Stadion.uz transfer oynasidagi eng muhim voqealar bilan tanishtirib o‘tadi.
Yevropaning kuchli ligalari uchun transfer oynasi rasman yopilganidan xabaringiz bor. «Manchester Yunayted» so‘nggi kundan unumli foydalandi va Tellasni «Portu»dan sotib oldi. Shuningdek, erkin agent sifatida klub izlayotgan Kavani bilan shartnoma imzoladi. Transfer oynasidagi eng katta summa evaziga qo‘lga kiritilgan futbolchilar bilan tanishing.
Alvaro Morata Turin super klubi tomonidan ijaraga olindi. «Yuve» Moratani 10 million yevro evaziga ijaraga oldi. Shuningdek, 45 million yevro evaziga to‘liq sotib olish huquqini ham qo‘lga kiritdi. Morata o‘z uchun ideal liga qidirishda davom etayotgan hujumchi, ammo «Yuve» uni to‘liq sotib olmasligi deyarli aniq.
Artur yuqoridagi ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni egalladi. Bunga sabab sifatida «Barselona» va «Yuventus»ning ayyorona rejasini ko‘rsatishimiz mumkin. Ayniqsa, Kataloniya klubi ushbu transfer orqali moliyaviy muammolarning bir qanchasini bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘tgan mavsumda APLni zabt etgan «Liverpul» juda kamtarin ko‘rindi. Jamoa Jotaning transferini amalga oshirish uchun ham turli moliyaviy kombinasiyalarni ishga solishga majbur bo‘ldi. Shu bois, «Mersisaydliklar»ni transfer oynasida faol bo‘ldi deyish noo‘rin.
Jonatan Devid ismi ko‘pchilikka notanish bo‘lishi mumkin. 20 yoshli yana iqtidor egasi bilan tanishing! U o‘tgan mavsumda Belgiya chempionatida 23 ta gol kiritdi va top klublar e’tiboriga tushdi. Devid 70 million yevro evaziga «Napoli»ga o‘tgan Osimxenni o‘rnini to‘ldirish uchun sotib olingan aktiv.
«Chelsi»dan tashqari yana «Siti» klubi ham og‘ir vaziyatda 100 million yevrodan ortiqroq sarf etishga qaror qildi. Pep Gvardiola o‘z odatiga sodiq qolgan holda yana qimmatbaho himoyachini tarkibga qo‘shib oldi. Diash va Ake uchun jamoa 104 million yevroning bahridan o‘tdi. Shuningdek, «Lids» ham pul sarf etishda boshqalardan qolishmadi. Jamoa ushbu transferlar uchun APLning turli homiylaridan kelib tushgan pullarni ayamay sarflamoqda.
Milliy birinchiliklar orasida «tumanli albion» qolganlardan bir qadam oldinda. Ingliz klublari pandemiya chog‘ida ham o‘z odatiga sodiq qoldi va transfer bozorida juda faol bo‘ldi. Boz ustiga, 16 oktyabrga qadar bu summa yana oshib ketishi mumkin. Sababi, AFA qoidalariga ko‘ra, elita vakillari ushbu sanaga qadar quyi ligadagi futbolchilar bilan shartnoma imzolash huquqiga ega.
E’tiborlisi shundaki, APLning birdaniga 5 ta klubi o‘zining transfer rekordini yangiladi. «Vulverhempton», "Aston Villa«, »Lids«, »Sheffild Yunayted«, »Vest Brom« klublari qatoriga »Manchester Siti" ham qo‘shilishi mumkin. Gap shundaki, jamoa Diash uchun qo‘shimcha bonus tariqasida yana 3 million to‘lashi lozim. Ushbu summa to‘lansa, kluib tarixidagi eng qimmat futbolchi nominasiyasi Rodridan Ruben Diashga o‘tadi.
Madridning «Real» klubi 40 yillik rekordni yangilashga qaror qildi. Ushbu klub transfer bozorida so‘nggi bor 1980 yilda hech qanday xarid qilmagan edi. Florentina Peres «Santiyago Bernabeu»ni ta’mirlash maqsadida 600 million yevro sarf etdi. Ayni damda, klub g‘aznasida yangi futbolchilar uchun pul yo‘q. Qo‘shimchasiga, jamoa transferlar yordamida 100 million yevro sof daromad olishga muvaffaq bo‘ldi. Xakimi va Regilonlarning boshqa klubga qo‘yib yuborish ortida jamoa 70 millionga ega bo‘lgan bo‘lsa, Xamesni «Everton»ga qo‘yib yuborish qo‘shimcha 25 million daromad olib keldi. Bundan tashqari, klub Beylni «Tottenhem»ga ijaraga berib maosh borasida biroz yengil tortdi. Ispan nashrlarining ma’lum qilishicha, Florentina Peres shu yo‘sinda Kilian Mbappening transferi uchun pul jamg‘armoqda.
Kataloniyaning «Barselona» jamoasi transfer oynasi yakunida kichik foyda ko‘rdi. To‘g‘ri, «Real» singari jamoa bu borada peshqadam bo‘lmadi, ammo 2,5 million yevro foyda ham chakki emas. Asosiysi katta yo‘qotish kuzatilmadi. Jamoa katta maosh olishiga qaramay, Messini jamoada saqlab qoldi. Uning maoshini yetkazib berish uchun esa, Rakitich, Vidal, Artur, Semedu, Peres va Kukureliyalarni boshqa klubga ravona qildi. Dembeleni esa, jamoa 60 million yevro evaziga ham sotib yubora olmadi. Afsuski, qariya futbolchilarning transferidan kelib tushgan pullar Dest, Trikao va Pyanichning transferi uchun yetdi xolos. O‘tgan mavsumdagi pandemiya sababli «Barselona» 120-140 million yevro zarar ko‘rganini rasman tan oldi. Bu mavsumda media sohasida katta o‘zgarishlar bo‘lmasligi aniq. shu bois, jamoa ehtiyotkor taktikada ish ko‘rmoqda.
«Valensiya» jamoasi ham katta moliyaviy qiyinchiliklar to‘sig‘iga uchradi. Shu bois, jamoa o‘z yetakchilarini ko‘tarasiga sotuvga qo‘yishga majbur bo‘ldi. «Rodrigo» (30) «Lids»ga, Torres (23) «Siti»ga sotib yuborildi. Koklen esa, «Vilyareal»ga 6,5 million yevro evaziga qo‘yib yuborildi.