Odatda yirik shaxslarning qadri va ta’sir ko‘lami ular ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turgan davrda boricha ko‘rinmaydi. Ular sahnani tark etgach esa vaziyat to‘lig‘icha oydinlashadi. Futbol olamida biz kuzatayotgan so‘nggi 15 yil, shubhasiz, ikki dahoning o‘zaro raqobati bilan avvalgi davrlardan keskin farq qiladi.
Ertaga ulardan biri (balki hozirgacha bo‘lgan) faoliyatidagi eng muhim, balki favqulotda muhim o‘yinni o‘tkazadi.
Leo Messi
Leo hech kimga hech narsani isbot qilishga majbur bo‘lmagan bir futbolchi. Erishishi mumkin bo‘lgan barcha e’tirofga sazovor bo‘lib ulgurgan bir shaxs. Bilasizmi, ba’zida insonga tug‘ma yuqtirib berilgan iqtidorgina uning biror sohadagi komilligiga kifoya qilavermaydi. O‘sha iqtidorga yarasha undan to‘g‘ri foydalana olish layoqati ham bo‘lishi lozim odamda. Messi shu ikkisiga yetishgan kam sonlilardan ekani esa bahssiz.
Bir kuni Adriano Galliani shunday degandi: “Messi – tarixdagi eng yaxshi futbolchi. Ishoning, buni sizga Peleni ham, Maradonini ham ko‘rgan inson aytmoqda”.
Mana shu Messini butun faoliyati davomida terma jamoa miqyosida aytarli natija ko‘rsatmaganlikda, sovrin sohibi bo‘lganlikda ayblashadi. Albatta boshqa biror futbolchi milliy jamoasi tarkibida Olimpiya o‘yinlari g‘olibligi, JCH kumush medali hamda Qit’a kubogidagi 3 ta kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritsa aslo ta’na ostida qolmasdi. Biroq Leo uchun bu yutuqlar hatto yutuq deyilmasligi ham tabiiy.
2016 yil u Argentinani uchinchi bor Amerika kubogi finaliga olib chiqdi. Guruh bosqichida va pley-off o‘z zimmasiga ulkan yuklamani oldi, haqiqiy yetakchi sifatida jamoani oldinga boshladi. Ammo final... Chili... Messining seriyadagi golga aylantirilmagan penaltisi...
U hatto milliy terma jamoadagi faoliyatiga chek qo‘ygani haqida ma’lum qildi bu voqeadan so‘ng. Millionlab argentinalik tarmoqlarni qo‘ya turing, ko‘chalarga chiqib uni qaytarishga urindi. Ishga davlat prezidenti Maurisio Makri aralashib – “Dunyodagi eng yaxshi futbolchiga ega bo‘lish — bizning omadimiz va Xudo tomonidan berilgan tuhfa”, — deya bayonotlar berdi. Poytaxtda unga atab yodgorlik monumenti qad rostladi... Xullas, butun mamlakat undan qaytishni so‘radi. Va keyin u qaytdi...
Sanoqli soatlardan so‘ng Leo jamoasini Copa America finalida Braziliyaga qarshi o‘yinga boshlab tushadi. 2007 yildagi turnir finalida ayni shu jamoalar to‘qnash kelgandi. Messi 20 yosh edi-yu, lekin allaqachon asosiy tarkib futbolchi bo‘lib ulgurgan bir vaqtlar. Braziliyaliklar raqib darvozasiga 3 ta javobsiz gol urishgandi o‘sha finalda.
Revansh imkoni deysizmi? Balki... lekin, menimcha, Messi hozir terma jamoada o‘tkazgan shu vaqtgacha bo‘lgan barcha o‘yinlari uchun revansh olish uchun harakat qiladi. Raqibning Chili, Urugvay yoki Kolumbiya emas aynan Neymar boshchiligidagi Braziliya bo‘layotgani, o‘yining Rio-de-Janeyrodagi “Marakana”da o‘tkazilishi intrigani eng yuqori cho‘qqiga olib chiqadi.
Messi-chi? U Argentina bayrog‘ini shu cho‘qqiga ila oladimi?
Orif Tolipov