Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Toshkentda tug‘ilgan talant yoxud yana «gresiyalik Maradona» haqida hikoya

Toshkentda tug‘ilgan talant yoxud yana «gresiyalik Maradona» haqida hikoya

Baho:
+ | -

Vasilis Xadzipanagis - bu ism-familiya Gresiyada o‘zini futbol muxlisi sifatida biladigan barcha-barchaga yaxshi tanish. O‘zimizdagi katta avlod vakillari ham Xadzipaganis ijrosidagi nozik o‘yinlarni haligacha entikib esga olishadi. Uni yetuk va qoyilmaqom futbolchi o‘rnida ko‘rishgan, iqtidori va to‘p bilan ishlash qobiliyatidan kelib chiqib, kimsan Diyego Armando Maradonaga ham qiyoslashgan. Lekin Vasilis taqdir taqozosi bilan yunon futboliga kutilgan darajada ko‘p foyda keltirolmagan. Albatta, buning zalvorli sabablari bor. FootballHD bu safar tarix zarvaraqlariga nazar tashlab, aynan o‘zbek futbolida ulg‘aygan yana bir yetuk iste’dod haqida katta maqola tayyorladi. O‘ylaymizki, vaqtida «Paxtakor» muxlislari yoqimtoyiga aylangan Vasilis Xadzipanagis taqdiriga bog‘liq ma’lumotlar O‘zbekistonda ko‘pchilikni befarq qoldirmaydi.

***

Vasilis Xadzipanagis 1954 yili Toshkentda tavallud topgan, otasi - kiprlik, onasi - grek ayoli. Ularning oilasi ikkinchi jahon urushidan keyin Gresiyada vujudga kelgan fuqarolik jangi vaqti O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik ma’lum bo‘ladiki, shu faktning o‘zi yunon futbolini yuksak iste’dod sohibidan mahrum qilgan. Xadzipanagisning kelajagi millionlar o‘yini bilan bog‘liq ekanligi uning bolaligidan sezilib turardi. Bolakay to‘pni o‘zida saqlagan holda, fantastik darajada tezlik va dribling namo­yish etardi. Toshkent ko‘chalarida do‘stlari bilan to‘p tepayotgan yunon yigiti tez orada qator jamoalar murabbiy-seleksionerlari e’tiborini o‘ziga qaratadi. Bu borada Toshkent «Dinamo»si faolroq bo‘lib chiqadi, ammo Vasilis bu jamoada uzoq ushlanib qolmaydi. Gap shundaki, uning otasi sobiq ittifoq hukumatini yoqtirmagan, shu bois ham, o‘g‘lining milisiya idorasi sharafini himoya qilishiga qat’iy qarshi chiqqan. Natijada 17 yoshli Xadzipanagis 1972 yili «Paxtakor» a’zosiga aylanadi, ammo bundan avval ittifoq fuqaroligini olishi kerak edi, zero, bu futbolga kirishning asosiy sharti hisoblanardi. Vasilis «Paxtakor»da deyarli 4 yil to‘p suradi, shu vaqt mobaynida 96ta uchrashuvda maydonga tushib, 22ta gol uradi. Xadzipanagisning Toshkent jamoasidagi yulduzli onlari 1975 yilning kuziga to‘g‘ri kelib, o‘shanda «Paxtakor» sobiq ittifoq chempionatining navbatdagi turi doirasida Kiyev «Dinamo»sini tor-mor etadi - 5:0. E’tiborlisi, mag‘lub jamoa bir necha oy muqaddam Yevropa Kubok egalari kubogi sohibiga aylangandi. Aytishlaricha, har yili «Oltin to‘p» sohibini aniqlaydigan taniqli France Football nashri vakillari o‘sha bahsni bevosita stadiondan kuzatib, Xadzipanagisni Oleg Bloxindan keyin sobiq ittifoqning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etishgan. Ma’lumot uchun, Bloxin 1975 yili nufuzli sovrin sohibiga aylangandi.

***

Taxminan o‘sha paytning o‘zida Xadzipanagisning iqtidori haqida Gresiyada ham xabar topishadi. Birinchi navbatda, «Olimpiakos» uni qo‘lga kiritishga urinib ko‘radi. Bu klub «Paxtakor»­ga Vasilis transferi bo‘yicha rasmiy taklif ham jo‘natadi, uning uchun 10 million draxma berishga tayyorligini bildiradi - bu o‘sha payt Gresiya futboli uchun juda katta summa edi. Ammo sobiq ittifoqda professional futbolchilar bozoriga yo‘l qo‘­yilmasdi. Xullas, mazkur shartlar asosida transferni amalga oshirish imkonsiz edi. Keyinchalik vaziyatdan «Iraklis» unumliroq foydalanadi. Jamoa vakillari Xadzipanagisning yunon o‘lkasiga ko‘chib o‘tishini ta’minlash maqsadida sobiq ittifoqdagi obro‘li mulozimlar bilan bevosita gaplashishadi, futbolchining o‘ziga esa qulay shart-sharoitlarni va’da qilishadi. Yakunda Vasilis qadrdon buvisi va ikki xolasi yashaydigan hududda istiqomat qilish imkoniyatidan ko‘z yumolmaydi.

***

Xadzipanagis 1975 yilning 22 noyabrida Gresiyaga boradi, «Iraklis» bilan professional shartnoma tuzadi, bir yildan so‘ng jamoa bilan milliy kubok sohibiga aylanadi. 1985 yili esa Bolqon kubogida zafar quchadi. Bu ikki sovrin bugungi kungacha «Iraklis» klubi tarixidagi asosiy yutuqlar bo‘lib turibdi. Birgina shu fakt Vasilisning jamoa­da nechog‘li katta rol o‘ynaganidan dalolat. Xadzipanagis klassik goleador yoki noodatiy krea­tiv futbolchi hisoblanmagan, biroq uning maydondagi harakatini kuzatgan tomoshabinlar futbolchining nozik did sohibi, «erkin musavvir» sifatida ulug‘lashgan, to‘p bilan mo‘’jizalar ko‘rsatishini e’tirof etishgan. Kim uchundir hazil yoki yolg‘ondek tuyular, lekin Xadzipanagis mavsum-1983|1984da burchak zarbalaridan 7ta gol urgan! «Iraklis» muxlislari Vasilisni juda yaxshi ko‘rishardi, klub rahbariya­ti esa, vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda, futbolchi bilan tuzilgan shartnomaga juda katta tovon puli belgilash asnosida uning boshqa jamoaga ketib qolishiga to‘siq qo‘yishga uringan. Ayni shu sababga ko‘ra, «Gresiyalik Maradona» (Xadzipanagisni odatda shunday atashardi) 1990 yilgacha, ya’ni faoliyatining so‘nggi pallalarigacha «Iraklis» sharafini himoya qilgan.

***

Vasilisning o‘yiniga jilo beruvchi muhim omillardan yana biri uning kichik hududda to‘p bilan oqilona harakatlanishi edi. Qahramonimizni hattoki, sobiq ittifoq, Britaniya va Fransiyada dovruq qozongan balet artisti Rudolf Nureevga o‘xshatishardi. Ayniqsa, gresiyalik jurnalistlar Xadzipanagisning aldamchi harakatlarini ajoyib tarzda e’tirof etishgan: «U kerak bo‘lsa, telefon budkasi ichida ham raqiblariga qarshi o‘ynay oladi, shunda ham to‘p nazoratini o‘zida saqlab qoladi». Bu kabi maqtovlar juda ko‘p yozilgan. Aslida «Iraklis» Xadzipanagisga loaqal Gresiya ichida katta sovrinlarni yutish imkonini beradigan klub hisoblanmasdi. Shuning uchun Gresiya terma jamoasidagi ishtirok uning eng katta yutug‘i bo‘lib qoladi. Afsuski, Vasilis xalqaro maydonda ham ulkan g‘alabalarga erishmaydi. Greklar 1980 yili ilk marta Yevropa chempionati final bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishadi (ke­yinchalik mazkur jamoa 2004 yilgacha qit’a miqyosidagi turnirda qatnashmadi, o‘z tarixidagi ikkinchi Yevropa birinchiligi finalida portugallarni yengib, bosh sovringa ega chiqdi), lekin Xadzipanagis jamoasiga yordam berolmaydi. Uning termadagi ilk o‘yini 1976 yili bolgariyaliklarga qarshi «o‘rtoqlik» (3:2)ka to‘g‘ri kelgandi. Orada Xadzipanagisning sobiq ittifoq olimpiya termasida 4ta uchrashuv o‘tkazgani haqida ma’lumot tarqaladi. Buning oqibatida greklar Yevro-80ga «Iraklis» yetakchisini olib ketish imkoniyatidan mahrum bo‘lishadi va turnirda aytarli natijaga erisholmaydilar - guruh bosqichida GFR, Niderlandiya va Chexoslovakiya jamoalariga qarshi o‘ynagan yunonlar 1 ochko bilan kifoyalanib, kvartetda oxirgi pog‘onani band etishadi. Shu tariqa Xadzipanagisning omadi yana yurishmaydi, chunki FIFA va UYEFA aynan 1976-1980 yillar oralig‘ida muayyan yurt jamoasida o‘ynagan futbolchining boshqa termada o‘ynashiga taqiq qo‘ygandi. Umuman, hozir ham Gresiyada futbol federasiyasining o‘sha paytdagi rahbariyati manziliga ko‘plab tanqidlar yangrab turadi. Zamonaviy mutaxassislarning xulosalariga ko‘ra, futbolchining sobiq ittifoq olimpiya termasida to‘p surgani uning Gresiya milliy jamoasida o‘ynashiga to‘sqinlik qilishiga hech qanday asos yo‘qligini FIFA va UYEFAga tushuntirish uchun mutasaddilar yetarlicha harakat qilishmagan...

***

Toshkentda tug‘ilgan, termasi uchun tarixiy hisoblangan Yevro-80da qatnasholmagan, «qimmatbaho shartnoma» tufayli faoliyatining asosiy qismini «Irak­lis»­da o‘tkazishga majbur bo‘lgan, «Arsenal», «Lasio», «Shtutgart» va «Portu» kabi klublardan tushgan takliflarni rad etgan grek - bularning barchasi Xadzipanagisning futbolchilik biografiyasidan o‘rin olgan eng yaxshi sahifalar emas, albatta. Umuman, Xadzipanagis yoshi «bir joyga borgan» vaqtda munosib e’tirofga loyiq ko‘riladi, baribir. Diqqat qiling, Vasilis 1991 yili faoliyatini yakunlaydi. Oradan 8 yil o‘tib (1999 yili) esa Vasilisni Gresiya termasiga chaqirishadi va u Gana milliy jamoa­siga qarshi kechgan «o‘rtoqlik» (1:1)da xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazadi. Bu o‘ziga xos ko‘rgazmali bellashuv bo‘lib, atayin Vasilis uchun tashkil etilgandi. 2003 yili esa, UYEFAning 50 yilligiga bag‘ishlab, har bir assosiasiyaga o‘z tarixidagi eng yaxshi futbolchini tanlash so‘rovi jo‘natiladi va Gresiya futbol federasiyasi tanlovi aynan Vasilis Xadzipanagis nomzodida to‘xtaydi. Natijada qahramonimiz Yoxan Kroyff, Ferens Pushkash, Bobbi Mur, Alfredo di Stefano, Yozef Masopust, Eysebio kabi afsonalar qatoridan joy oladi. Oddiy aytganda, Xadzipanagisning futboldagi xizmatlari millionlar o‘yini bilan rasman xayrlashganidan bir necha yillar o‘tib munosib taqdirlanadi. Bu ham Vasilisning butun boshli faoliyatini o‘zgacha tarzda tasvirlaydi, albatta.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:31, 12.08.2021.
O'qildi: 6829 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.