Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Horg‘in Tokioga mini turnir og‘irlik qilmoqda. Klublar o‘rtasidagi JCH bu yil ham muammolar girdobida!

Horg‘in Tokioga mini turnir og‘irlik qilmoqda. Klublar o‘rtasidagi JCH bu yil ham muammolar girdobida!

Baho:
+ | -

Klublar o‘rtasidagi JCH taqdiri haqida qisqacha to‘xtalamiz.

9 dekabr kuni Yaponiyada klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilishi kerak edi. Biroq bir necha kun avval chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra Yaponiya ushbu musobaqaga mezbonlik qilishdan bosh tortdi. FIFA ham allaqachon Yaponiya futbol assosiasiyasi (JFA) musobaqani o‘tkazishdan bosh tortganini rasman e’lon qilgan.

Qayd etish kerak, ushbu turnir klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining odatdagi formati doirasidagi so‘nggisi bo‘lishi kutilgan edi. Ya’ni, 2019 yili FIFA 2021 yilning yozida Xitoyda har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan 24 ta jamoa ishtirokidagi yangilangan musobaqa tizimini rejalashtirgandi.

Biroq, Yevropa chempionati, Kopa Amerika va Olimpiya o‘yinlarining qoldirilishi bu rejalarni bir muddatga ortga surilishiga majbur qildi. Endi esa rejalar umuman o‘zgarib ketishi mumkin.

Albatta, yaponiyaliklar klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan mo‘maygina pul ishlashni xohlashi tabiiy. Buning ustiga musobaqaga «Chelsi» qo‘shilganini hisobga olsak, bunga e’tibor yanada kuchayadi.  Ehtimoliy yarim final va londonliklar ishtirokidagi finalda 60 mingdan ortiq tomoshabin yig‘ilishini taxmin qilish qiyin emas. Muammo ham ayni shunda.

Agar mamlakat tribunaga muxlislar kirishiga imkon bersa, yirik to‘lqinli odamlar oqimi virusning keng miqyosda tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunga biz Tokio Olimpiadasida ham guvoh bo‘ldik. Kasalxonalar bilan bog‘liq tartibsizliklar to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi imidjiga salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Bu safar ham hukumatni katta tavakkal qilgisi kelmadi.

JFAning o‘tgan moliyaviy yil uchun daromadi 2019 yilga qaraganda besh milliard iyenga (45 million dollar) kamaydi. Bu esa umumiy summadan chorak miqdorga kam degani. Tashkilot bu yil FIFA Kongressini, shuningdek, Angliya bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishdan bosh tortdi. JFA prezidenti Kozo Tashimaning aytishicha, terma jamoa o‘yinlarida tomoshabinlar yo‘qligi federasiyani pulni tejashga majbur qilgan.

Shuningdek, bu yerda siyosiy sabablar ham yetarlicha bor edi. Bu yozda Yaponiyada Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi, garchi ko‘plab mahalliy aholi bunga qarshi bo‘lishsa ham, nufuzli turnir mezbonligi baribir Tokioda qoldi. Biroq muxlislar buni pandemiya davrida resurslarni behuda sarflash deb hisoblashdi. Mamlakatda kovidning «delta» shtammining tez tarqalishi ham ko‘pchilikni qo‘rqitgani bor gap.

Avgust oyida Yaponiya butun pandemiya bo‘yicha kunlik rekordlarni o‘rnatishda davom etdi. Bu esa mamlakat bosh vaziri Yosixide Suganing obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Uning reytingi avgust oyida eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi - 28%.

Natijada Suga hukmron partiya raisi uchun bo‘lajak saylovlarda qatnashishdan bosh tortdi. Uning lavozimi sentyabr oyi oxirida tugaydi, shuning uchun ovoz berishdan bosh tortish mantiqan iste’foga chiqishni anglatardi. Ma’lumot uchun, Suga bir yildan buyon hukumatni boshqarib keladi.

Financial Times nashrining yozishicha, hatto yapon sportchilarining Olimpiadadagi yutuqlari ham bosh vazirga tanqidlardan qutulishiga yordam bermagan. Xabaringiz bor, yaponlar medallar jamlanmasi bo‘yicha ro‘yxatda uchinchi o‘rinni egallashgan. «Ko‘plab muxlislar barcha o‘yinlar muvaffaqiyatli o‘tgani va sportchilar o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishganini tan olishdi. Lekin buni bo‘lajak saylovlarga deyarli nafi tegmaydi”, - deydi nufuzli Vaseda universiteti professori Miyeko Nakabayashi.

FIFA klublar o‘rtasidagi jahon chempionati tomoshabinlar bilan bo‘lishini xohlaydi. Biroq, keyingi bosh vazir stadionning bir qismini ham to‘ldirishga ruxsat bermoqchi emas. Shuningdek, oktyabr oyida Yaponiyada umumiy parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Hozirda bu borada hukmron partiyaning reytingi juda past. Shuning uchun ham oddiy xalq rahbarlarni almashtirish g‘oyasini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlab chiqishmoqda. Ular uchun ortiqcha hashamatli tadbirlardan ko‘ra xalq salomatligi va yashash tarzining bir maromda nazoratda bo‘lishi muhimroq.

FIFAga ushbu musobaqani o‘tkazish uchun muqobil variant Qatar bo‘lishi mumkin edi. Qatar uchun, albatta, jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida bu kabi mini turnirlar zarar qilmaydi.

«Al-Vatan» gazetasining xabar berishicha, Saudiya Arabistoni klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini o‘tkazish uchun so‘rov yuborgan.

Balki bu turnir ham o‘tgan safargisi kabi kelasi yil boshida o‘tkazilar. Ammo, agar turnir fevral oyida tashkil qilinsa, «Chelsi» bu taqvimdan xursand bo‘lmasligi aniq. Sababi, o‘sha paytga qadar londonliklar mavsumning eng muhim va hal qiluvchi pallasiga kirib boradilar. Premyer-liga, ikkita mamlakat ichki kuboklari va Chempionlar Ligasi pley-offida kurashni davom ettirish istalgan grand jamoa uchun qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap. Biroq vaqt faktoridan qat’i nazar yuqoridagi mezbon nomi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Yusufbek Saydaliyev tayyorladi

Kiritildi: 20:36, 11.09.2021.
O'qildi: 2656 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.