Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Tadqiqot: Ronalduning ajdodlari Afrikadan...

Tadqiqot: Ronalduning ajdodlari Afrikadan...

Baho:
+ | -

Ehtimol, Krishtianu Ronalduning bo‘rtib chiqqan mushaklari uning afrikalik, aniqrog‘i, Kabo-verdelik ajdodlariga borib taqalar... «Real Madrid»da tadqiqotchilar portuga­liyalik yulduzda sprinterlik tolalarini aniqlashgan. Kabo-Verde - Afrikaning g‘arbiy qismida joylashgan mamlakat, Atlantika okeanidagi arxipelag. Yevropaliklar u yerga XV asrda qadam bosishgan. Kabo-Verde 1975 yilgacha aynan Portugaliya mustamlakasi edi. Endi esa yarim million aholiga ega mustaqil mamlakat hisoblanadi.

BUVISI KABO-VERDEDAN...

Krishtianu Ronalduning ota tomondan buvisi aynan Kabo-Verdeda tug‘ilgan. Aniqrog‘i, Izabel Roza aholisi soni bo‘yicha Kabo-Verdeda 2-o‘rinda turadigan San-Visente orolida yashagan, 16 yoshida esa Madeyraga ko‘chib o‘tgan. Eslatma, Ronaldu shu shaharda dunyoga kelgan. Taniqli jurnalist Gilyem Balage 2015 yili Krishtianuning to‘liq tarjimai holini kitob shaklida nashr etgan va uning mushaklari kuchini ajdodlari afrikalik ekanliklari bilan izohlagandi. To‘g‘rirog‘i, shunday taxminni ilgari surgandi. «CR7. Mashina sirlari» nomli biografik asarda yozilishicha esa, «Real» shifokorlari Ronaldu organizmida ayniqsa, qora tanli sprinterlar uchun xos ikkinchi darajali tolalar borligini aniqlashgan. Kitob muallifi Luis Migel Pereyra buni alohida izohlagan ham: «Kuchli jismoniy qobiliyat - bu Ronalduning tan olingan fazilatlaridan biri. Uning ota tomondan buvisi qora tanli edi. Ehtimol, futbolchi organizmiga aynan afrikalik ajdodlari genlari ta’sir qilgandir. Ota tomonidan genlar mushaklardagi qarshilik orqali yuqishi mumkin. Ke­yinchalik barchasi yaqqol namoyon bo‘ladi». Luis Migel misol ham keltirgan: «Sporting» akademiyasida oyoqlarga mo‘ljallangan maksimal og‘irligi 250 kilogrammga teng maxsus trenajyor jihozi bor edi. Bu yosh Krishtianuga kamlik qilgan. Natijada akademiya og‘irlikni 400 kiloga ko‘tarish uchun qo‘shimcha uskunalarga buyurtma bergandi».

 

DAHSHATNAMOKO‘RSATKICHLAR QAYERDAN?

2006 yili o‘tkazilgan laboratoriya sinovlari shuni ko‘rsatdiki, Ronalduning sakrashi, zarbasi kuchi va tezligi me’yordan ancha yuqori. Tadqiqotchi Antonio Velozuning ta’kidlashicha, futbolchi bu ko‘rsatkichlar bilan sprinterlar va uzunlikka sakrovchi sportchilarga yaqin. Bosh bilan zarba - Ronalduning superkuchi. U mashg‘ulotlar jarayonida hattoki, professional basketbolchilardan ham balandroq sakraydi. Asosiy fakt - Krish bitta mashg‘ulot davomida bemalol naq 16ta avtomobil og‘irligiga teng yuklama olishi mumkin. Qo‘shimcha kuch - chidamlilik va harakatlarning rivojlangan koordinasiyasi. Ronalduga ayniqsa, ping-pong (stol tennisi) yordam berib, uning nozik mushaklari bo‘rtib chiqqan. Buni portugaliyalik bilan «MYU»da birga o‘ynagan Patris Evra ham tasdiqlagandi. U Ronaldu stol tennisida Rio Ferdinandga yutqazib qo‘yib, bundan qanday g‘azablangani va nima qilgani haqida gapirib bergan: «Krish - mashina. Ikkisi stol tennisida bellashdi va Rio g‘alaba qozondi. Shunda barchamiz baravariga baqirdik. Ronaldu shu qadar ranjidiki, asti qo‘yaverasiz. U darhol qarindoshlaridan birini chaqirtirdi va stol xaridiga jo‘natdi. Keyin ikki hafta davomida tinim bilmay shug‘ullandi va qaytib kelib, barchaning ko‘z o‘ngida Riodan mag‘lubiyat uchun o‘ch oldi. Bu - Krishtianu Ronaldu».

 

UY MUHABBATI - BINGO

Bingo - lotoga o‘xshash o‘yin. Bingo Ronalduga do‘stlar orttirishi va ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirishida rosa qo‘l kelgan. Lekin bu o‘yinning jismoniy ko‘rsatkichlarga ta’siri yo‘q. Tadqiqotchi Velozu portugaliyalikning chidamlilik darajasini o‘lchashda alohida izlanish olib borgan. U bunda Krish tomonidan o‘yinlarning oxirgi 15 daqiqasida urilgan gollarga e’tibor qaratgan: «Charchoq - futbolchilarni xatolarga boshlaydigan asosiy omil. Odatda jismoniy qobiliya­ti yuqori o‘yinchi kamroq xatoga yo‘l qo‘yadi. Ronaldu esa oxirgi daqiqalarda ko‘p gol uradi. Demakki, charchoq unga kam ta’sir qiladi. Shundan ham chidamlilik darajasi balandligini tushunish mumkin». Yana bir jihat: Ronaldu 36 yoshida ham sur’at barqarorligini saqlab turibdi. U yakunlangan mavsum «A» seriya o‘yinlarida 76-90-daqiqalar oralig‘ida 8ta gol urdi. Bu uchrashuvning boshqa 15 daqiqaliklarida urganidan ko‘proq. Umuman, u oxirgi ikki mavsumda birinchi bo‘limga nisbatan ikkinchisida ko‘proq gol hosil qildi. Qolaversa, yakuniy 15 daqiqa - Ronaldu butun faoliyatida eng ko‘p gol urgan vaqt.

 

KABO-VERDE BILAN BOSHQA ALOQALARI...

Ronaldu va Afrikaning ushbu orol mamlakati o‘rtasida yana bir qator bog‘liqliklar mavjud. Deylik, Krishning eng yaqin do‘sti - Joze Semeduni olaylik. Uning ota-onasi aynan Kabo-Verdedan. Semedular oilasida 10 nafar bola ulg‘aygan, tabiiyki, ota-onada farzandlari ehtiyoji uchun pul yetarli bo‘lmagan. Shunga qaramay, ular Jozening «Sporting» akademiyasida tahsil olishini ta’minlaydilar. Bolakay esa akademiyada Krishtianu bilan qalin do‘st tutinadi. Semedular oilasi mashg‘ulotlarga pul to‘lashga qiynalib, Jozeni «Sporting» tizimidan olishga qaror qilgan pallada aynan Ronaldu yordam qo‘lini cho‘zadi. «Seme, sen hech qayerga ketmaysan. Agar ketsang, unda men ham qolmayman», degan yosh futbolchi akademiya direktori bilan gaplashadi va do‘sti tahsilni davom ettirishini ta’minlaydi. Ikkisi keyinchalik bitta xonada turadi va yagona shkafdan foydalanadi. Semedu ham professional darajada o‘ynaganini ta’kidlash kerak. Masalan, Angliyada «Sheffild Uensdey», Portugaliyada «Vitoriya Setubal» klublari sharafini himoya qildi. Asosiysi, u Ronalduning yaxshiliklarini unutgan emas, doimo unga minnatdorchilik bildiradi: «Undan hammasi uchun qarzdorman. Agar Krish aralashmaganida, meni akademiyadan haydashardi va katta ehtimolki, o‘z tumanimizga qaytishimga to‘g‘ri kelardi. Bolaligikdagi ko‘plab do‘st­larim hozir qamoqxonada yoki giyohvand moddalarga qaram bo‘lib qolishgan. Agar futbolda qolmaganimda, mening ham shu yo‘lga kirmasligimga kafolat yo‘q edi. Balki ayrim do‘stlarim kabi avtomobil o‘g‘irlashga berilib ketarmidim... Qisqasi, sport faoliyatim, farzandlarim va go‘zal hayotim uchun Ronaldudan bir umr qarzdorman».

Yana bir bog‘liqlik - Ronalduning oilasi (to‘g‘ri, Krishtianusiz) Pasxa bayrami munosabati bilan Kabo-Verdeda hordiq chiqargan. U yerda olingan suratlarni Krishtia­nuning onasi Dolores Aveyru xonim taqdim etgandi. Qolaversa, Kabo-Verde vakillari «Oltin to‘p» so‘rovida hamisha Ronalduga ovoz berishadi:

- 2018 yili so‘rovda Luka Modrich g‘olib chiqqanida, Kabo-Verde vakillari Ronalduga 1-o‘rinni berishgan;

- 2013 yili ham xuddi shunday bo‘lgan;

- 2014 yili Kabo-Verde milliy jamoasi sardori va bosh murabbiyi Ronalduga 1-o‘rinni, jurnalistlar esa 2-o‘rinni berishgan;

- 2016 yili Kabo-Verde milliy jamoasi murabbiyi aynan Ronalduga ovoz bergan;

- 2019 yili biroz boshqacha bo‘ldi - verdeliklar Messini 1-o‘ringa va Ronaldu 2-qatorga munosib ko‘rishdi.

 

KABO-VERDE VA PORTUGALIYA FUTBOLI ALOQALARI

1. Nani Kabo-Verde poytaxti - Prayada tug‘ilgan. Uning oilasi keyinchalik Portugaliyaga ko‘chib kelgan. Nani kreol tilida gaplashadi va hamon Kabo-Verdega yaxshi munosabatda. Deylik, u kindik qoni to‘kilgan yurtda xayriya o‘yin­lari o‘tkazdi, yana 800 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 2ta maktabni to‘liq ta’mirlab berishni zimmasiga olgan.

2. Himoyachi Rolandu zamonamiz yulduzi buvisi tug‘ilgan San-Visenti orolidan. U Portugaliya­ga 14 yoshida oilasi bilan ko‘chib kelgan va fuqarolik olib, mamlakat milliy jamoasida o‘ynagan. «Portu» YELda g‘alaba qozonganida, Rolandu Kabo-Verde bayrog‘ini hilpiratgan va bu bilan UYEFAning sobiq prezidenti Mishel Platini nazariga tushgandi.

3. Silvestre Varela Yevropa va jahon chempionatlarida Portugaliya termasi uchun gollar urgan. U Portugaliyada tug‘ilgan, lekin Kabo-Verde fuqaroligiga ega.


DARVOQE...

Portugaliya va Kabo-Verde milliy jamoalari 2 marta to‘qnash kelishgan va ularda portugallar g‘alaba qozonish yo‘lini topolmaganlar:

***    2010 yilgi o‘rtoqlik o‘yini 0:0 hisobida tugagan va maydonda 90 daqiqa yugurgan Ronaldu sariq kartochka olish bilan cheklangan;

    ***    2015 yilgi o‘rtoqlik uchrashuvida Portugaliya termasi 0:2 hisobida yengilgan, boz ustiga, o‘z maydonida. To‘g‘ri, o‘shanda Ronaldu jamoa bilan birga emasdi, qolaversa, asosiy tarkib maydonga tushmagan. Ushbu xayriya o‘yini Fogo orolida harakatga kelgan vulqondan jabrlangan oilalarga yordam berish maqsadida tashkillashtirilgan edi. Marca nashri zarar miqdorini 45 million yevroga baholagandi.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:56, 10.07.2021.
O'qildi: 7172 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.