Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Fatma al Naimi: «Noo‘rin tuhmatlardan forig‘ bo‘lishni istaymiz»

Fatma al Naimi: «Noo‘rin tuhmatlardan forig‘ bo‘lishni istaymiz»

Baho:
+ | -

Yaqin Sharq zaminida ilk bor tashkil etiladigan JCH-2022 turniridan bizni bir yildan ko‘proq vaqt ajratib turibdi. Uning tengi yo‘q futbol musobaqasi maqomida o‘tishi uchun Qatarda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. JCH-2022 tashkiliy qo‘mitasi ijrochi direktori Fatma al Naimi mamlakatda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, u yerdagi ishchilarning haq-huquqlari va turnirga tashrif buyuradigan muxlislarga yaratilayotgan sharoitlar xususida championat.com saytiga ma’lumot berdi.

- Ko‘pchilik muxlislar Qatarni futbol mamlakati, deb hisoblamaydilar. Shunday fikrdagi kishilarga nima deya olasiz?

- Futbolimiz yil sayin rivojlanmoqda - mahalliy muxlislar juda mamnunlar. Bundan tashqari, yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etish bobida yetarli tajribaga egamiz. Xususan, futbol bo‘yicha so‘nggi yillarda ikki marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini o‘tkazdik. Pandemiya avjiga chiqqan 2020 yilda Doxa OCHLning barcha uchrashuvlariga mezbonlik qildi. Qatar hozirda yirik sport markaziga aylangan. Biz o‘ziga xos sport shaharchasini, taniqli murabbiy va futbolchilarning tashrifi uzilmaydigan eng yaxshi sport va futbol akademiyalarini bunyod etdik. 10 yil avval bunday akademiyalar ko‘magida mahalliy futbolchilar saviyasini oshirish rejalashtirilgandi. Hozir u o‘z samarasini bermoqda - Qatar terma jamoasi 2019 yilda Osiyo kubogini qo‘lga kiritdi, bu yil KONKAKAF kubogida yarim finalgacha yetib bordi, mehmon sifatida ishtirok etayotgan JCH-2022ning Yevropa saralash bos­qichi «A» guruhida hozircha mag‘lubiyatsiz to‘p surmoqda. Xullas, Qatar - muxlislarning futbolga nisbatan muhabbati, terma jamoaning imkoniyatlari va albatta, tashkiliy masalalar bobida ham chinakam futbol mamlakati. Bir yildan keyin xorijiy muxlislar buni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, ishonch hosil qiladilar. JCH mezbonligi huquqini qo‘lga kiritilgan paytda, biz mamlakatning 2030 yilgacha rivojlanish dasturini tayyorlab bo‘lgandik. Unda Qatarning barcha jabhalarda yuksak saviyaga ko‘tarilishi, shahar infratuzilmasining tanib bo‘lmas darajada o‘zgarishi ko‘zda tutilgan. 2010 yildagi g‘alaba yanada jadalroq harakat qilishimizga turtki bo‘ldi.

- Uddalay oldingizmi?

- Ha, 11 yil ichida hayratlanarli o‘zgarishlar yuz berdi, hozir mehmonlar ko‘plab yangiliklarga duch kelishlari mumkin. Aytgancha, shuningdek, Rossiya tajribasini eslashlari ham: chempionat arafasida xavfsizlik xususida juda ko‘p yozishdi, ammo muxlislar kelishganida qanday manzaraga duch kelishdi? Eski shablonlar unutildi, muxlislar rossiyaliklarning o‘ta mehmondo‘st ekanliklariga amin bo‘lishdi. Bu esa sport barcha to‘siqlarni buzib, kishilarni yaqinlashtirishini anglatadi. Bizning maqsadimiz ham shu. Bizda ham turli to‘siqlar yo‘q emas, ammo shunga qaramasdan, 1,5 mln.li muxlislar armiyasiga qatarliklarga xos mehmondo‘stlikni namoyish etamiz. Bu arab dunyosidagi dastlabki turnir. U shunchalik ixchamki, muxlislar bir kunda bittadan ko‘proq uchrashuvni tomosha qilishga ulguradilar. Yana qator ajoyib jihatlarga ham duch keladilar. Turnirdan keyin xorijlik mehmonlarning Qatar va arab dunyosiga nisbatan munosabatlari o‘zgarishiga ishonchimiz komil.

- 10 yil ichida mamlakat nimalarni o‘rgandi?

- Avvaliga asosiy e’tibor tayyorgarlik va infratuzilmani talab darajasiga olib chiqishga qaratildi. Endi turnir boshlanganida bo‘ladigan barcha jarayonlarga shay bo‘lish ustida ishlayapmiz. Biroq biz bir oy davom etadigan mundialni risoladagidek o‘tkazishga berilib, boshqa narsalarni unutib qo‘ymoqchi emasmiz. Futbol va ulkan turnir beradigan quvvatni kishilar turmush darajasini yanada oshirish maqsadida rejalar tuzib qo‘yganmiz.

- Masalan?

- Misol uchun, 2010 yilda start olgan Generation Amazing dasturi hozir ham davom etmoqda. Uning vazifasi - aholining nochor ahvoldagi qatlamiga yordam berish. Ya’ni, mashg‘ulotlar, maorif sifatini oshirish orqali ijobiy o‘zgarishlarga erishish, turli mamlakatlarda futbol maydonlarini barpo etish va boshqalar. Hozirgacha tadbirga 725 ming nafar bolakaylar jalb etildi, ular futbol yulduzlari bilan uchrashib, ko‘plab yangiliklardan xabardor bo‘lishdi. 2022 yilda ularning soni 1 mln.ga yetadi.

- Pandemiya Qatardagi bunyodkorlik jarayoniga ta’sir etdimi?

- Yo‘q, u butun yer yuziga zarba bergan pallada, bizda hammasi tayyor bo‘lgandi. Baxtimiz bor ekan: rejalarni tuzib, loyihalarni yaratib, ularning xalqaro standartlarga javob berishini tekshirgandan keyin amalga oshirishimiz uchun ixtiyorimizda 12 yillik muxlat bor edi. Har qaysi biznes-loyiha nafaqat jozibador, balki har qanday talabni qondira olishiga alohida e’tibor qaratdik.

- Qatarda ham muxlislar pasporti joriy etiladimi?

- Ha, Rossiyaning muvaffaqiyatli tajribasiga asoslanib, o‘z loyihamizni yaratdik. Dastlabki sinov shu yilning noyabr-dekabr oylarida bo‘ladi - FIFAning Arab kubogi turnirida FAN IDdan foydalanamiz.

- Rossiya mundialining yana qaysi jihatlari sizlarni quvontirdi?

- Turnir arafasida yurtingizni rosa tanqid qilishdi, u yerda xavfsizlik ta’minlanmagan deyishdi. Amalda esa xorijliklar samimiy do‘stonalik, go‘zallik, xavfsizlik va mehmondo‘stlikka guvoh bo‘lishdi. Biz ham Qatarning noo‘rin tuhmatlardan forig‘ bo‘lishini istaymiz.

- To‘g‘ri, Rossiya haqida juda ko‘p yozishdi. Ayniqsa, Britaniya OAV. Endi Qatar nishonda turibdi. Jumladan, qurilish ob’ektlaridagi ishchilar o‘limi xususida ko‘p yozishmoqda.

- Ha, ko‘p yozishayotgani to‘g‘ri. Biroq afsuski, ularda Qatardagi o‘zgarishlar haqidagi materiallar kam. Boz ustiga, axborotlarning aksariyati tekshirilgan emas, haqiqatdan yiroq. Qatarliklar, jumladan, JCH tashkiliy qo‘mitasi a’zolari ishchilarni himoya qilish eng dolzarb mavzu ekanligini yaxshi biladilar. Faqat bitta masalada ular bilan hamfikrmiz: inson hayoti hamma narsadan ustun. Har bir o‘lim - fojia. Aynan shu sababli ijtimoiy ta’minot, xavfsizlik va ob’ektlarga jalb etilgan ishchilarning tinchlik-xotirjamligiga biz 2010 yildan boshlab jiddiy e’tibor qaratib kel­yapmiz. Bu borada bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

- Lekin gazetxonlar 6500 nafar ishchining o‘limi xususidagi xabarlarni o‘qishmoqda. Qanday qilib shu qadar ko‘pchilikning halok bo‘lishiga yo‘l qo‘­yilganidan ajablanmoqdalar.

- Takrorlayman, har bitta o‘lim - fojia. Afsuski, bevosita JCH ob’ektlarida 3 nafar ishchi halok bo‘ldi, yana 35 nafari ish bilan bog‘liq bo‘lmagan sharoitda dunyodan o‘tdi. Guardian chop etgan raqamlarga kelsak, Qatar hukumati  bu ayblovlarni rasmiy bayonotida qat’iyan inkor etdi. Hukumat nomidan gapirish huquqiga ega emasman, ammo turnir infratuzilmasini yaratayotgan xizmatchilarning ijtimoiy ta’minoti va himoyasi yo‘nalishida ulkan ishlar amalga oshirilganini ta’kidlay olaman.

- Ayollar huquqlarini himoya qilish masalsi qay darajada?

- Oxirgi 20 yil ichida muayyan o‘zgarishlar yuz berdi. Bunda Amir-Otaning rafiqasi Shayx Moza bin Nosir janobi oliyalari shaxsan bosh-qosh bo‘lmoqdalar. U kishi maorifga katta e’tibor qaratmoqdalar. Hozir Qatardagi oliy ma’lumotli ayollar soni erkaklarga nisbatan 2-3 baravarga ko‘proq. Ular turli sohalarda, shuningdek, davlat mahkamalarida rahbarlik lavozimlarida ishlamoqdalar. JCH-2022 Oliy qo‘mitasida ham yuqori lavozim sohibalari bor, xizmatchilarning 40 foizga yaqini - ayollar. Vaholanki, futbol industriyasi ko‘proq erkaklarga xos soha hisoblanadi.

- Qatarga tashrif buyuradigan muxlislarga madaniy hordiq borasida qanday maslahatlar bera olasiz?

- Bizda ulkan kolleksiyalarga ega bo‘lgan ajoyib Qatar va Islom muzeylari, sayr qilish va mazali taomlardan tatib ko‘rish, Doxa manzarasini tomosha qilishlari uchun «Qatara» nomidagi park mavjud. Istaganlar madaniy merosimizning bir qismi bo‘lgan sahroga safar qilishlari, plyajlarda dam olishlari yoki Souk Voqif bozori bilan tanishishlari mumkin. Shuningdek, o‘ta zamonaviy osmono‘par binolar bilan ham. Restoranlar, barlar, parklar sayyohlar xizmatida bo‘ladi.

- Turnir davomida spirtli ichimliklar xarid qilish imkoniyati bormi?

- Spirtli ichimliklar madaniyatimizga begona. Lekin belgilangan hududlarda topish mumkin. 2019 yildagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida muxlislar fan-hududlarda musiqa ting­lab, futbol bellashuvlaridan bahramand bo‘lishgan.

- Ayrim muxlislar Qatarning o‘ziga xos urf-odatlaridan xavotirdalar: ular short va kalta ko‘ylaklarda yurishlari mumkinmi?

- Hozir Qatarda dunyoning turli burchaklaridan kelgan kishilarni uchratish mumkin. Doxa o‘ziga xos multimadaniyatli megapolisga aylangan. To‘g‘ri, milliy an­’analarimiz - madaniyatimizning bir qismi. Lekin kiyinish masalasida qat’iy cheklovlar yo‘q. Faqat diniy mahkamalar, masjidlar va hukumat binolari yaqinida yelkalar va tizzalarni yopib turadigan bo‘lsa, istagan liboslarida yurishlari mumkin.

- Nihoyat, bugunning eng dolzarb mavzusiga oid savol: kishilar stadionlarga qay tartibda kirishadi? Koronavirusga qarshi emlash yoki testlar bo‘ladimi?

- Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muntazam ravishda o‘zgarib turibdi. Biz uni nazorat qilib, sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga amal qilyapmiz. Biroq Qatar mundiali barchamiz uchun nisbatan odatiy sharoitga yaqin bo‘lgan muhitda o‘tishidan umidvormiz. Yaqinda hukumatimiz mamlakatga kirish qoidalarini yengillashtirdi, Arab kubogi uchrashuvlariga chiptalar sotish boshlandi. Bu turnir JCH-2022ga mo‘ljallangan 6ta stadionda bo‘lib o‘tadi. Muxlislar sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan va davlat mahkamalari talablariga javob beradigan qoidalarga amal qilgan holda musobaqaga tashrif buyurishlari mumkin. Vaksinasiya jarayoni jadal davom etmoqda, fuqarolarning ko‘pchiligi emlash muolajasini olishdi. Umid qilamizki, bir yildan so‘ng sharoit yanada yaxshiroq bo‘lib, Yaqin Sharq zamini kutilganidan ham ko‘proq muxlislarni qabul qiladi va mundial muvaffaqiyatli o‘tadi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:29, 28.09.2021.
O'qildi: 1890 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.