdan asragani rost. Afsuski, boshidan jarohat olgan Lyudovig futbolga qayta olmadi. U korxonalardan biriga hisobchi bo‘lib ishga qaytdi. Fris sekin-asta mashg‘ulotlarga qo‘shildi. Ottmar ham biroz oqsoqlanishiga qaramay, yana yashil maydonga qaytdi. Urushning eng qaynoq o‘choqlaridan qaytib kelgan aka-aku Valterlarni «Kayzerslautern» yana o‘z bag‘riga oldi. Ushbu klub rahbarlari bu yigitlarni shunchaki rasmiyatchilik uchungina o‘z safiga qo‘shib olgan edi, ammo yakunda…

Fris va Ottmar 4-4-2 sxemasida to‘p suruvchi klubning oldingi chizig‘idagi hujumlariga aylandi. Vaqti o‘tadi, ammo iqtidor qoladi. Bu jumlani qahramonlarimizga ishlatsak, adolatdan bo‘ladi. Ular og‘ir ruhiy va jismoniy azoblardan so‘ng, yana futbolga qaytishdi. Buni tom ma’nodagi qaytish desa bo‘ladi. Quyoshdan himoya qilishi uchun doimo uzun futbolka kiyib yuruvchi Fris va oqsoqlanib bo‘lsada katta tezlikda chopishga intilayotgan Ottmar! Ularni yashil maydonda bir tasavvur qilib ko‘ring! Ahil aka-ukalar maydonda bir-birini so‘zsiz tushuna olar edi. Shu sababli, klub murabbiyi ularni hujumchilarga aylantiradi. Gavdasi kattaroq bo‘lgani uchun Fris asosan ikkinchi qavatdagi kurashlarda faol bo‘lsa, Ottmar to‘p bilan qisqa masofaga tezlik namoyish etishda usta edi. Aka-uka Valterlar bu omillarni jam qilgan holda ajoyib hujum tandemini hosil qiladi.

Avvaliga mahalliy birinchilikda ko‘z tashlangan hujumchilar, 1951,1953 yillarda Germaniya chempionligini qo‘lga kiritadi. Ularning nomi gazeta muqovalaridan tushmay qoladi. Urushning qonli nuqtasidan qaytgan, futbolga o‘zini bag‘ishlagan yigitlar jurnalistlarning qurshovida qolib ketishadi. G‘arbiy Germaniya davlati tashkil etilgach, ularga terma jamoadan chaqiruv keladi. Vaholanki, Valterlarning kattasi o‘sha paytda 34 yoshga qadam qo‘ygan edi.

1954 yilda o‘tkazilgan Jahon Chempionati formati biroz g‘alatiroq bo‘lsada, uni rasman tashkil topgan deb hisoblashadi. Shveysariyada bo‘lib o‘tgan musobaqaning ilk uchrashuvida FRG asosiy favorit Vengriya bilan to‘qnash keladi. Favorit o‘z nomini oqlaydi va nemislarni 8:3 natijasi bilan tor-mor keltiradi. E’tiborlisi shundaki, FRG bu mag‘lubiyatga ortiqcha e’tibor qaratmaydi va harakatda davom etadi. 8:3 natijasidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, aka-ukalar terma yetakchiligini o‘z qo‘liga oladi. Ular bir-biridan og‘ir uchrashuvlarda g‘alaba qozonib finalga qadar yetib kelishadi. Finalda esa, o‘sha davrdagi sayyoramizning eng kuchli jamoasi – Vengriya bilan to‘qnash kelishadi.

Guruh bosqichidagi alamli mag‘lubiyatga qaramay, nemislar 90 daqiqa maydonda jang qilishadi. Oqibatda, 2:3 nemislar foydasiga! Aynan o‘sha mag‘lubiyat sababli vengerlar futbolida keskin pasayish kuzatiladi. Keyinroq siyosiy sabablarga ko‘ra, terma jamoa tarqatib ham yuboriladi.

Aka-uka Valterlar esa ortga Jahon chempioni unvoni bilan qaytib kelishadi. Nemis tarixchilarining yozishicha, o‘sha musobaqada Fris va Ottmar nemis xarakteri, nemis kurashuvchanligini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘yadi.

1955 yilda Amaldagi Jahon chempionlarini Moskvaga taklif qilishadi. Sobiq sovet terma jamoasi bilan uchrashuv tashkillashtiriladi. Urushning sovuq shamoli esishdan to‘xtagan, davlat rahbarlari ancha yumshagan kezlar edi. Shunga qaramay, bu uchrashuvga bo‘lgan qiziqish butun dunyoni o‘z ichiga qamrab oladi. O‘yinni stadiondan yoritish maqsadida deyarli 200 ga yaqin sport jurnalistlari Moskvaga yetib keladi. Bir yil avval sayyoramizning eng kuchli futbolchi nomini qo‘lga kiritgan Fris Valter terma jamoa sardori sifatida Moskvaga tashrif buyuradi.

Uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq urush faxriysini stadion hushtaklar bilan kutib oladi. Butun hayoti davomi kurashlardan iborat bo‘lgan «Kayzerslautern» futbolchisi bunga e’tibor qaratmaydi. Uning maydondagi driblingi, erkin harakat qilishi sekin-asta hushtaklarni qarsaklarga almashtiradi. Ayniqsa, Sobiq sovet futbolchisi Kolya Parishin va Fris Valter o‘rtasidagi kichik epizod muxlislarni hayratda qoldirgan bo‘lsa, ajab emas.

Maydon egalari futbolchisi Parishin Fris bilan to‘qnashib ketadi. To‘p Frisda qolgan bo‘lsada, hujumchi o‘yinni davom ettirmaydi. U raqibi tepasiga keladi va shifokorlarni maydonga chorlaydi. Tibbiy yordam yetib kelgach, Fris Parishinni o‘rnidan qo‘zg‘alishi uchun yordam beradi va uni suyagancha maydon chetiga olib chiqib qo‘yadi. Aynan shu voqeadan so‘ng, Moskvadagi markaziy stadionga yig‘ilgan muxlislar «tanganing ikkinchi tomoni» ko‘rishni boshlashgan bo‘lsa, ajab emas.

Do‘stona o‘tgan uchrashuv yakunlangach, butun stadion Frisni o‘rnidan qalqib olqishlaydi. 90 daqiqa ichida sobiq dushmanlarni ko‘nglidan joy olishni uddalagan Fris muloyim jilmaygancha maydonni tark etadi. Hatto uning maydondagi harakatlari haqida rus shoiri Evgeniy Evtushenko she’r ham bitadi.

Moskvada bo‘lib o‘tgan 10 yillikning eng muhim uchrashuvida Valterlarning kichigi ishtirok etmaydi. U og‘riq bilan to‘p surgani sababli 31 yoshida futboldan ketishga majbur bo‘ladi. Fris esa, «Kayzerslautern» va terma jamoa safida 38 yoshga qadar to‘p tepadi.

Futbol karyerasi yakunlangach,ular o‘z shaharlarida istiqomat qilishni boshlaydi. Ottmar futboldan ketishni yuragiga juda yaqin oladi. Hatto o‘z joniga qasd qiladi, biroq unga shifokorlar vaqtida yordam berishadi. Keyinroq,o‘zini biznesga uradi. Lyudovig hisobchilik bilan shug‘ullanishda davom etadi. Aynan u 1999 yilda aka-ukalar orasida birinchi bo‘lib vafot etadi. Valterlarning kattasi esa, Kayzerslautern shahri ramziga aylanadi.

1985 yilda ushbu shahar nomi ostida to‘p suruvchi klub stadioniga uning nomi beriladi. Qahramonimiz jahon chempionati uchrashuvlarini o‘z nomi berilgan stadionda tomosha qilishni orzu qilar edi, biroq 2002 yilda 81 yoshda olamdan ko‘z yumdi. Uning orzusi esa, 4 yildan so‘ng amalga oshdi. Ottmar 89 yoshda olamdan o‘tdi.

Butun umr akasining soyasida qolgan hujumchi vafoti Kayzerslautern shahrida katta motam e’lon qilinishiga sabab bo‘ldi. shahar aholisi tarixning bir bo‘lagiga aylangan aka-ukalarning so‘nggisini katta ehtirom bilan oxirgi manzilga yetkazib qo‘ydi. «Fris Valter Shtadion» arenasining g‘arbiy tribunasiga Ottmar Valter nomi berilgach, Ottmar akasinin  soyasida qolishda davom etdi.

Oleg Litvinning tarixiy hikoyalari asosida Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev tayyorladi.

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 12:01, 28.09.2020.
O'qildi: 6663 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.