Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/04 00:00 Aston Villa 2-2 Chelsi
28/04 00:00 PSJ 3-3 Gavr
28/04 00:00 Atletiko 3-1 Atletik Bilbao
28/04 13:00 Tojikiston 5-5 O‘zbekiston
28/04 15:30 Inter 2-0 Torino
28/04 16:00 Mets 1-2 Lill
28/04 16:00 Tailand 1-4 Eron
28/04 17:00 Kadis 1-1 Malyorka
28/04 18:00 Tottenhem 2-3 Arsenal
28/04 18:00 Bornmut 3-0 Brayton
28/04 18:00 Loryan 1-2 Tuluza
28/04 18:00 Klermon 4-1 Reyms
28/04 18:00 Strasbur 1-3 Nissa
28/04 18:00 Bolonya 1-1 Udineze
28/04 19:00 Indoneziya - O‘zbekiston
28/04 19:15 Granada 3-0 Osasuna
28/04 20:05 Renn 4-5 Brest
28/04 20:30 Nottingem Forest 0-2 Manchester Siti
28/04 21:00 Napoli 2-2 Roma
28/04 21:00 Atalanta 2-0 Empoli
28/04 21:30 Vilyarreal 3-0 Rayo Valyekano
28/04 22:00 Lion 3-2 Monako
28/04 22:30 Yaponiya - Iroq
28/04 23:45 Fiorentina 5-1 Sassuolo
29/04 00:00 Marsel 2-1 Lans
29/04 00:00 Betis 1-1 Sevilya
29/04 23:45 Jenoa - Kalyari
30/04 00:00 Barselona - Valensiya
30/04 05:00 Borussiya D - PSJ
30/04 05:00 Borussiya D - PSJ
01/05 00:00 Bavariya - Real Madrid
01/05 00:00 Bavariya - Real Madrid

Andrey Shevchenko: “16 foiz nishablikka qarab yugurardik...”

Andrey Shevchenko: “16 foiz nishablikka qarab yugurardik...”

Baho:
+ | -

Ukraina milliy jamoasi bosh murabbiyi Andrey Shevchenko Corriere della Sera nashriga bergan intervyusida faoliyat yo‘lini esladi - Chernobildagi dahshatli portlash, "Milan" bilan shartnoma tuzishi, Istanbul finali... Aytishicha, uni o‘sha o‘yin haligacha qiynayotgan ekan.

- Chernobildan atigi 200 km. uzoqlikda ulg‘ayish qanday...?

- Hammasi men uchun odatiydek edi. Umid qilamanki, bu gapimdan hech kim hayratga tushmaydi. Portlash yuz bergan vaqtda 10 yoshda edim. Deylik, ko‘cha futbolidan jinnilarcha zavqlanardim. Keyinchalik Kiyev "Dinamo"si akademiyasiga bordim va u yerda o‘zimni orzular mamlakatiga tushganday his qildim. CHECning 4-reaktori portlagach, hammamizni akademiya hududidan olib ketishdi.

- O‘sha paytdan aynan nimalarni eslaysiz?

- Maktablar darhol yopilgandi. 6-15 yoshli bolalarni avtobuslarda sobiq ittifoqning turli hududlariga olib ketishgan. Jumladan, men avvaliga Azov, keyin Qora dengiz sohida yashadim - uydan 1500 kilometr uzoqlikda. Muhimi, hech qanday og‘riq sezmaganman, hozirgacha falokat asoratini bilmayman. Qisqasi, o‘zimni kinodagidek his qildim, boshqa joylarga ko‘chishni sayohat kabi o‘tkazdim. Chunki hali tashvishi yo‘q bola edim.

- Umuman, sobiq ittifoq haqida qanday xotiralar mavjud?

- Yashash sharoiti yomon emasdi, hamma teng huquqli edi. Shuningdek, eng chekka tumanlarda ham sport maktablari faoliyat yuritardi. To‘g‘ri, mamlakat yopiq edi, shuning uchun odamlar ham yopiq sanalgan. Boshqacha hayot qandayligini hattoki, tasavvur ham qilolmasdi, odam o‘sha davrda.

- Qiziq, boshqacha hayot borligini qachon va qanday bildingiz?

- 12 yoshda Italiyaga bordim. Bizni Agropoli shahridagi turnirga taklif qilishgandi. Ketishdan oldin barchamizga o‘zimizni yopiq tutish va boshqalarga aslo ishonmaslik haqida ko‘rsatma berildi. Amalda Italiyada qor quyosh nurida erigandek muloyimlashdik. Chunki italyanlar biz bilan samimiy jilmayib  salomlashdilar. O‘shandayoq kun kelib, bu yerga yana qaytishni o‘ylaganim esimda.

- Kiyevlik do‘stlaringiz bilanmi?

- Ochig‘i, bizning tumanda do‘stlarim tobora kamayib borardi. Ularning ko‘pi vafot etgan. Radiasiya tufayli emas, balki spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar, qurollar ortidan... O‘sha yillar sobiq ittifoqning darz ketayotgani tobora yaqqolroq sezilayotgandi. Keyinchalik hammasi - biz tug‘ilgan dunyo birdan qulab tushdi. Do‘stlarim mamlakatdagi ko‘plab insonlar qatori hayotga ishonchni yo‘qotdilar va yo‘ldan adashdilar.

- Siz qanday qutulib qoldingiz?

- Onam va otamning muhabbatiyu sadoqati tufayli. Shuningdek, futbolga nisbatan mehr ham kuch berdi.

- Hozir o‘zingizni dunyo fuqarosidek his qilasizmi yoki ukrainaliksiz, baribir?

- Qayerda yashama, o‘tmishing seni doim topadi. Mana, Londonda yashayapman, turmush o‘rtog‘im amerikalik, farzandlarim ikki mamlakat fuqaroligiga egalar. Ammo o‘zim qalban ukrain bo‘lib qolaveraman. So‘nggi yillarda jonajon yurtimda kuzatilayotgan noxush voqealar esa shunchaki, qalbimni ezmoqda...

- Polkovnik Lobanovskiy qanday inson edi?

- U hayotimning ajralmas qismi edi va hozir ham shunday. Ayniqsa, 18-21 yosh oralig‘ida Lobanovs­kiyga juda yaqinlashgandim. Bu davr men uchun futbol yo‘lidagi eng murakkab va muhim oraliq hisoblanadi.

- Qattiqqo‘l o‘qituvchi, shundaymi?

- Bundan ham battar... Lobanovskiy bolalar "o‘limdan qaytish" deb ataydigan mashqlarni 10 martalab takrorlashga majbur qilardi. Misol uchun, 16 foiz nishablikka qarab yugurardik. Faqat qo‘rqmagan o‘yinchigina asosiy tarkibga tushardi. Agar hamma bir xil bo‘lsa, unda har birimizga ma’lum vaqt ajratilardi. O‘ylaymanki, shu azoblar ortidan tezligim oshdi, chidamlilik rivojlandi. Qisqasi, Valeriy Vasilyevich o‘ta qattiqqo‘l edi, shuning barobarida halol va adolatli.

- Qachondir barchasidan qo‘l yuvish haqida ham o‘ylaganmisiz?

- Hech qachon. Aksincha, har doim mashg‘ulotlarga och edim. Pul topish ilinjida emas, balki birinchi navbatda, muvaffaqiyat uchun. Ya’ni o‘zim yoqtirgan ishda katta yutuqlarga erishishni xohlardim. Misol uchun, "Milan" bilan birinchi marta shartnoma tuzganimda, unda yozilgan raqamlarga qaramaganman hatto.

- O‘zi Italiya klubida qanday paydo bo‘lib qoldingiz?

- Aryedo Braydega katta rahmat. U menda hattoki, o‘zim sezmagan iqtidorni vaqtida payqadi. Esimda, Brayde bir safar Gallianini meni ko‘rish uchun Ukrainaga olib kelganida, kutilmaganda, o‘yinim umuman chiqmagandi. U o‘shanda ham meni himoya qilgan. Keyin meni shartnoma tuzishga ko‘ndirish uchun uyimizga kelganida, "Milan"ning ortiga familiyam yozilgan futbolkasini sovg‘a qildi va qo‘shib qo‘ydi: "Bunda bizga "Oltin to‘p" yutib berasan". Shunda otam kuldi, men ham. Qarang, haq ekan.

- Sizningcha, o‘sha "Milan"ni aynan nima yuqori darajaga olib chiqqandi?

- Bizning muvaffaqiyatimiz ortida iste’dod emas, balki insoniy fazilatlar katta rol o‘ynadi. Jamoada aqlli odamlar guruhi to‘plangan edi. Aslida hammamiz qaysidir ma’noda murabbiy yoki menejerga aylangandik.

- Xo‘sh, futbol haqida kim ko‘proq o‘ylardi?

- Filippo Inzagi shunchaki, futbolga qorishib ketgandi. Manchesterdagi final oldidan erta tong­da uyg‘ondim va derazani ochdim. Jamoamiz golf maydoniga tutashgan mehmonxonada joylashgandi. Atrofga nazar tashlab, yolg‘iz yugurayotgan yigitni ko‘rdim: u hujumchi harakatlarini takrorlardi, aylanardi, xayolan nishonga olardi, ortiga o‘girilardi. Bu aynan Pippogol edi.

- Savol emas, shunchaki bitta so‘z: Istanbul.

- Bu haligacha qonayotgan yara. Boshqa narsa emas. Finalning ertasiga "Milan" birinchi bo‘limdan keyinoq g‘alabani nishonlay boshlagani haqida yozishdi. Aslida bunday emas. Deylik, tanaffusda Paolo Maldini birinchi bo‘lib ogohlantirdi: "Liverpul" - 0:3 hisobida ham taslim bo‘lmaydigan jamoa. Buni hech kim unutmasin!" Keyin hammamiz bu so‘zlarni bir-birimizga takrorladik.

- Ammo g‘alaba naqddek tuyulgan finalni qanday boy bergansizlar?

- O‘sha alamli mag‘lubiyatdan ke­yingi dastlabki 3 oy davomida tunda baqirgancha uyg‘onib ketib, beixtiyor nega shunday bo‘lganini o‘ylardim. Mana, oradan 16 yil o‘tsa hamki, shu haqda o‘ylayman, ammo tayinli javob yo‘q. Ko‘plab jamoadoshlarim bu o‘yinni boshqa hech qachon ko‘rishni xohlashmadi. Men esa uning har bir lahzasini yoddan bilaman.

- Asosiy xulosa qanday?

- Sababini hali ham izlayapman. Yaqqol favorit edik, juda yaxshi o‘ynagandik. Raqib sardori Jeymi Karragerning bir holati hamon ko‘z o‘ngimda. Asosiy vaqtning oxirida undan yengilgina qochib ketdim, chunki yoshroq va tezkorroq edim. U ortimdan yugurardi, hansirashi yaqqol eshitib turardi. To‘g‘risi, Jeymi o‘shanda to‘pni qanday olib qo‘yganini tushunmaganman. Qisqasi, "Liverpul"da 1 foizgina imkoniyat bor edi va u bor kuchi bilan shunga yopishdi. Faqat tasanno aytish mumkin.

- Imkon berilsa, nimani o‘zgartirardingiz?

- Endi murabbiy sifatida o‘ylayman: darvozamizga 3ta gol urilgan o‘sha la’nati 6 daqiqa o‘yinimizni buzib yuborgan bo‘lsa kerak. O‘shanda bir muddat to‘xtab, nimanidir o‘zgartirish kerakmidi? Ammo bu gapim jamoani juda yaxshi tayyorlagan Karlo Anchelottiga tanqid emas. Bilaman, ayrim muxlislar fikrimga qo‘shilmaslar, ammo "Liverpul" - "Milan" uchrashuvi futbolning nafisligi va go‘zalligiga yaqqol isbotdir. Faqat shunisi borki, bu go‘zallik ba’zan o‘ta shafqatsiz bo‘ladi.

- Bugungi futbol sizga yoqyaptimi?

- Faoliyatimni 2012 yili yakunladim. Umuman, bizning davrdayoq futbol pul bilan qorishishga ulgurgandi. Lekin muxlislar, futbolchilar va menejerlar har doim muhim. Boshqasi bekor.

- "Milan"ni ertaroq tark etganingizdan afsuslanganmisiz?

- O‘shanda Galliani va Berluskoni har qanday yo‘l bilan meni olib qolishga urinishdi. Qolaversa, "Milan" haqiqiy uyimga aylanib ulgurgandi. Hattoki, bugun ham shahar bilan kuchli aloqani his qilyapman, garchi olisda yashasam ham. Lekin tanlov o‘zimniki edi. Roman Abramovich chamasi 3 yil davomida murojaat qilishdan charchamadi. O‘shanda 30 yoshda edim - yangi tajriba uchun to‘g‘ri vaqt. Afsuski, "Liverpul" bilan revansh jangini o‘tkazib yubordim. Qolaversa, "Chelsi"da ishlarim uncha yurishmadi, jismoniy tomonlama muammolar ichida qolib ketdim. Ammo bu xato emasdi. Manchester penaltisini eslang. Qaror qabul qildingizmi, uni o‘zgartirmang. Butun hayotim davomida bu aqidadan chekinmaganman va hammasi men uchun uncha yomon bo‘lmadi...

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:30, 06.05.2021.
O'qildi: 3301 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.