Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

JCh saralash qur’asi to‘g‘risida murabbiylar fikrlari

JCh saralash qur’asi to‘g‘risida murabbiylar fikrlari

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, kecha Jahon chempionati uchun saralash bosqichlarining Yevropa qit’asi bo‘yicha roundlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Jamoalar va guruhlar taqsimoti bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni oldingi sahifalarimiz orqali to‘liq bayon etdik. Ushbu marosim yuzaga kelgan pandemiya sharoiti tufayli yopiq shaklda o‘tkazilganligi uchun unda bir qator tarixiy shaxslar va mashhur yulduzlar ishtirok eta olmadi. Lekin onlayn jarayon yakuniga yetgach, ba’zi bir terma jamoa bosh murabbiylari qur’a haqidagi fikr va mulohazalarini ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifalari orqali bayon etishdi. Biz esa ularning fikrlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Didye Desham (Fransiya)


«Men ayni haqiqatni aytishga majburman. Guruhdagi yaqqol favorit Fransiya bo‘lib turibdi. Turli xil eyforiyalar o‘zingizni boshqalardan ustun hisoblashingizga turtki bo‘ladi. Xuddi shu narsa siz uchun minus tarafga ham xizmat qilib qolish mumkin. Lekin biz shuni unutmasligimiz kerakki, bu faqat qog‘ozda aks etib turgan narsa xolos. Yoki muxlislarning xayolidagi oddiy taxmin bo‘lishi ham mumkin. Biroq biz o‘z ustunligimizni amaldagi o‘yinlarda maksimal tarzda isbotlashimiz kerak. Menda esa buning uchun yetarli darajada resurs bor».

«D» guruhi: Fransiya, Ukraina, Finlyandiya, Bosniya va Gersegovina, Qozog‘iston

 

Yan Baraklaf (Shimoliy Irlandiya)


«Biz uchun bu yerda bitta plyus taraf – beshtalik guruhdan joy olganimiz. Lekin guruhimizdagi terma jamoalar saviyasi, uslubi va falsafasini umuman turlicha tartibda baholash mumkin. Avvalo, sharqiy Yevropa mintaqasidan ikkita jamoaga to‘qnash kelamiz va bu biz uchun jiddiy sinov, ular bilan ko‘p ham o‘ynamaganmiz. Har qanday qiyinchilikka tayyor turishimiz kerak. Shvesariya va Italiyaning o‘yin uslubidan esa biroz bo‘lsada xabardormiz, 3 yil avval pley-off bosqichida o‘zaro to‘qnash kelganmiz. Muxlislarimiz bizga hozirdanoq yuqori ishonch bildirishmoqda va o‘ylaymanki, biz buni oqlaymiz. Oldimizda hali uzoq muddatli ikki yil bor va ungacha hammasi umuman o‘zgarib ketishi mumkin. Martgacha kutamiz».

«C» guruhi: Italiya, Shveysariya, Shimoliy Irlandiya, Bolgariya, Litva

 

Roberto Manchini (Italiya)


«Hozir ko‘pchilikdan bir xil fikr yangramoqda. Ular bu yerda Italiya va Shvesariya o‘rtasida asosiy kurash kechadi deb hisoblashmoqda. Albatta, bunga qo‘shilgan bo‘lardim, birinchi va ikkinchi savatcha g‘oliblari o‘rtasidagi o‘yin har qanaqasiga ham shiddatli o‘tishi turgan gap. O‘z navbatida men ham Shvesariyani biz uchun qulayroq raqib deb hisoblayman. Geografik jihatdan ham joylashuv ancha yaqin va charchoq alomatlari kamroq bo‘lishi mumkin. Shimoliy Irlandiya qog‘ozda balki Shvesariyadan kuchsizroq ko‘rinar, lekin bu yerda kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Hatto, Bolgariya ham kutilmagan sovg‘a tayyorlab qo‘ygan bo‘lsa ajab emas».

«C» guruhi: Italiya, Shveysariya, Shimoliy Irlandiya, Bolgariya, Litva

 

Luis Enrike (Ispaniya)


«Saralash terma jamoalarga berilgan shunday imkoniyatki, sen qisqa davr mobaynida o‘z raqiblaring salohiyatini tezroq sintez qilib olishing talab etiladi. Chunki ularga keyinchalik katta mundiallarda yoki bo‘lmasam, keyingi saralashlarning o‘zidayoq qayta to‘qnash kelishing ehtimoli bor. Biz ham ayni paytda o‘z raqiblarimizni qolganlarga qaraganda ko‘proq tanib olamiz. Hozir ularning darajasiga to‘xtalib o‘tishimning payti emas. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Men shunchaki yangi avlod bilan Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatim borligidan xursandman, bu ajoyib».

«B» guruhi: Ispaniya, Shvesiya, Gresiya, Gruziya, Kosovo

 

Frank de Bur (Niderlandiya)


«Biz o‘lim guruhidan joy olmadik. Barcha ta’kidlayotgan fikrga qo‘shilaman, birinchi savatchadagi jamoalarda ozroq bo‘lsada ustunlik ko‘rsatkichlari mavjud. Bu yerda Turkiya va Norvegiyaning hal qiluvchi bosqichga chiqish uchun imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lardim. Turkiyada yangi yosh avlod shakllanib kelmoqda. Norvegiya esa Holand va Edegor kabi futbolchilari orqali istalgan jamoaga qiyinchilik tug‘dira oladi. Buni ular amalda bir necha marta isbotlashdi ham. Chernogoriya va Latviya esa juda tartibli o‘yin ko‘rsatishadi. Lekin, hammasi o‘zimizning qo‘limizda».


«G» guruhi: Niderlandiya, Turkiya, Norvegiya, Chernogoriya, Latviya

 

Roberto Martines (Belgiya)


«Uels bilan o‘tadigan bahslar xavotirga solmoqda. Ular shakllanish bosqichini yaxshi suratda tugatishdi. To‘p bilan uzoq muomala qilishni xush ko‘rishadi. O‘z navbatida Chexiyaning oxirgi paytlarda namoyish etayotgan uslubi Uelsnikiga o‘xshash – pressingga boy futbol, normal balansli jamoa. Belarus bilan esa hali bungacha to‘qnash kelmaganmiz, shuning uchun bir nima deyishim qiyin. Shuningdek, Estoniyani ham unutmaslik kerak. Ular Rossiya mundiali uchun saralashda bizga jiddiy muammolar yaratib bergan. Guruhdagi hech bir jamoani past darajada baholamayman».

«E» guruhi: Belgiya, Uels, Chexiya, Belarus, Estoniya

 

Yan Andersson (Shvesiya)


«5 talik guruhdan joy olganimiz bizga bir qancha afzalliklar yaratishi turgan gap. Avvalo, bu ko‘proq tayyorgarlik ko‘rish uchun qolganlarga qaraganda qulayroq imkoniyat. Darhaqiqat, qiziq bir guruhdan joy oldik. Taqdirni qarangki, yana Ispaniya bilan to‘qnash kelmoqdamiz. Yevropa chempionatida ham ular bilan hali yo‘llarimiz kesishadi va ularni yetarlicha o‘rganib chiqdik deb o‘ylayman. Buning ustiga martgacha hali yana vaqtimiz bor».

«B» guruhi: Ispaniya, Shvesiya, Gresiya, Gruziya, Kosovo

 

Fernandu Santush (Portugaliya)


«Shubhasiz, guruhda favoritmiz, agar mabodo unday bo‘lmagan taqdirda ham biz bu yerdan birinchi o‘rinni olib chiqishimiz shart. Bugungi kundagi tarkibimiz va potensialimizdan kelib chiqib bizga pley-offda kurashish yarashmaydi. Men hozir mundialga chiqish haqida ortiqcha bosh qotirmayapman, bizning oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifa – Jahon chempionatini yutish. Zero, endi muxlislarimiz bizdan shuni talab qila boshlayapti».

A» guruhi: Portugaliya, Serbiya, Irlandiya, Lyuksemburg, Ozarboyjon

 

Yusufbek Saydaliyev tayyorladi

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 14:13, 08.12.2020.
O'qildi: 2487 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.