Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Alessandro Nesta: «Raqobatsiz yasholmayman, aslo»

Alessandro Nesta: «Raqobatsiz yasholmayman, aslo»

Baho:
+ | -

2006 yili Italiya terma jamoasi safida jahon chempioni maqomiga erishgan Alessandro Nes­ta yaqinda tug‘ilgan makoni - Rimga qaytib, shahardan uncha uzoq bo‘lmagan Korviale hududida Adidas hamda Calcio-Sociale bilan hamkorlikda maxsus futbol maktabi ochdi. Afsonaviy futbolchi Sportweek nashriga bergan intervyusida ayni shu loyiha bahona bolaligi, butun faoliyatini esga oldi.

- Alessandro, aynan Korvialeda ulg‘aygansiz...

- Xuddi shunday. Korvialelik yigitlarga ham ayni shu hududdan chiqqanimni uqtirdim. Sharoitlar nuqtai nazaridan oddiy sanalmagan joyda voyaga yetdim, lekin katta orzular bilan yuqoriga intildim. Shahardan tashqarida tug‘ilgan yigitlar ko‘pincha o‘zlarini kamtarona tutishadi. Vaholanki, ular bitta alohida qurolga egalar - ayyorlik. Binobarin, ko‘cha sizni uyg‘otadi, yashashga o‘rgatadi. Korvialelik yoshlarga gapim bitta - «Sizlar ham men chiqqan cho‘qqilarga ko‘tarilishingiz mumkin. Bordiyu, chempion bo‘lolmasangiz ham, munosib kelajak yarata olasiz».

- Umuman, bolaligingiz qanday o‘tgan?

- Biz yashagan maskanda hammasi yaxshi edi, lekin ko‘chada muntazam mast kishilarni uchratardik. Oilamiz oddiy ishchilar sinfidan bo‘lib, otam Juzeppe temir yo‘l stansiyasida ishlagan, yana aholiga mineral suv yetkazib berardi. Ya’ni kechasi poyezdda ishlagan, kunduzi lifti yo‘q binolar zinapoyalarini bosib, suv tashigan. Singlim 28 yoshida, otam va onam esa yaqinda vafot etishdi. Faqat akam Fernando qoldi. U hozir Riyeta viloyatida fermerlik bilan shug‘ullanmoqda.

- O‘zi qanday bola bo‘lgansiz?

- Xayolim faqat futbol bilan band edi. Yolg‘iz qolsam, o‘zimni «Stadio Olimpiko»da o‘ynayotgandek tasavvur qilardim. Otam yangi butsa olib berganida, uxlaganda ham ularni yechmasdim. Otam futbol «jinni»si, ayniqsa, «La­sio»ning ashaddiy fanati edi. Chinecitta kvartalida taxminan 300ta oiladan iborat katta binoda yashardik. Barcha qo‘shnilar oilamiz bilan «Lasio»ga muxlislik qilishimizni yaxshi bilishardi. Akam salomatligida ma’lum muammo aniqlangach, shifokorlar sport bilan shug‘ullanishini tavsiya etishgan. Shunda otam uni darhol futbolga yo‘naltirgan. Men esa yig‘lab, akamga ergashganman. Oradan 2 yil o‘tib, Fernando futboldan ketdi, vaholanki, menga nisbatan ijodkorroq edi.

- Birinchi murabbiyingiz...

- 8 yoshimda «Lasio» tizimiga kirdim. Bungacha Volfango Patarka qo‘l ostida ishlaganman, 4 yoshimdan! Dastlab o‘ng qanot yarim himoyachisi sifatida o‘ynadim, ke­yin markazga ko‘chdim. Yakunda himoyaga o‘rnashdim. Zeman meni mudofaa markaziga surgan payt allaqachon «A» seriyada o‘ynay boshlagandim. Klub sohibi himoyachi sotib olishni o‘ylaganida, murabbiy unga meni ko‘rsatgandi: «Yo‘q, bizda tayyor himoyachi bor».

- Avvalgi davrga qiyoslaganda, Rim o‘zgarganmi?

- Ha, ko‘p narsa o‘zgardi. Rim endilikda - charchagan va qarovsiz shahar. Agar muntazam g‘amxo‘rlik qilmasangiz, shunday katta shaharni tiklash imkonsiz bo‘lib qoladi...

- Milanga qachon qaytasiz?

- Bu shaharda ham o‘zgarish katta, lekin yaxshi tomonga. Hattoki, Italiya emas, balki Shimoliy Yevropa shahridek: rivojlanish fantastik darajada. Hayotimdagi ajoyib xotiralar Milan bilan bog‘liq. Axir u yerda 10 yil yashadim. Aslida avvaliga na «Milan» va na shaharni yoqtirganman. Chunki Rim men uchun yagona edi va «Lasio»da bir umr qolishga tayyor edim. Rim - dunyodagi eng go‘zal shahar, garchi tarixida xatolar to‘la bo‘lsada. 6-7 oydan keyingina Milanga ko‘nikdim va ham klub, ham shaharni yoqtirib qoldim.

- «Milan» bilan aloqalarni rivojlantirishga nima turtki berdi?

- Avvalo, sharaf. Borini berishni istagan klub ishonchiga xiyonat qilolmadim. Axir klub transferimga katta pul sarflab, birdaniga 3 yillik shartnoma tuzgandi.

- Keling, «Milan»dagi 10 yillikda sizga hamrohlik qilgan 3 nafar eng ta’sirli «rossoner»ni tanlasak. Birinchisi - Anchelotti...

- Ikkinchi ota. Ko‘p narsa talab qilgani bilan sizni yaxshi yashashga undaydigan murabbiy. Uning uchun har qanday ishga tayyor turardim. Futbolchilar ranjitishsa ham, ayni tarzda javob qaytarmasdi. Don Karlo muammolarni o‘ziga singdirardi, jamoani tinch qo‘yardi. Berluskoni va Galliani g‘alabaga o‘rganib qolishgan va tabiiyki, murabbiyga bosim o‘tkazishardi. Shunga qaramay, u maydonga hamisha yuzida tabassum bilan tushardi.

- Maldini...

- Futbolni to‘g‘ri idrok etishni aynan Paolodan o‘rganganman. Rimda instinktiv harakatga berilib qolgandim. Paolo esa yuqori darajaga erishish yo‘llari tushuntirdi - mehnat, qat’iyat va xatolarni bartaraf etish. To‘g‘ri, o‘z o‘yinida ham xatolar yuz berardi, lekin muammolarni jo­yida hal etardi. Bir so‘z bilan aytganda, Maldini harbiy mashina kabi edi.

- Shevchenko...

- Katta uchrashuvlarda hamisha gol urardi. Boshqalarning oyoqlari qaltirab turgan pallada aynan Andrey jonimizga oro bo‘lardi.

- O‘sha «Milan»ning qaysi futbolchisini doimo yoningizda ko‘rishni xohlardingiz?

- Andrea Pirloni. U ishning 80 foizini yolg‘iz o‘zi bajarardi. Men bilan birga o‘ynagan eng buyuk futbolchilardan biri. Yana Jennaro Gattuzoni aytishim mumkin, chunki hech qachon xiyonat qilmasligini bilaman. Billi Kostakurta esa - nafis libos ostida yashiringan jangchi.

- Eng yaxshi do‘stingiz...

- Yana Pirlo. Har doim birga edik, yig‘inlarda ham bitta xonada yashardik. Bir qarashda, u jiddiy ko‘rinadi, lekin hazillashganida... Andreaning hazillari ichakni uzadi.

- «Milan» bilan CHLda 2 marta  g‘alaba qozondingiz. Qaysi biri muhimroq?

- Birinchisi - 2003 yildagisi. Raqib «Yuventus» va stadion «Old Trafford» bo‘lgani tufayli. Hech qachon bunday chiroyli arenada o‘ynamaganman. Qolaversa, penaltilar seriyasida bevosita ishtirok etgandim.

- Mana, «Milan» 8 yillik tanaffusdan keyin CHLga qaytdi. Bu minimal vazifami yoki qahramonlik?

- Jasorat. Hamma birdek ishladi. Berluskoni ketgach, «Milan»da xo‘jayin va menejment guruhi ikki marta o‘zgardi. Bu hammasi noldan boshlanganini anglatadi. Rostdan ham og‘ir davr.

- Pioli ishining qaysi jihati yoqdi?

- O‘yin chizmasi. U aniq g‘oyalarga ega. Ammo Pioli jamoasining skudettoga ega chiqishiga aslo ishonmagandim, chunki tarkib ancha yosh va yetarli darajada raqobatbardosh emasdi. Deylik, Ibra o‘yindan tashqarida qolgan payt uning o‘rnini bosadigan o‘yinchi yo‘q edi.

- Bolalikdagi kumiringiz...

- Argentinalik himoyachi - Shamot.

- Eng kuchli raqib...

- Ronaldo - fenomen. Barcha kuchli hujumchilarni sanab chiqishim mumkin, lekin «so‘yloq» o‘zgacha, baribir.

- Bugungi kunning eng yaxshi himoyachisi...

- Van Deyk. Unda hammasi mujassam: quvvat, qat’iy fikr... Tyago Silva ham kuchli - texnik qobiliyati yuqori, sovuqqon. Serxio Ramos? Hech qachon uningdek texnik himoyachini ko‘rgan emasman.

- Murabbiylik ishiga nima undadi?

- Maydonga boshqa tusholmaslik qo‘rquvi. Chunki raqobatsiz yasholmayman aslo. Busiz miyam to‘xtab qoladi. Shuningdek, Zemanning inqilobiy harakati, hamisha taktik jihatdan oldinga intilgani va Anchelottining ki­yinish xonasidagi nutqlari, muhim o‘yinchilarni boshqarish uslubidan ham ilhom olganman. Chempionlarni boshqarish oson emas. Ular o‘ta murakkab, xuddi nozik ayollarga o‘xshashadi.

- Mourinyo va Sarridan qay biriga yaqinroqsiz?

- Sarriga. O‘yin tuzish g‘oyasi tufayli.

- Murabbiylik faoliyatingiz endi boshlandi, hozircha ishlar uncha yurishmayapti: o‘zingizni nimadadir ayblaysizmi?

- 2 yil oldin «pley-off»da «Spesiya»ga yutqazganimizdan so‘ng «Frozinone»dan darhol ketishim kerak edi, biroq qolishni istadim. Bu xato edi.

- Italiya klublari yevroarenalarda faqat kurashish bilan cheklanmoqda. Nega?

- Vaqtida eng kuchli futbolchilarni 20 yoshida chempionatimizga chorlardik, endi 40 yoshli faxriylar kelishmoqda. Shuningdek, bizda stadionlar dahshatli, isitish tizimi rasvo, maydonlar yomon.  Bularning barchasi yaxshi futbolchilarning kelishlariga to‘sqinlik qilmoqda.

Muhammadxon tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:18, 17.08.2021.
O'qildi: 2350 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.