Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

10 yil, ayrim hollarda 15 yil – kichik muddatmi?!

10 yil, ayrim hollarda 15 yil – kichik muddatmi?!

Baho:
+ | -1

Siz taxminan 28-30 yoshlardasiz, kamida 10 yil, balkim 15 yildan beri har kuni taomlar pishirasiz. Nima, shuncha vaqtdan beri kartoshkani faqat bir xil usulda archib, bir xil kubik shaklidagina to‘g‘ray olasizmi?!

10 yil ichida, har kuni, hatto orangutanni miyasi ham shu kartoshka artishda qandaydir tajriba to‘plab, kartoshkani oshga sabzi to‘g‘raganday uzun-uzun yoki hech bo‘lmasa uchburchak shaklida to‘g‘ray olishni o‘rganib olsa kerak-a?!

Futbolchilar ko‘p holatlarda, futbol bilan 10-12 yoshdan boshlab shug‘ullana boshlashadilar va to‘pni oyog‘ini qaysi qismi bilan qaysi vaziyatda qanday tepish kerak ekanligini 22 yoshgacha o‘zlashtirib olishlari kerak, nazdimda. 10 yil, ayrim hollarda 15 yil — hazilkam vaqt emas-a?!

Xullas, “AGMK”dagi Mirg‘iyos Sulaymonov (30 yosh), Dilshod Jo‘rayev (29 yosh), Jasurbek Umarov (23 yosh) – elementar uzun pas “naves” qilishni haligacha bilmaysizlar! 10-15 yildan beri, faqat qisqa pas bilan maydonda to‘p tepib yuribsizlar. Katta arenalarda, bunday kasbiy mahoratsizlik yarq etib, “porlab” ko‘rinarkan.

Huddi shu muammo Shohruh Gadoyev (29 yosh), Sardor Rahmonov (26)da ham bor. Yuqoridagilardan farqli ravishda, Shohruh Gadoyev og‘ir jarohatdan keyin o‘zini yoshlikdagi gumburlab chiqqan “oltin forma"siga qayta olmadi va hozirgi zarbalarida oddiy kuch ham yo‘q.

Sardor Rahmonovni zarbalarida esa, aksincha kuch ham bor, aniq pas bera olish mahorati ham bor - lekin pas berishda xato qilishdan qo‘rqadi. Xolbuki, Sardor o‘z vaqtida yoshlar terma jamoasida o‘ynaganida - uzoqdan yo‘llagan kuchli zarbalari va uzun paslari bilan ham esda qolgan edi. Demak, Sardorda hozirda xato qilish fobiyasi mavjud.

Aslida, Sardor Rahmonovning jismoniy potensiali yaxshi, bosh bilan o‘ynashi a’lo, biroq o‘yin paytida vaziyatni o‘z qo‘liga olib, uzun paslarni xato bo‘lsa ham oshirib va darvoza tomon kuchli zarbalar yo‘llab turishidagi xatoliklardan qo‘rquvi – uning bor mahoratidan ustun kelib, uni o‘rtamiyona o‘yinchiga aylantirib qo‘ygan.

Sardorning asl mahoratiga teng bo‘lgan boshqa ampluadagi jamoadoshlari Yovan Jokich va Husniddin G‘ofurovlarda esa, shu qo‘rquv yo‘q va ular xato bo‘lsa ham uzoqdan zarba yo‘llashadi, uzun "naves"larni qilaverishadi va yakunda ularni narxlari ham, o‘yin paytida to‘plagan foydali koeffisiyent ballari ham yuqori bo‘laveradi.

Qachongacha xato qilishdan qo‘rqib to‘p tepasan, Sardor?! Imkoniyating aslida MTJda o‘ynashga ham tortadi!

Xuddi shunday uzun va aniq pas berishni “Paxtakor”dan Sardor Sobirho‘jayev (26 yosh) ham bilmaydi. Ishonmasangiz, birgina “Paxtakor”ning oxirgi “Sharja”ga qarshi o‘yinini youtube'dan qidirib tomosha qilib ko‘ring. Sardor butun o‘yin mobaynida unga kelgan to‘plarni oldinga kalta yoki uzun paslar bilan oshirib, xavfli va keskin vaziyatlar yaratish o‘rniga to‘pni har safar orqaga himoyachilarga, darvozabonga uzataverdi. Jamoa pozision hujum uyushtirish niyatida to‘pni Sardorga uzatadi, u esa to‘pni qabul qilishi bilanoq o‘z darvozasiga qarab o‘girilib, o‘sha orqa tomondagi jamoadoshlariga to‘pni yerlatib uzataveradi. Maqsad, to‘pni raqibga oldirib qo‘ymaslik uchun to‘pdan tezroq xalos bo‘lish. Juda ham saviyasiz va primitiv qaror. Bu ishni men ham uddalay olaman. Bu ham uni xato qilib qo‘ymaslik maqsadida kamchiligini berkitishni bir ko‘rinishi. 10-15 yil - kichik muddat emas, Sardor!

Aslida, futbolchini o‘z jamoadoshidan to‘pni qabul qilib olib, imkoniyat bo‘la turib to‘pni oldingi chiziqdagi sheriklariga oshirmasligi va to‘pni deyarli aksar holatlarda faqat o‘z darvozasi tomonidagi sheriklariga oshirishi – shu futbolchini shaxsan men uchun past toifadaligidan dalolat beradi.

Har kuni 20 minutdan shu kamchiliklarni ustida shug‘ullanilsa ham, o‘yin paytida tezda uzun va aniq pas berishni o‘zlashtirish mumkin edi. Boz ustiga, internet chiqqanidan keyin, xorijiy futbol ustalarini mahorat darslarini topib ko‘rib, qo‘llay olish texnikasini nozik jihatlarini o‘rgansa bo‘lar edi. Bor yo‘g‘i 20 minutdan o‘z ustida ishlansa, 10 yilda Sinisha Mixaylovich darajasida bo‘lmasa ham, har holda Dragan Cheran darajasida aniq pas berishni o‘zlashtirsa bo‘lar edi.

Bu tilga olingan futbolchilar, aslida Osiyoning katta arenalarida chiqa olgan futbolchilarimiz, ayrimlari hatto MTJga ham chaqirilgan.

Superligamizdagi boshqa futbolchilarni shu kamchiliklar prizmasidan kuzatsak, ahvol futbolni yig‘ishtirib, yoppasiga boksga o‘tib ketishimizga sabab bo‘ladi.

Shukrki, har xolda bokschilarimiz, deyarli har vaqt yuragimizdagi alamlarni oltin g‘alabalari bilan malhamlab kelishadilar.

Demak, o‘zbek futbolini elementar pas berishni o‘rgatadigan poydevori hisoblanmish bolalar murabbiylariga katta e’tibor qaratish lozim ekan. Bo‘lmasam, fonogramma futbol bilan guruh bosqichidayoq uyga qaytishga to‘g‘ri kelaveriladi.

Darvozabonlarimiz haqida umuman gapirmadim, bu maktab bizda chalajon holatda, afsus. Nega reaksiyasi yaxshi va yuragida o‘ti bor AGMKdagi Valijon Rahimov reaksiyasi o‘rtamiyona, polvonsifat Suhrob Sultonovga almashtirildi?! Nega “Paxtakor” 3 yildan beri bitta normal darvozabonni topa olmaydi?!

Uzundan uzun bu gaplarni yozishimga sabab, ichki chempionatlari haminqadar bo‘lgan Iroqning “Al-Quva Eyr Fors”ni “Paxtakor”dagi o‘zbekistonlik futbolchilariga qarshi jismonan teppa-teng kurashib, durangni tortib olishganiyu, Tojikistonning “Istiqlol”i aynan shu o‘zbekistonlik futbolchilarni yakunda 3-2 hisobda dog‘da qoldirishdi...

Bilmadim, kamida 2-3 avlodni alg‘ov-dalg‘ov zamonlarda boy berib qo‘ydik degan fikr bor.

Bor umid – Hojimuhammad Erkinov (19 yosh), Ibrohimxalil Yo‘ldoshev (20 yosh), Diyor Xolmatov (18 yosh), Oybek Bozorov (23 yosh), Husayn Norchayev (19), Sherzod Nasrullayev (22 yosh) kabi yoshlardan endi. Timur Kapadzening “Olimpik” jamoasi tarkibida ham men o‘yinlarini hali ko‘rmagan aynan shunday mahoratlari yoshiga nisbatan erta porlagan o‘yinchilar borligiga ishonaman, har xolda Kapadze sutni qatiqdan ajrata oladigan murabbiy.

Futbolda ham teatr, rassomchilik, opera san’ati kabi – bor mahorat keng ommaga namoyish qilinadi, bu davlat ishi emaski, qog‘ozda chiroyli qilib “chizib” berib, ochko olib martabalarga erishiladigan.

O‘sha gap, 10 yil, ayrim hollarda 15 yil – kichik muddat emas!

Furqat Qurbonov.

Postskriptum: yuqorida tilga olingan Tojikistonni “Istiqlol” jamoasi Saudiyaniyen “Al Hilol”iga Ar-Riyodda 0:1 hisobida yutqazib turib, yakunda 4:1 birga “qoqib” qo‘ydi! Oshing bo‘lsin, “Istiqlol” Dushanbe!

Kiritildi: 10:30, 25.04.2021.
O'qildi: 3308 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.