Angliya Premiyer ligasi yangi mavsumga tayyorgarlik doirasida VAR qoidalarini ham qayta ko‘rib chiqadi. Bunda yangi qoidalar, shuningdek ularga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Jumladan, bunda offsayd chizig‘ining «yo‘g‘onlik darajasi» ham e’tiborga olinadi. VAR qarorlari Yevro 2020da foydalanilgan tizim kabi mahsuldor bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
VAR borasidagi standartlashtirilgan qarorlar majmui iyun oyida «Professional O‘yin Rasmiylari» (PO‘R) tashkilotiga a’zo hakamlar raisi Mayk Rayli boshchiligida klublarning yillik yig‘ini doirasida qabul qilingan. PO‘R tashkiloti yangilangan qoidalar yaqin kelajakda hujumkor klublarning faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonmoqda.
Xalqaro Futbol Assosiasiyasi qonun qoidalariga binoan endilikda offsayd chiziqlarini maksimal qalinligi belgilab qo‘yilishi ma’lum qilingan. Shuningdek, VAR tomonidan offsayd belgilashda qizil va ko‘k chiziq tortilganda ular bir-biriga tegib tursa, offsayd inobatga olinmaydigan bo‘ldi. Bu qoida VARning ikki yillik APLdagi faoliyatidan va muxlislar talabidan kelib chiqib qo‘llanilmoqda. Tomoshabinlar masalasiga keladigan bo‘lsak, stadion va televizion muxlislar endilikda, VARning vaziyatlar ustida ishlashini ko‘rmaydilar. Sababi qarorlar qabul qilinayotgan paytda kadrlar va ekran tasvirlari almashinishi chalg‘ishlarga sabab bo‘lib, muxlislar orasida tartibsizlik va noroziliklar keltirib chiqargan. Shu paytgacha milliy chempionatlar ichida faqat Premiyer liga VAR qaror qabul qilish jarayonlari efirga uzatayotgan edi. Bunga chek qo‘yiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, FIFA offsayd chiziqlari futbolchi tanasini qayeridan boshlanishi haqida aniq qaror qabul qilgan. Unga ko‘ra, qo‘ltiq osti endi tananing offsaydlar o‘lchanadigan qismi sifatida tasniflanadi. Qolaversa, «Handball» muammosiga ham oydinlik kiritishga harakat qilindi. Hujum qilayotgan jamoa vakilining qo‘liga behosdan to‘p tegib ketishi endilikda «jarima»ga sabab bo‘la olmaydi. Bunda istisno tariqasida shunday deyilgan: «agarda tasodifiy qo‘l bilan o‘ynash o‘yinning hujum yo‘nalishiga va rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatsa, u holda jarima belgilanishi mumkin». Boz ustiga, bunda o‘yinchi tanasining qanchalik tabiiy harakat qilishiga ham e’tibor beriladi. Agar qo‘l tananing joylashuvi va harakatiga nisbatan tabiiy deb topilsa, u holda gavda pozisiyasiga asosan jarima belgilanmaydi.
Ushbu qoidalarga o‘zgartirishlar kirtilishda UEFAning tajribalari asosida yondoshildi. Xususan, Yevro 2020dagi VAR boshqaruvi ham muhim ro‘l o‘ynagan. Angliya – Daniya o‘yinidagi hamma uchun bahsli tuyulgan penaltining berilishi ham yangi qoida asosida edi. Ammo Yevropa chempionatida bitta o‘yinda Premiyer ligadagiga qaraganda ko‘p hakamlar brigadasi mavjud edi. Boz ustiga 51 ta o‘yin bilan butun mavsum davomidagi 380 ta o‘yinni taqqoslab bo‘lmaydi. Premiyer ligada VAR maksimum darajada adolatli qaror chiqarishi uchun assistent hakamlarga qo‘shimcha vakolatlar berilishi mumkin.
Ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi