Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/05 00:00 Aston Villa 3-3 Liverpul
14/05 00:00 Barselona 2-0 Real Sosyedad
14/05 19:00 Lokomotiv 0-2 OKMK
14/05 22:30 Osasuna 1-1 Malyorka
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya - Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano - Granada
15/05 23:45 Brayton - Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted - Nyukasl
16/05 00:00 Reyms - Marsel
16/05 00:00 Nissa - PSJ
16/05 01:00 Selta - Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe - Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis

Norvegiya futboli nimadan norozi?

Norvegiya futboli nimadan norozi?

Baho:
+ | -
Bo'lim:
Rukn: Yangiliklar

Anchadan buyon Norvegiya jahon chempionatiga chiqishga umid bog‘lamayotgandi, ikki haftadan keyin ushbu mamlakat termasini safarda Gibraltarga qarshi bahs kutib turibdi - bu sayyoramizning eng nufuzli turniri final bosqichiga chiqish uchun real imkoniyat. Norvegiya termasi tarkibi yangi iqtidorlarga boy, ularni Erling Xolanddek forvard ortidan ergashtirmoqda. Uning yordamida jamoa 1998 yildan keyin ilk marta saralashdan muvaffaqiyatli o‘tishi mumkin. Go‘yo hammasi yaxshi, kelajakdan umid bor. Shunday ekan, Norvegiya klublari nimadan norozi?

Ayni payt Norvegiyadan 2022 yili Qatar mezbonlik qiladigan mundialga boykot e’lon qilinishi haqida gap-so‘zlar yangramoqda. Birinchilardan bo‘lib endigina oliy divizionga qaytgan «Tromse» tashabbus ko‘rsatdi. Aynan shu klub Qatarni «korrupsiya va quldorlik tajribasi»da aybladi. Jamoa vakillari o‘z fikrlarini bayon etib, bunday tadbirda qatnashish noo‘rin deb hisoblashmoqda. Oradan 24 soat o‘tib, ularning safiga yana Eliteserien ishtirokchilarining yana uch nafari qo‘shildi - «Odd», «Stremsgodset» va «Viking».

E’tirozlar endi boshlanmoqda, uning ko‘lami keng emas, biroq avvallari bunday holat kuzatilmagandi. Norvegiya FIFAning irodasiga bo‘ysunish noto‘g‘ri ekanligini aytib, butun qit’aga jar solmoqda. Qatarga bormaslikka chaqirmoqda. Mazkur holat qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin?

Bularning barini Norvegiya termasi sobiq himoyachisi va «Tromse» boshqaruvi a’zosi Tom Xegli o‘ylab topdi. «Futbol olamiga muayyan tartiblar ziyon qilmasdi. FIFA etik standartlar, ularga amal qilish haqida o‘ylab ko‘rsa bo‘lardi», - dedi u.

«Bu shunchaki sport emas, - dedi «Odd» prezidenti Trond Xaukvik. - Biz futbol yuragi haqida gapir­yapmiz».

* * *

Bu FIFA mundial mezbonligini Qatarga berganidan keyin vujudga kelgan dastlabki mojaro emas. Arab davlati AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliyani ortda qoldirganda, ko‘pchilik bundan hayron bo‘lgandi. Tekshiruvlar o‘tkazildi, tanqidiy maqolalar chop etildi va FIFA, nihoyat, bo‘lajak musobaqalar uchun ovoz berish jarayonini to‘liqligicha o‘zgartirdi.

Bu yerda gap faqat ushbu mamlakatning iqlimi yoki futbol rivoji bo‘yicha ortda ekanligida emas, balki uning 8ta yangi stadion qurilishida mashaqqatli mehnat qilgan ishchi migrantlar huquqini buzishida. Yaqinda The Guardian gazetasi 2010 yildan buyon Qatarda Hindiston, Pokiston, Nepal, Bangladesh va Shri-Lankadan kelgan 6500ga yaqin muhojir halok bo‘lgani haqida bong urdi.

Quruvchilarga xuddii qullardek munosabatda bo‘linayotgani haqida ko‘pchilik yozdi, ammo yaqinda tarqalgan xabarlar orqali eski masala muhokamasi yana yangilandi. Shu bois, Norvegiya boykot haqida yanada dadilroq gapira boshladi.

Xegli «Bude-Glimt», «Tromse», «Bryugge» va «Kopengagen»da o‘ynab yurgan paytlari ham FIFA qarorini tanqid ostiga olgan, endilikda uning fikrini nafaqat klub rahbariyati, balki termadagi o‘yinlari bilan nom qozongan boshqa bir taniqli futbolchi Ruben Ittergor Yenssen ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Hozir uning safiga ko‘pchilik qo‘shildi. Ularning maqsadi - Norvegiya futbol assosiasiyasining tegishli choralarni ko‘rishga undash. «Stromsgodset» boshqaruvchi direktori Dag Lindset Andersenning aytishicha, NFA avvaldan ushbu g‘oyaga qarshi chiqqan: «Ishonchimiz komilki, Qatarda o‘tadigan JCH futbol qadriyatlariga zid. Futbol - bu muxlislar va yosh futblchilar quvonchi, umidi. Ayni payt Qatarda ro‘y berayotgan voqealar esa aksincha hissiyotlarni vujudga keltirmoqda».

Boykotni yoqlagan beshinchi klub sifatida «Brann» qayd etildi. Garchi bu norozilik mamlakat termasining tarixdagi eng yaxshi ko‘rsatkichlaridan biriga erishish imkoniyatini oshirsada, tashabbusni muxlislar ham qo‘llab-quvvatlashmoqda. «Ularning munosabati ancha pozitiv xarakterga ega. Ko‘pchilik avvalroq ham menga murojaat etib, noroziligimizni qaysidir yo‘l bilan ko‘rsatishimizni so‘rashgandi», - dedi Xaukvik.

Biroq FIFA va UYEFAga qarshi chiqishga hamma ham tayyor emas. Misol uchun, mamlakatning yirik klublaridan biri «Rusenborg» boshqaruv a’zolaridan boykotni qo‘llamasliklarini talab qildi. O‘tgan mavsumning kumush medallari sohibi «Molde» ham mundial o‘tkazilishiga qarshi fikr bildirmasa kerak. Tanqidchilar va hatto realistlar ham bu kabi aksiya faqat Norvegiyaning diskvalifikasiyasi bilan yakun topishini tan olishga majburlar. Agar Germaniya yoki amaldagi jahon chempioni Fransiya singari mamlakatlar o‘z so‘zlarini aytishganda, ushbu masala ko‘rib chiqilarmidi, ehtimol. Lekin shimolliklarning yakka holda aytayotganlari hech qanday ta’sir kuchiga ega emas.

Skandinaviyadagi qo‘shni Daniya ham mavjud vaziyat bo‘yicha o‘z noroziligini bildirdi. Terma jamoa ustozi Kasper Xyulmand JCHda qatnashishdan bosh tortgan har qanday futbolchi uning madadiga erishishini baralla aytdi. Daniya futbol assosiasiyasi esa hech qanday boykotni xohlamayapti.

Norvegiyaga kelsak, bu yerda barchasini mamlakat futbol assosiasiyasining Federal parlamenti yig‘ishi hal etadi, unda barcha sport turlaridan 200ga yaqin delegat qatnashadi. Norvegiya mundialdagi ishtirokdan voz kechishi uchun qatnashchilarning yarmidan ko‘pi shunga ovoz berishi kerak bo‘ladi.

Buning imkoni borligiga hamma ham ishonmayapti. Ha, tarixda bunday voqea avval ham uchragan, 1980 yili 65ta mamlakat (ular orasida Norvegiya ham bo‘lgan) Moskva mezbonligidagi Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilishiga qarshi chiqishgan, e’tirozni sobiq ittifoqning Afg‘onistonda urush boshlagani bilan izohlashgandi. Ammo bu safar skandinavlar o‘z kurashlarida yolg‘iz qolishadi, chog‘i.

* * *

«Vulverxempton Uonderers»ning sobiq murabbiyi Stole Solbakken hozir Norvegiya termasida ishlamoqda. Uning holati havas qilarli darajada emas - tezkor ravishda diplomatlikni o‘rganishi lozim. Avvallari uni faqat sportdagi ko‘rsatkichlar o‘ylantirgan bo‘lsa, endilikda uning etika masalalaridagi fikri ham ko‘pchilikka qiziq.

Joriy yil o‘tkaziladigan Yevropa chempionatida biz norvegiyaliklarni ko‘rmaymiz - ular besh oy avval Serbiyaga yutqazishdi. Ammo u terma tarixda qoldi. Hozirgi tarkibda Xoland, Martin Edegor, Yens Petter Xauge va Aleksander Serlot kabi ijrochilar bor. Bu tarkib JCHda o‘ynashga loyiq. Ularning mundialda nimalarga erishishi esa boshqa masala.

«Assosiasiyada, umuman, Norvegiyada kimdir Qatarda ro‘y berayotgan voqealarni ma’qullaydi, deb o‘ylamayman, - deydi murabbiy. - Biz birgalikda nimalarga erishishimiz mumkin? Etika nuqtai nazaridan boykot - yaxshi chora, buni kim inkor etadi? Mazkur qarorni oqlash qiyin emas. Ammo u keyinchalik ishchilarga qanday ta’sir qiladi? Bu yerda hammasini yaxshilab o‘ylab ko‘rish lozim».

2016 yildan buyon Norvegiya futbol assosiasiyasiga prezidentlik qilayotgan Terye Svendsen anchadan beri Qatarda o‘tadigan JCHni tanqid qilib keladi. U so‘nggi ikki yil mobaynida ikki marta Arabiston yarimoroliga borib, u yerdagi ishchilar bilan uchrashdi, mahalliy hukumat vakillari bilan mavjud masalalarni muhokama qildi. Joriy yil u yerga yana bir parvozni amalga oshirish niyatida. Uning fikricha, boykot vaziyatni yanada chigallashtiradi.

Amnesty International fikricha, jahon chempionati o‘tkazilishi futbolchi va termalarga mamlakatga qonunlarga ta’sir o‘tkazish, mavjud muammolarni bartaraf etishda muhim rollardan birini o‘ynash imkoniyatini beradi. Chindan ham shundaymi? Nimadir deyish mushkul. Bir narsa aniq: kichik, biroq mag‘rur klublar mutlaqo yangi jang maydonida kurashishga tayyorlar, jarayonning qanday yakun topishini taxmin qilish esa qiyin.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 19:00, 28.03.2021.
O'qildi: 2449 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.