Ushbu ruknimizdagi eng so‘nggi yangiliklar bilan tanishtirib o‘tishda davom etamiz.
Alaba Angliyada?!
Myunhenning «Bavariya» jamoasi David Alaba bilan yangi shartnoma borasida kelisha olmayapti.
«BIld» nashrining ma’lum qilishicha, himoyachi hali-hamon Myunhen klubidan yiliga 20 million yevro maosh ko‘rsatilgan shartnoma talab qilmoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, futbolchi uchun asosiy da’vogar «Liverpul» jamoasi bo‘lib turibdi.
Sanchesh nishonda
Fransiyaning «Lill» jamoasi yarim himoyachisi Renatu Sanchesh «Vulverhempton» jamoasi nishonida turibdi.
Bu haqida Goal nashri ma’lum qilmoqda. Manbaning yozishicha, «bo‘rilar» portugaliyalik futbolchining o‘yinidan zavqlanishmoqda va uni qishki transferlar chog‘ida jamoaga qo‘shib olishga urinib ko‘radi.
23 yoshli futbolchining o‘zi esa, «Lill»da qolishni istamoqda. U «Bavariya»dagi omadsiz mavsumlardan so‘ng, o‘zini to‘liq tiklab olmoqchi.
«Yuve» Ronalduni sotishi mumkin
Turinning «Yuventus» jamoasi 2021 yilda Krishtianu Ronalduni transferga qo‘yishi mumkin.
Bu haqida taniqli sport.es nashri ma’lum qilmoqda. Unda yozilishicha, «Yuventus» Ronalduning yiliga 31 million yevro maosh olayotgani uchun ham boshqa klubga qo‘yib yuborishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ronalduning Turin super klubi bilan tuzgan shartnomasi 2022 yilda o‘z yakuniga yetadi. Avvalroq u bilan PSJ jamoasi jiddiy qiziqib qolgani haqida rasmiy ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.
«Chelsi» va «Milan» kurashda
Shvesiyaning «Malme» klubi himoyachi Anel Ahmadxodjich uchun Yevropa grandlari o‘rtasida kurash boshlanib ketdi.
Goal nashrining ma’lum qilishicha, 21 yoshli himoyachi uchun asosiy da’vogarlar qatorida «Milan» va «Chelsi» jamoalari mavjud. Manbaning ma’lum qilishicha, Anelni qishda 10 million yevro evaziga sotib olish mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, «Chelsi» va «Milan» jamoalari markaziy himoya chizig‘ini shu yo‘sinda uzoq muddatga muammodan xalos etmoqchi. Avvalroq «Chelsi» Anel uchun 7 million yevro taklif etgan, biroq rad javobini olgan edi.
Beks Ramosga MLSga olib ketmoqchi
«Real Madrid» va Serxio Ramos hali-hamon yangi shartnoma borasida kelishuvga erisha olganicha yo‘q.
Bu vaziyatdan MLSning «Inter Mayami» jamoasi unumli foydalanishi mumkin. Klub Prezidenti Devid Bekhem Ramos bilan aloqaga chiqqan va uni o‘z jamoasiga chorlagan. Agar Ramos yangi shartnomaga imzo chekmasa, katta ehtimol bilan faoliyatini AQSHda davom ettirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Mayami shahrida futbolchining turmush o‘rtog‘i Pilar Rubioning uyi mavjud. Shuningdek, Ramosning bir nechta do‘stlari ayni damda Mayamida istiqomat qilmoqda.