Alabay va pitbul jangini ko‘rganmisiz? Afsus, men ko‘rdim.
Ko‘rmaganlarda esa (ko‘rmang ham, tavsiya etmayman) savol paydo bo‘lishi mumkin. Qanaqa qilib har xil vaznda bo‘lgan ikkita kuchukni urishtirish mumkin? Alabay pitbulga nisbatan ikki baravar katta va og‘irroq bo‘lsa raqibini g‘ajib tashlaydi-ku? Albatta, mantiqiy savol.
Alabay pitbuldan ancha balandroq, og‘irroq, hamda kuchliroq. Ammo pitbul chaqqonroq, qayishqoqroq va uning qopishi kuchliroq. Va yana muhim omil — pitbul og‘riqqa bemalol chiday oladi. Xato qilishim mumkin, ammo agarda adashmasam janglarning deyarli 80% pitbul g‘alabasi bilan yakunlanadi.
Ssenariy bir xil — birinchi besh daqiqa davomida alabay raqibidan ustun, ammo keyinroq alabay charchaganidan so‘ng tashabbus butunlay pitbul tomoniga o‘tadi. Agarda boshida masalani o‘z foydasiga hal qilmasa (qanaqa qilib, o‘ylaymanki, tushuntirishning hojati yo‘q), keyin katta kuchuk ancha qiyin ahvolga tushib qoladi.
Nima uchun ushbu taqqoslash keltirildi?
Jalolov raqibidan balandroq, og‘irroq, kuchliroq. Torres esa yaqin masofada, albatta chaqqonroq va qayishqoqroq bo‘ladi. Bahodirning jeb, va ayniqsa krossi, ya’ni to‘g‘ridan beriladigan zarbalar kuchliroq. Richardda esa xuklar. Va yana bitta muhim omilni aytib o‘tish kerak — Torres zarbalarni yaxshi ushlaydi.
Ha, men adashmadim. To‘g‘ri o‘qidingiz. Torres zarbalarni yaxshi ushlaydi. 2019 yilda bo‘lgan jangni hozir inobatga olmasak ham bo‘ladi. Torres o‘sha paytdan ancha o‘sdi. Va ushbu Olimpiadada shaxsan men o‘zim bir nechta shunga o‘xshagan voqealarni kuzatdim — 5 yil oldin raqiblaridan kaltak yeb yurgan bokschilar Tokio-2020da o‘z revanshlarini olishdi. Torres esa ushbu turnirda bir qancha o‘ta kuchli zarbalarni jiddiy raqiblardan (Pero, Qo‘nqabayev) o‘tkazib yuborgan, ammo biron marta ringning poliga yiqilmadi.
Bizga ma’qul bo‘lgan jang ssenariysi
Bahodir odatdagiday o‘ziga qo‘lay, ya’ni uzoq bo‘lgan masofadan ishlashi kerak. Va o‘zining mashhur jeb va krosslarini doimo ishlatishi kerak. Raqibimiz esa, albatta, o‘sha masofani buzishga harakat qiladi o‘zining og‘ir xuklarini berish uchun. Agarda bokschimiz oyoqda bitta bir xil tempda uch raund davomida ishlasa, bu eng muhim omillardan biri, bizda muammo bo‘lmaydi.
Menimcha, birinchi raundda Bahodirda muammo bo‘lmasa kerak, ammo ikkinchi raunddan boshlab Jalolov asta-sekin charchashni boshlaydi. Raqibimiz esa, menimcha, o‘sha tempda tinmay ishlaydi. Mana shu joyda jirkanmay klinchlarni ishlatish kerak bo‘ladi, faqat hakamdan jarima ochkoni olmay. Va shu tarzda jangni oxiriigacha olib borish kerak bo‘ladi. Albatta, jeb va krosslarni esdan chiqarmay.
Bahodirda yana bitta katta plyusi bor. Apperkotlar. Mana shu pastdan beriladigan zarbani Bahodir ikkinchi raundning oxirida yoki uchinchi raund boshlanishi bilan bersa bo‘ladi. Torres hujumga boshini pastga egib tashlanadi, bu esa jeb va krosslarga sal noqulaylik yaratsa-da, ammo apperkotlar uchun ideal pozisiya bo‘ladi. Torresning hujumlarining birida, aynan u kutmagan paytida, o‘sha apperkot bilan raqibimizga katta syurprizni qilsa bo‘ladi. Richard esa, menimcha, Jalolovning 80% zarbalari jeb va kross deb o‘ylaydi. Va kutmagan zarbadan so‘ng, kim biladi, balki ushbu Olimpiadada Torres ilk marotaba kanvasga yiqiladi.
Jang favoriti
Xullas kalom. Menimcha, biz ushbu jangda favoritmiz, ammo yaqqol emas. Menimcha, bizning ustunligimiz — 55/45. Agarda Jalolov o‘zining 100 foizini ko‘rsatsa, jangda yutishimiz kerak. Ammo Torresning formasi meni xavotirga solmoqda. Va hakamlarga ham menda ishonch yo‘q. Agarda teng jang bo‘lsa, katta ehtimol bilan oltin medal Amerikaga jo‘natib ketadi.
P.S.
1. Ushbu maqola orqali o‘zimning shahsiy fikrimni bildirdim. Faqatgina alabay va pitbulning jang uslubini taqqoslash uchun keltirdim. Odamlarni itlar bilan solishtirmadim (ushbu murojaat matnni o‘qimagan yoki noto‘g‘ri tushunganlarga).
2. Qiziq narsa, alabay — O‘rta Osiyo hududida shakllangan, O‘zbekistonda ko‘p, pitbul esa Amerika Qo‘shma Shtatlarida, o‘zi Amerika pitbuli deyiladi.
Tokio-2020. Bugungi boks janglari boshlanish vaqti — 09:55.
11:15 (bizning jangimiz)
Sport TV kanalida.
Sharhda: Otabek Jo‘rayev (ruscha) / Sardor Rahimov (o‘zbekcha)
Otabek Jo‘rayev.