Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Omad har doim ham kuchlilarga kulib boqmaydi. Ular uchun turnir o‘z yakuniga yetdi

Omad har doim ham kuchlilarga kulib boqmaydi. Ular uchun turnir o‘z yakuniga yetdi

Baho:
+ | -

Yevro-2020 turninining nimchorak final o‘yinlari kutilgan va kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. Kutilmaganlari ayniqsa ancha ko‘p bo‘ldi. Biz bu bosqichdagi har bir o‘yindan zavq oldik, hayratlandik va oxir-oqibat o‘rganib ham qoldik. Odatda, o‘yindan oldin taxminlar qilamiz va ich-ichimizdan baribir kuchliroq jamoaning g‘alaba qozonishini sezamiz. Bu turnirda yoki kuchli jamoalar yoki sezgi organlarimiz pand bermoqda. Keling, o‘sha daqiqalarni yana bir eslab o‘tamiz. 

"Sizlar hujum qiling, biz g‘alaba qozonamiz"

Portugaliya - Belgiya. Katta afishaga ega qiziqarli va eng muximi ikki favorit o‘rtasidagi bahs. Belgiya guruh bosqichidan 100 foizli natija bilan chiqqan edi. Portugallar esa "o‘lim" guruhidan bir amallab 3-o‘rinni olib chiqdi, ammo bu fojia emas. Chunki, portugallar bu o‘rinni olib chempion ham bo‘lgan edi 4 yil ilgari. Xullas, bu o‘yinda Ronaldu va uning jamoadoshlari ustunlik qildi, hujumlar uyushtirdi, zarbalar berdi, ammo to‘p darvozaga kirishni xohlamadi yoki Kurtua bunga to‘sqinlik qildi. Ha, aytgancha Tibo o‘z hamkasbidan farqli o‘laroq, baribir darajasini ko‘rsatdi. Ruy Patrisiu esa Torgen Azarning kuchli zarbasini o‘tkazib yubordi. Bu gol amalda hammasini hal qildi. Hisobda ustunlikka erishgan Belgiya tartibli himoyalana boshladi. Martinesdan to‘g‘ri yurish va qisman omad evaziga ular keyingi bosqichga chiqdi. 29 ta zarba, 2 ta darvoza to‘sini, yaqqol ustunlik, ammo bu g‘alaba emas, shunchaki statistika.

"Uchmay qo‘ygan gollandlar"

Niderlandiya - Chexiya o‘yinida bir jamaoning tarkib va natijalar jihatdan ustunligi yaqqol sezilib turar edi. Nimagadir, bularning hech biri maydonda sezilmadi. Agar, Portugaliya kabi hujumlar qilib, gol ura olmaganda ham omadi kelmadi deyishimiz mumkin, ammo omadning bu mag‘lubiyatga daxli ham, aybi ham yo‘q. "Omadsizlik evaziga mag‘lub bo‘ldik", deyishga, niderlandiyaliklarning haqqi ham yo‘q. Jamoa elementar xatolarga yo‘l qo‘ydi. De Ligtning qizil qartochkasi esa mantiqan o‘yinga nuqta qo‘ydi. O‘zi 11 kishi bo‘lib aytarli ish qila olmayotgan "lolalar yurti" vakillari 10 kishi bilan sochilib ketdi. Total futbol bilan 20 asrda millionlab muxlislarni ko‘nglidan joy olgan "uchar gollandlar" uchmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Chexlar maydonda ularga uchish imkoniyatini bermadi, ammo eng birinchi reys bilan o‘z yurtlariga uchib ketishga sharoit yaratib berdi. Parvozining behatar bo‘lsin!

"Nomi ulug‘, suprasi quruq"

Fransiya - amaldagi jahon chempionlari va Yevro 2016 finalchilari. Tarkib bir tekis va yulduzlarga to‘la. Ularning nimchorak finaldagi raqibi esa Shveysariya. Tan olish lozim, fransuzlarning muvaffaqiyatini ko‘pchilik kutayotgan edi. Balki, bu Fransiyaga ishonmayotganlar ham topilgandir, ammo mazkur bosqichdagi raqibidan o‘tishi ehtimoli yuqori edi. O‘yining 80-daqiqasiga qadar bu ehtimollarimiz ortsa ortdi, ammo kamaymadi. Garchi, Seferovich hisobni ochib bergan bo‘lsa ham, Benzemaning dubli va Pogbaning super zarbasi shubhalarni aritdi. 81-daqiqada yana o‘sha Seferovich hisobni qisqartirdi. 90-daqiqada esa Gavranovich jamoasining uchinchi golini urdi. O‘yin dinamikasi so‘nggi daqiqalarda shunchaki pikka chiqdi. Balki, bu gallyusinasiya hodisadir, deya bir ko‘zini ochib, yana televizorga qayta qaraganlar ham bo‘lgandir. Ishonavering, bu shunchaki bir jamoaning maksimal o‘ziga bo‘lgan ishonchi, irodasi va buning evaziga olgan mukofotidir. Shunday qilib, ekstra taymlar guvohi bo‘ldik. Unda esa ikkala terma jamoa ham charchab qolgani ayon bo‘ldi. Yakunda penaltilar seriyasiga gal keldi. Buyog‘iga iqtidor, klass va yulduzlar yordam bera olmaydi. Hammasi ruhiyatga va qisman omadga bog‘liq. Ikkala jamoada ham barcha urinishlar muvaffaqiyatli yakunlanayotgan edi, ammo fransuzlarda eng so‘nggi zarbani yo‘llagan Mbappe drammatik bahsni o‘zlari uchun "tragediya"ga aylantirib yubordi. Balki, ular o‘sha 3-1 hisobidan keyin g‘alaba qozondik, deb o‘ylab, biroz o‘zlarini yengil his qilishgandir, ammo bu kabi katta turnirlarda har qanday holatda konsentrasiyani yo‘qotmaslik zarur. Desham ham shogirdlari ham o‘yinda xatoga yo‘l qo‘ydi va buning evaziga jazolanishdi. Ishonavering, ular hali bu mag‘lubiyatni uzoq eslab yurishadi. 

E’tibor bering, biz mazkur chempionatning endigina nimchorak finalidamiz va shu bosqiching o‘zidan shuncha voqealar ro‘y berdi. Buyog‘iga turnir bundanda qiziq bo‘lishi ehtimol yuqori. Olgan taassurotlarimiz hali anchaga yetadi, ammo bizni yana o‘yinlar kutib turibdi. Shunday ekan, ko‘rganlarimiz bu ibtido, imtiho esa bundanda qiziq bo‘lishiga zarracha shubham yo‘q.

 

                                                                       Xudayqulov KARIM maqolasi

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 01:45, 30.06.2021.
O'qildi: 3733 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.