«Yuventus» sohibi Yevropa Superligasi loyihasida munofiqlarga xos yo‘lni tanlab, 200ta klubga qarshi ish olib bordi va o‘zining do‘sti, qizining tutingan otasi bo‘lmish UYEFA prezidentiga xoinlik qildi.
Andrea Anyelli - «Yuventus» prezidenti. Superliga loyihasida u «Real» prezidenti Florentino Peresning asosiy o‘rinbosari va sherigi. Shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan voqealardagi eng muhim shov-shuvning sababchisi. Peres Superliga xususida anchadan beri va ochiq-oydin gapirayotgan bo‘lsa, Anyelli uning josusi sifatida xufyona ish yuritgan. U yevroklublarning yetakchi maslahat kengashi organi va UYEFA prezidentining shaxsiy hayotiga suqilib kirgan, «Yuventus»ni yangi voqelikka tayyorlagan holda o‘z rejalarini sir saqlagandi.
Superliga loyihasining barbod bo‘lishi Anyellini jiddiy yo‘qotishlarga olib keldi. Deyarli barcha isyonchi klublar sohiblari biror-bir muammosiz avvalgi pozisiyalariga qaytib, faoliyatlarini davom ettira oladilar. Ammo Anyelli bunday qila olmaydi. Chunki u o‘zgacha toifadagi isyonchi.
Anyelli UYEFAga maqbul bo‘lgan yagona top-klublar guruhining rahbari sifatida oppozision Superliga taklifini rad etgandi. 2017 yilning sentyabrida u Yevropa klublar assosiasiyasi (EKA) rahbariga aylangach, futbol strukturasida katta ta’sir doirasiga ega bo‘ldi.
YEKA «ko‘hna qit’a»ning 247ta klubidan tashkil topgan yirik tashkilot edi. U yerda a’zolar o‘zaro muloqotda bo‘lib, manfaatli islohotlar, yevrofutbol taraqqiyotiga oid qarorlarni ko‘rib chiqishar, o‘z munosabatlarini bildirishardi. UYEFA uchun YEKA klublar manfaatini himoya qiladigan birdan-bir qonuniy organ, ya’ni klublar kasaba uyushmasi edi. U bilan bamaslahat faoliyat yuritish UYEFAga qit’a futbolini nazorat qilish imkoniyatini berardi. Ungacha tashkilot muqobil pozisiyadagi, bahslashishni xush ko‘radigan G-14 guruhi bilan hamkorlik qilar va asosan futbolchilarning terma jamoalardagi ishtiroki uchun klublar oladigan tovon pullarini belgilash masalalari bilan shug‘ullanardi. Keyinchalik o‘tkazilgan islohotlar natijasida G-14 hajm jihatidan ulkan, lekin tajovuzkorligi sust bo‘lgan YEKAga aylandi.
Assosiasiya UYEFAga qarshi keskin qadamlarni qo‘llab-quvvatlamasdi. 2018 yilning oxirida Anyelli Yevropa Superligasini tashkil etish g‘oyasini olg‘a surdi. Top-klublar bu loyihani Anyellining ishtirokisiz muhokama qilishdi: «Kelajak belgilangan emas, ammo «Yuve» va YEKA nomidan Superliga g‘oyasini rad etishim mumkin».
«Real» 5 yil ichida 3 marta YECHL g‘olibligiga erishgan paytda nima uchun Peresga Superliga kerak bo‘lib qoldi? Uning puli ozmi yoki tanazzulga yuz tutdimi? Yoki g‘oyalar shaydosimi?
Anyelli esa o‘z vaqtida FIFA tomonidan olg‘a surilgan KJCHning kengaytirilgan variantiga qarshi chiqqandi. U chetdan keladigan har qanday yangilikni rad etardi. Biroq uchinchi yevrokubok g‘oyasiga qarshi emasdi. Mart oyida u YECHLning yangi formati xususida bayonot bergandi.
Anyelli va UYEFA rahbari do‘st edilar. Ammo...
Andrea Anyelli va Aleksander Cheferin deyarli bir paytda yirik futbol tashkilotlari boshqaruvini o‘z qo‘llariga olib, tezda do‘stlashib ketishdi. Yaqinlik shu darajaga yetdiki, Cheferin Anyelli qizining cho‘qintirgan otasiga aylandi. Va albatta, do‘stona munosabatlar uchun turli ayblovlarni ham eshitdi. Mana, ulardan biri: qiziga ko‘rsatilgan ehtirom uchun Anyelli Cheferinga «Ferrari» sovg‘a qilgan va xususiy samolyotidan foydalanish huquqini bergan ekan. Cheferin bularni inkor etdi: «Ferrari»da hatto o‘tirgan ham, samolyotda uchgan ham emas.
Biroq ideologiya frontida ularning o‘zaro ta’siri sezilib turardi. O‘zining saylovoldi dasturida UYEFA rahbari mitti klublar va davlatlar manfaatlarini himoya qilish rejasini olg‘a surgandi. Lekin keyinchalik o‘zgarishlar kiritib, top-klublarga yon bosa boshladi.
UYEFA hamda YEKA o‘rtasidagi munosabatlar rahbarlarning shaxsiy munosabatlaridan andoza olardi. Anyelli «Superliga bo‘lmaydi» degan bayonotni e’lon qilganida Cheferin uning yonidagi stulda o‘tirgandi. 2017 yilning noyabrida ular o‘zaro kelishuv memorandumi muxlatini 2024 yilga qadar uzaytirishni ma’lum qilganlarida, ya’ni mavjud formatga zid bo‘lgan turnirlarga yo‘l qo‘ymasliklari xususida kelishuvni imzolashni aytishgandi.
Endi hammasi barbod bo‘ldi.
Cheferin buni dushanba oqshomida, matbuotdagi «portlash»dan keyin tushundi: «Hayotda ko‘plab voqealarga guvoh bo‘ldim. Huquqshunos lavozimida ishladim, jinoiy ishlarni ko‘rib chiqdim, turfa kishilarga duch keldim. Ammo bunaqasini hech qachon ko‘rgan emasman. Anyelli xususida ko‘p gapirishni istamayman. Bu men uchun hayotimdagi eng katta ko‘ngilsizlik. Shu qadar ko‘p yolg‘on gapirgan kishini ko‘rmagandim. Aql bovar qilmaydi. Shanba kuni turli mish-mishlar tarqaganida, u shunday degandi: «Xavotir olma, hech narsa bo‘lmaydi», keyin qo‘shimcha qildi: «Bir soatdan keyin qo‘ng‘iroq qilaman». Va telefonini o‘chirib qo‘ydi. Bir kundan keyin yangilikdan xabardor bo‘ldim».
Anyelli «Yuve»ning
yo‘nalishini o‘zgartirdi. Endi butun futbolni o‘zgartirmoqchi
U 11 yildan beri «Yuventus»ni boshqarmoqda - bu davr ichida klubda global o‘zgarishlar yuz berdi: sport, biznes-loyiha va brend sifatida.
Anyelli kelgan payt klub mojarolar changalida qolgan, moliyaviy muammolarga duch kelgandi. Qatorasiga ikki mavsumni jamoa 7-o‘rinda yakunladi, tarkib o‘rtamiyona, murabbiylar qo‘nimsizligi avj olgandi.
Shu paytgacha «A» seriyada ishlamagan Antonio Konteni aynan Anyelli bosh murabbiy lavozimiga olib keldi. Juzeppe Marottani ham u taklif etib, klub menejmentini jonlantirdi, bir qator samarali kelishuvlarni amalga oshirdi. «Milan»da omadsizlikka duch kelgan Allegri ham Anyelli tufayli «Yuve»ga o‘tdi. Anyelli davrida jamoa 9ta chempionlik, 4ta Italiya kubogi, 5ta superkubokni qo‘lga kiritdi, 2 marta YECHL finaliga chiqdi.
Shu bilan birgalikda, Anyelli Ronalduni Turinga olib keldi, ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirdi. «Yuventus» ramzi o‘zgardi, stadion nomi sotib yuborildi va 1903 yildan beri ilk marta klub libosidagi yo‘l-yo‘l chiziq olib tashlandi. 10-yillar o‘rtasida prezident klubni MBA va MXL jamoalaridan ibrat olishga da’vat etishga kirishdi: «Bizni o‘zgarishga majbur etishlaridan avval o‘zgarishimiz lozim. Biz «Yuventus» milleniallar, ayollar va bolakaylar qiziqishini tortishini istaymiz. Shanxaydagi qizaloq yoki Mexikodagi tineyjer biz haqimizda qanday fikrda ekanligini bilishni istaymiz».
«Keksa sinyora» prezidentidan yana bir muhim bayonot: «Emishki, men «Yuve»ga uslubini qaytaribman. Biroq men uning uslubidan bexabarman. Bu borada nuqul chetdagi kishilar munozara qiladilar, ammo klubda ishlayotganlar jim. Balki «Yuventus»ning uslubi g‘alaba qozonishdir. Men uchun - nafaqat maydonda yuz beradigan va muxlislar tomosha qiladigan g‘alaba, balki qo‘lga kiritilgan sovrinlar va moliyaviy barqarorlikdir».
Biroq sovrinlarni ko‘paytirish anchadan beri Anyellining birdan-bir maqsadi emas. Uning falsafasi o‘zgargan. «Yuventus» biznesga mukkasidan ketdi. Sarri, Ronaldu, Pirlo - bularning barchasi o‘yin uchun emas, brend uchun mo‘ljallangan. Ya’ni, prezident «Yuve»ni avval tijorat yo‘liga burdi va maqsadiga erishdi. Endi u muvaffaqiyatni butun futbolga tatbiq etmoqchi.
«Amaldagi tizim zamonaviy muxlisga mo‘ljallangan emas. Yosh muxlislarning 2|3 qismi top-klublar bellashuvlarini tomosha qiladilar. Kelajak haqida qayg‘urish bizning burchimiz. Futbol keyingi o‘n yillikda birinchi raqamli sport turi maqomida qolishi lozim. Hozirgi auditoriyaning didi rivojlanib, noziklashib bormoqda. Yangi avlod vakillari 5 yildan keyin mahsulotimizning asosiy iste’molchilariga aylanishlarini inobatga olgan holda, o‘zimizga savol beraylik: o‘shanda ham ularni bugungi mahsulotimiz - o‘yinimiz sifati qoniqtira oladimi? Ularni qiziqarli turnirlar bilan ta’minlashimiz shart».
Qanday qilib Anyelli Italiyaning eng badavlat oilasi merosxo‘riga aylandi?
1. Andrea - Umberto Anyellining o‘g‘li.
2. Umberto Anyelli - Janni Anyellining ukasi.
3. Janni Anyelli - FIAT hamda «Yuventus» tarixidagi asosiy shaxs va Italiyaning XX asrdagi eng muhim kishilaridan biri.
Janni turinlik urug‘-aymoqlarini ko‘tardi: avtokompaniyadagi sheriklarini siqib chiqarib, Yevropada birinchi bo‘lib ishlab chiqarishda konveyer usulini joriy etdi. Birinchi jahon urushi davrida qurol-aslaha ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Urushdan keyin mamlakat qashshoqlashib qoldi, iqtisodiyotning 75 foizi qishloq xo‘jaligi zimmasiga tushdi. Janni Anyelli iqtisodi oqsab qolgan o‘lkani ajoyib Shimolga ega bo‘lgan qudratli sanoat markaziga aylantirdi. Yalpi mahsulot hajmi bo‘yicha Italiya jahonning yetakchi davlatlari qatoriga ko‘tarildi.
Bir necha o‘n yilliklar davomida Janni mahalliy avtosanoat korxonalarini o‘z tasarrufiga olib, qurilish, neftni qayta ishlash, mahsulotlar ishlab chiqarish va media tarmoqlariga sarmoyalar kiritdi. 80-yillarda FIAT dunyodagi eng yirik avtokompaniya maqomiga ega bo‘ldi.
Italiya iqtisodiyotining 25 foizi Anyellilar oilasiga tegishli edi. U o‘ziga xush kelmagan davlat arboblarining tayinlanishiga yo‘l qo‘ymas, biznesga xalal beradigan davlat qarorlarini bekor qilardi. Shuningdek, manfaatli qonunlarni joriy etardi. Masalan, yapon avtomobillarining Italiyaga importini taqiqlab qo‘ydi. Xalq orasida paydo bo‘lgan hikmat bejiz emasdi: «Anyelliga yoqqan narsa - Italiyaga yoqadi».
Janni va ukasi Umberto o‘rtasidagi munosabat ota-bola munosabatidan farq qilmasdi. Shu bois, Andrea aslida Jannining jiyani bo‘lsada, amalda nabira maqomida. O‘g‘li dunyoga kelguniga qadar, Andrea Anyellilar sulolasining so‘nggi erkak vakili edi. U avval Oksford kollejida, keyin Milandagi «Bokkoni» universitetida tahsil olgan. Universitetdan keyin Yevropadagi yirik kompaniyalarda savdo va marketing masalalari bilan shug‘ullandi. 90-yillar oxirida «Yuve»ning tijorat bo‘limida brendni rivojlantirishga yordam berdi. Marketing sohasidagi uzoq faoliyatdan so‘ng u homiylik va tashqi aloqalar yo‘nalishida ham xizmat qildi. Keyin o‘z kompaniyasini ochib, biznes bilan shug‘ullana boshladi. Shu bilan birga, sport olamiga kirib keldi: Andrea avvaliga golf-klubda bosh direktor lavozimida ishladi. Keyin futbol tizimiga o‘tib, 34 yoshida «Yuventus» prezidenti lavozimini egalladi.
X.YUSUPOV tayyorladi