Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Kroyf va Total futbolni «nemis mashinasi» JCH finalida qanday to‘xtatgan edi?

Kroyf va Total futbolni «nemis mashinasi» JCH finalida qanday to‘xtatgan edi?

Baho:
+ | -

Kroyf va Total futbolni «nemis mashinasi» JCH finalida qanday to‘xtatgan edi?

Stadion.uz futbol tarixidagi yorqin daqiqalarni yodga olishda davom etadi. Bugun Uzoq o‘tmishga sayohat qilamiz. Bugungi qahramonlarimiz jahon futbolida inqilob qilgan bo‘lsada, maqsadiga yeta olmagan Gollandiya futboli va o‘z kuchiga doimo ishongan Germaniya futboli o‘rtasidagi qaqshatqich to‘qnashuvda ishtirok etganlar bo‘ladi.

20-asrdagi eng buyuk murabbiy - Rinus Mixel "Ayaks" va Gollandiya timsolida total futbolni namoyish etdi va barchani o‘ziga rom qildi. Ushbu uslubning o‘zgacha tomoni shundaki, u to‘liq tomoshabob va o‘zgacha edi. Ayni damda, Gvardiolaning jamoalari singari Mihelsning shogirdlari ham to‘p bilan munosabatda bo‘lishni hush ko‘rar, o‘yinni to‘liq o‘z nazoratida ushlab turar edi. 1974 yildagi JCHga gollandlar aynan shu uslubda toblangan yigitlar bilan tashrif buyuradi. Ular safida Yohan Kroyfning borligi esa, katta ustunlik edi. Kutilganidek, Gollandiya ortiqcha qiyinchiliksiz finalga yetib keladi, ammo ularni finalda beshafqat Germaniya terma jamoasi kutib turtar edi. Bugungi maqola aynan total futbolga kuchli zarba bergan uchrashuv haqida.

Avvalo Mihelsning total futboli haqida qisqacha tushuntcha berib o‘tsak. To‘p nazoratidan tashqari, eng muhim omillardan biri haqida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Gap shundaki, total futbolning o‘zagi har bir pozitsiyadan qat’iy nazar oldinga o‘tishi, yoki himoyalanishi mumkin. Uning o‘rnini esa, boshqa bir futbolchi tezda yopib yuborishi lozim. Shu bois, Mihelsning jamoasi 1974 yilda markaziy hujumchi bilan ham hujumga o‘tgan, hujumchilar markaziy himoyada ko‘rinish bergan. O‘z zamonasi uchun chinakam inqilob qilgan yangi uslubning o‘ziga xos talablari mavjud edi. Birinchi navbatda futbolchilardan jismonan baquvvat bo‘lishi va taktik jihatdan yetuk fikrlashi lozim edi. Shu yo‘sinda, jamoaning maydondagi umumiy strukturasi saqlanib qolishi, o‘ylangan kombinasiyalarning amalga oshish koeffisiyent ortishi ko‘zda tutilgan. Ayniqsa, bu uslub uchun tezkor futbolchilar juda muhim edi.

Endi finalga qadar bo‘lgan tarixga biroz ko‘z yugurtiramiz. 1972 yil. Yevropa Chempionati. FRG terma jamoasi musobaqani juda ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazdi va barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozondi. Finalda esa, ular Sobiq Sovet futbolchilarini yirik 3:0 hisobida taslim qilib qit’ada tengsiz bo‘lishdi. O‘sha musobaqada jamoaning g‘alabasini ta’minlagan omil Gerd Myuller, Zep Mayer va Bekkenbauer uchligi edi desak, adashmagan bo‘lamiz.

Tan olish lozim, nemis futbolchilarining kamchiliklari juda ko‘p edi. Xar-xil tungi klublar, alkogol va ayollar. Bu vositalar orqali futbolchilar mashg‘ulotlarda yaxshi ishlashi biroz mushkuldek tuyulgan, ammo amalda barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi. 1974 yilda chempionlik uchun asosiy da’vogar sifatida turli jurnal jurnalistlari Italiya va Braziliyani ko‘rsatgan edi. Musobaqaning ilk uchrashuvlari bo‘lib o‘tishi bilan asosiy da’vogar nomi o‘zgardi. Barcha Gollandiya namoyish etayotgan «mo‘’jiza» haqida yozishni boshladi. Yohan Kroyfning maydonda «suzib» yurishi esa, barchaning e’tiborini tortdi. Gollandlar guruhdagi ilk uchrashuvda Argentinani 4:0 hisobida mag‘lub etishgan bo‘lsa, keyin GDR (Germaniyaning ikkinchi qismi) taslim etildi. Hal qiluvchi bahsda esa, Braziliya dog‘da qoldirildi.

Total futbolning jozibasi va «alvon ranglilar»ning tezkorligi betaraf muxlislarni o‘ziga rom etgani bor gap. Bu paytda, nemis futbolchilari muammolarga duch kelishni boshlagan edi. Avvaliga Myuler boshchiligidagi terma Chilini bazo‘r yengdi. Keyin Avstraliyaga mag‘lub etildi. Tan olish lozim, nemis futbolchilarini maydondagi holat, o‘yinning sifati umuman qiziqtirmas edi. Ular bonus pullari va musobaqadagi sovrin summasi bilangina qiziqishar edi. 3-turda GDRdan mag‘lubiyat qabul qilingach, futbolchilar bayram kechasini uyushtirishadi. Futbolchilar guruhda ikkinchi o‘rinni egallashdan sira tortinishmagan bo‘lsada, jamoa murabbiyi - Gelmut Shon buni juda og‘ir qabul qildi. Guruh bahslari yakunlangach, u iste’foga chiqishga qaror qiladi. Uni bu fikridan jamoa yetakchisi Bekkenbauer qaytaradi. Guruh o‘yinlari yakunlangach, Frans barcha jamoadoshlari bilan suhbatlashib oladi.Hammani bir joyga yig‘gach, u o‘zini va jamoadoshlarini keskin tergaydi. Barcha sukutga cho‘madi.

Bekkenabuerning so‘zlari havoga uchib ketmadi. Futbolchilar darrov o‘zini «yig‘ishtirib» oldi va o‘yinlariga tayyorgarlik boshlandi. Yetakchining so‘zlariga ishonib jamoada qolgach, murabbiy Polsha, Shvesiya va Yugoslaviyani mag‘lub etish uchun optimal tarkib va optimal o‘yin uslubini ishga soldi. Ayniqsa, ikkinchi guruh bosqichidagi Polshaga qarshi bahs juda og‘ir kechdi. Yomg‘ir sababli deyarli botqoqqa aylangan arenada Myuller kiritgan gol yagonaligicha qoldi. Shu tariqa, Gollandiya musobaqaning final qismiga qadar yetib keldi. Ularni esa, finalda jamoaviy futbolni birinchi planga olib chiqqan, uyshqoq va o‘z g‘oyasiga ega Gollandiya kutib turar edi.

Final hushtagi chalinganda, barcha Gollandiyaning birin-ketin gollarni yog‘dirib tashlashini kutgan edi. Sababi, nemislar butun musobaqa davomida pala-partish futbol namoyish etar, deyarli barcha hujumlar Myuller tomonidan yakunlanar edi. Umuman olganda, final oldidan qog‘ozda Gollandiya yirik hisobda g‘alaba qozonib bo‘lgan edi.

Gollandiya terma jamoasi finalga o‘zining jangovar tarkibida maydonga tushadi: Yongbloyed, Suurbiyer, Haan, Rijsbergen, Krol, Yanson, van Hanegem, Neeskens, Rep, Kroyf, Rensenbiriklardan tashkil topgan «lolalar yurti» vakillari favorit edi, biroq raqib jamoasidagi uchlik - Myuller, Mayer va Bekkenbauerlarni hisobdan hech kim chiqarmagan edi. Nemislar esa, hal qiluvchi o‘yinlarda jamoa tarkibini o‘zgartirgani bois finalda kutilmagan futbolchilar ko‘rinish berishdi. Mayer, Fogts, Braytner, Shvarsenberg, Bekkenbauer, Banhof, Hoyeneb, Grabovski, Overat, Myuller, Holsenbeindan tashkil topgan «nemis mashinasi» juda sovuqqonlik bilan maydonga chiqib keldi.

Kutilganidek, ilk daqiqalardan boshlab Gollandiya tashabbusni o‘z qo‘liga oladi. Kroyf esa 1-daqiqaning o‘zidayoq nemis himoyasini yorib o‘tdi va uni qo‘pollik bilan to‘xtatib qolishdi. Oqibatda, britaniyalik hakam - Teylor 11-metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Neeskens aniq amalga oshirdi. Gollandiya : Germaniya 1:0! Shu lahzada, deyarli butun sayyoramiz total futbolning yangi asri boshlanishi taxmin qilgan bo‘lsa, ajab emas. Germaniya tezkor gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsada, tezda o‘ziga keldi. Bunda ularga yetakchilar ko‘mak bergani rost. Ayniqsa, Bekkenbauer chinakam sardorlar singari to‘p surdi. Tezkor gollandlarni ushlab qolishda u ko‘rsatgan qahramonlik haqida soatlab so‘zlash mumkin. Bundan tashqari, Gerd Myuller va Braytnerlarni ham alohida e’tirof etish lozim.

Gollandiya maydonda 15 daqiqa hukmronlik qildi xolos. Keyin «nemis mashinasi» ishga tushib ketdi. Avvaliga hisob tenglashtirilgan bo‘lsa, keyin Gerd Myuller jamoasini oldinga olib chiqdi. Qandaydir 30 daqiqa ichida total futbolni maydondan siqib chiqargan nemislar o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmagani e’tiborga molik.

Ikkinchi bo‘limda, Gollandiya har qancha urunmasin, nemislar ulardan bir qadam oldinda bo‘lishda davom etishdi. Rinus Mihelning o‘zgarishlari ham Shof shogirdlarini esankiratib qo‘ymadi. Germaniya o‘sha oqshim mundialdagi o‘zining eng zo‘r uchrashuvini o‘tkazdi. O‘yin 2:1 hisobida nemislar foydasiga hal etildi. O‘sha kecha nemislar o‘z kuchiga ishonch qay darajada muhim ekanligini nafaqat sportda, balki hayotda namoyish etib berishdi. Yangi g‘oya, samarali futbolchilar va yaxlit bir kuchga aylangan Gollandiyani birgina o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch mag‘lub etgan edi. O‘tkazib yuborilgan gollardan so‘ng, Gollandiya o‘zining barcha ustunliklarini ishga soldi. Kroyfning reydlar, qanotdan uzatilgan paslar, jamoaviy hujum va boshqa ko‘plab omillar ishga solindi, nemislar esa birgina o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch bilan maydonda mardonavor turib berishdi.

Shu o‘rinda, 90 daqiqa davomida nemislarning maydonda «jang» qilishganini alohida e’tirof etish lozim. Hakam hushtagi yangraganida, deyarli barcha nemis futbolchilari chimga uzala tushib yotib olishdi. Ularda hatto g‘alabani nishonlash uchun ham kuch qolmagan edi. Gollandiya esa, chuqur shok holatiga tushib qoldi. Futbolchilar maydonda esankirab qolgan, targ‘ib etayotgan g‘oyalari eng muhim pallada pand berganidan qayg‘uda edi.

Bu g‘alaba Germaniyada katta tantana qilindi. Gollandiya esa, chinakam motam boshlanib ketdi. Ko‘plab mutaxassislarning aytishicha, bu tarkib ushbu yurt futbolidagi eng qudratlisi edi. Ushbu jamoa erisha olmagan yutuq esa, JCH oltin medallari! Gollandiya futbolining azaliy orzusi 1974 yilda amalga oshmay qoldi. Keyinroq, «lolalar yurti» bu ishni amalga oshirish uchun bir necha bor urinib ko‘radi, ammo hozircha barchasi besamar ketmoqda. Balki, qachonlardir bu davlat futbolchilari ham JCHda g‘alaba qozonar. Bunisi vaqt ko‘rsatadi, ammo yengilmas Gollandiyani taslim etgan nemislar  «charm to‘p» tarixida abadiy qolishi turgan gap. Ular maydonda ko‘rsatgan xarakter, matonat va so‘nggi soniyalarga qadar g‘alaba bo‘lgan ishonch haqida hali juda ko‘p eslanadi.

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 18:44, 22.10.2020.
O'qildi: 4681 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.