Norvegiya milliy terma jamoasi hamda Dortmundning "Borussiya" klubi hujumchisi Erling Braut Holand o‘tgan mavsumda katta sahnaga chiqqan yulduzlardan biri bo‘ldi. Uning maydonni ko‘ra olishi, kuchli va aniq zarbalari hamda start tezligining yuqori ekanligi muxlislar e’tiborini jalb qila oldi. 20 yoshli iqtidor egasi 2020 yilning yanvar oyida "Borussiya Dortmund" safiga kelib qo‘shilgandi. Germaniya Bundesligasida Robert Levandovski va Timo Verner kabi top hujumchilar raqobatiga yana bir raqobatchi kelib qo‘shildi. Yerling "asalarilar" tarkibidagi debyut o‘yinini 18 yanvar kuni "Augsburg"ga qarshi o‘tkazdi. 19 yoshli futbolchi 56 daqiqada zahiradan maydonga tushib xet-trik qayd etadi. Bu uchrashuvdan so‘ng barcha Holand uchun sarflangan 20 mln yevro bekor ketmaganligiga amin bo‘lgan bo‘lishsa, "Kyoln"ga qarshi bahsdagi dubl buni yana bir karra isbotlab berdi.
Kelishi bilanoq Germaniya chempionatini yondirishni boshlagan favqulotda iqtidor egasi Yevropa Chempionlar ligasida ham o‘z ishini ustalik bilan bajarishni boshlab yuboradi. Xususan joriy mavsumda dahshatli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan Parijning PSJ jamoasiga qarshi dastlabki bahsda Holand Keylor Navas darvozasini ikki bor ishg‘ol etib yana bir bor o‘zini ko‘rsata oldi. Garchi, Dortmundliklar YECHLda PSJ qarshiligini yenga olmagan bo‘lsa-da, yosh Holand turnirni 10 ta(8tasi Red-Bull Zalsburg tarkibida) gol bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi. Bir qarashda 20 yoshli forvard bir mavsumda paydo bo‘lib qolgandek. Ammo Holand o‘z karerasini 2016 yili "Brayn" jamoasi safida boshlagandi. Dastlab qanot vingeri sifatida maydonga tushgan yosh Erling ikki uch o‘yindan so‘ng nominal hujumchi nomini oladi. 2019 yilda "Red-Bull Zalsburg"ning asosiy figuralaridan biriga aylanishi bilan bir qatorda, Holand Norvegiya U20 terma jamoasida ham katta muvaffaqiyatga erisha boshlaydi. Jumladan 2019 yil Polshaning Lyubin shahrida bo‘lib o‘tgan FIFA U20 Jahon chempionatida Norvegiya U20 termasi gonduraslik raqiblarini 12:0 hisobida mag‘lub yetadi. Ushbu bahsda qahramonimiz raqib darvozasini 9 bor ishg‘ol etib, yangi rekordni o‘rnatadi. Turnir yakunida Erling Braut Holand "Oltin butsa"ni qo‘lga kiritadi.
Ko‘rib turganimizdek yillar davomida o‘sib kelayotgan yosh hujumchi shu paytga qadar mana shunday ajoyib o‘yinlar ko‘rsatib kelmoqda.
Ayni damda Holand terma jamoa va klub safidagi barqaror o‘yinlari bilan Yevropaning bir qancha grand jamoalari nazariga tushishga ham ulgurgan. Ingliz nashrlarining xabar berishicha "Chelsi", "Manchester Siti", "Liverpul" va "Manchester Yunayted" jamoalari norvegiyalik forvardga jiddiy qiziqish bildirmoqda.
SHAXBOZ Qahhorov tayyorladi