O‘tayotgan har bir kuni bizni Qatar mamlakatiga ishonib topshirilgan JCH-2022 startiga tobora yaqinlashtirmoqda. Teskari sanoq bo‘yicha bo‘lajak mundialga 600 kundan kamroq vaqt qoldi. Xo‘sh, bu vaqtda mo‘’jaz Qatarda JCH uchun tayyorlanayotgan arenalar qanday ko‘rinishda? Chodir va arabcha bosh kiyim shakli, konteynerlardan yig‘ilgan konstruksiya... Eslatma, orziqib kutilayotgan jahon chempionati ochilish o‘yini 2022 yilning 21 noyabr kuniga belgilangan. Keling, bugungi maxsus fotojamlanma vositasida Qatarga birrov sayohat uyushtiramiz. Ha, turnir startiga hali bir yarim yildan ko‘proq vaqt bor. Ma’lumotlarga qaraganda, Qatarda infratuzilma deyarli to‘liq tayyor: transport tarmog‘i allaqachon ishlamoqda, jumladan, Doxada ochilgan yangi metro ham. Hozirgacha 4ta stadion foydalanishga topshirildi va ularda o‘yinlar ham o‘tkazildi. Yana 3ta arena shu yil oxirigacha ochiladi. JCH-2022ning eng katta arenasi, final o‘yiniga tanlangan «Lusayl» stadionining ochilish marosimi esa kelasi yil boshiga rejalashtirilgan.
«Xalifa Interneyshnl»
Sig‘imi: 40000
Doxa markazigacha masofa:11 kilometr
Ochilish vaqti: 2017 yil
JCH-2022 uchun tanlangan va foydalanishga topshirilgan birinchi stadion. Arenada keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borildi. 2017 yilning 19 may kuni «Amir kubogi» turniri finali aynan «Xalifa Interneyshnl»da tashkillashtirildi.
«Xalifa Interneyshnl» JCH-2022ning 8ta uchrashuvi, jumladan, 3-o‘rin uchun o‘yinga o‘z bag‘rini ochadi.
«Al-Janub»
Sig‘imi: 40000
Doxa markazigacha masofa:23 kilometr
Ochilish vaqti: 2019 yil
Mundial uchun noldan qurilgan birinchi stadion. Bunisi 2019 yilning 16 may kuni, «Amir kubogi» finalidan oldin ochildi. Al-Vakra shaharchasida qad rostlagan «Al-Janub» nozik dizayni bilan ajralib turadi. Egri qiyalik va chiziqlar - shaharda rivojlangan dengiz sanoatiga hurmat ifodasi. Xullas, dizaynerlar Qatar an’anaviy qayiqlari yelkanlaridan ilhomlanib, shunday chizma tayyorlashgan. Innovasion sovutish tizimi va ochib-yopiladigan tom konstruksiyasi stadiondan butun yil davomida foydalanish imkonini beradi.
«Al-Janub» JCH-2022ning 7ta uchrashuviga o‘z bag‘rini ochadi.
«Edyukeyshn Siti»
Sig‘imi: 40000
Doxa markazigacha masofa:13 kilometr
Ochilish vaqti: 2020 yil
«Cho‘l olmosi» nomini olgan stadion 2020 yilning 15 iyun kuni onlayn ravishda ochildi. Marosim asosan COVID-19 pandemiyasi davrida tinim bilmagan sog‘liqni saqlash xodimlariga bag‘ishlandi. Bilim va innovasion g‘oyalarning jonli markazi sanalgan Qatar Foundation hududida joylashgan arenani turli ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari o‘rab olgan.
«Edyukeyshn Siti» JCH-2022ning 8ta uchrashuviga o‘z bag‘rini ochadi.
«Ahmad bin Ali»
Sig‘imi: 40000
Loyihachi: Ramboll
Doxa markazigacha masofa:22 kilometr
Ochilish vaqti: 2020 yil
Hozircha JCH-2022 uchun foydalanishga topshirilgan oxirgi stadion. Muxlislar arenaga ilk marta 2020 yilning 18 dekabr kuni «Amir kubogi» finalini ko‘rgani kirishdi. «Ahmad bin Ali» Al-Rayan shahridagi Mall of Qatar savdo markazi yonida joylashgan. Hashamatli «Al-Riffa» metro stansiyasi ham shu atrofda. Arena fasadi o‘zidan nur taratib turadi. Barchasi Qatarning turli jihatlari - oilaviy qadriyatlar, cho‘l go‘zalligi, o‘simlik va hayvonot dunyosi, mahalliy|xalqaro savdo-sotiqni tavsiflovchi naqshlardan tashkil topgan. Barchasini uyg‘unlashtirgan beshinchi shakl - qalqon esa kuch va birlikni anglatadi.
«Ahmad bin Ali» JCH-2022ning 7ta uchrashuviga o‘z bag‘rini ochadi.
«Al-Bayt»
Sig‘imi: 60000
Loyihachi: Dar Al-Handasah
Doxamarkazigachamasofa:46 kilometr
Hozirgiholati: qurilish ishlari yakunlangan, ochilish marosimi yaqin oylarga rejalashtirilgan
JCHning ochilish marosimiga mo‘ljallangan arena. «Al-Bayt» butun dunyodan tashrif buyuradigan muxlislarga mamlakatning an’anaviy madaniyatidan ma’lumot beradi. Arena dizayni mehmondo‘st arablar ramzi sanalgan mashhur an’anaviy chodir - «Al-SHar»ni eslatadi. Ushbu noyob stadion harakatlanuvchi zamonaviy tom konstruksiyasiga ega va 400 000 kvadrat|metr ko‘kalamzor bilan o‘ralgan. Bu maydon mahalliy aholi uchun JCHdan meros bo‘lib qoladi.
«Al-Bayt» JCH-2022ning 9ta uchrashuvi, jumladan, 1ta yarim finalga o‘z bag‘rini ochadi.
«Al-Tumama»
Sig‘imi: 40000
Loyihachi: Arab Engineering Bureau
Doxamarkazigachamasofa:12 kilometr
Hozirgiholati: tom yopish va fasad ishlari yakunlandi, shuningdek, tribunalar ham o‘rnatildi. Mexanika, elektr va pardozlash ishlari barobarida o‘rindiqlarni joylash jarayoni ketmoqda
Ushbu arena dizayni arab dunyosida erkaklar asrlar davomida kiyib kelgan milliy to‘qima bosh kiyimi - gahfiyahdan olingan bo‘lib, bu mintaqa madaniyati va an’analariga hurmat belgisidir. «Al-Tumama» qatarlik me’mor Ibrohim Jaydah tomonidan loyihashtirilgan birinchi stadiondir.
«Al-Tumama» JCH-2022ning 8ta uchrashuviga o‘z bag‘rini ochadi.
«Ras Abu Abud»
Sig‘imi: 40000
Loyihachi: FIA Fenwick Iribarren Architects
Doxa markazigacha masofa:7 kilometr
Hozirgi holati: 972ta yuk konteyneri yig‘masi hisoblangan stadionda allaqachon yaxlit konstruksiya vujudga kelgan
Arenaning to‘liq holatga kelishiga zarur qolgan yordamchi po‘lat qismlar, jumladan, qisish sterjenlari ham o‘rnatilmoqda. Stadion ichiga o‘rindiqlar qo‘yish ishlari yakunlanmoqda, ayni payt pardozlash jarayoni ketmoqda. Aytish o‘rinli, bu JCH tarixida birinchi to‘liq yig‘ma stadion hisoblanadi.
«Ras Abu Abud» JCH-2022ning 7ta uchrashuviga o‘z bag‘rini ochadi.
«Lusayl»
Sig‘imi: 80000
Loyihachi: Foster + Partners
Doxa markazigacha masofa:20 kilometr
Hozirgi holati: «Qozon» ichida beton ishlari va tom o‘rnatishning birinchi bosqichi yakunlandi, oxirgi jarayonga tayyorgarlik davom etmoqda. Xususan, oynavand elit o‘rindiqlar o‘rnatilmoqda
JCH-2022ning eng katta va bosh stadioni. «Lusayl» - Qatarning arab madaniyatini dunyo bilan baham ko‘rish loyihasi. Stadion dizayni barchasini mujassamlashtirgan. Jumladan, yorug‘lik va soyaning o‘zaro uyg‘unligi aks ettirilgan. Inshootning ajoyib oltin tusidagi fasadi va ko‘lami uzoq-uzoqdan ham muxlislarni hayratga soladi. Arena yangi Lusayl tumani markazida qad rostlagan bo‘lib, bunda mahalliy aholi manfaatlari ham hisobga olingan.
«Lusayl» JCH-2022ning 10ta uchrashuvi, jumladan, finalga o‘z bag‘rini ochadi.
***
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi