Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Qashshoqlikda chiniqqan iqtidor

Qashshoqlikda chiniqqan iqtidor

Baho:
+ | -

«Yo‘l bo‘yida suv sotganman, mashinalar ortidan yugurib, shu tariqa pul topganman. Ko‘chada sarson bo‘lganmiz, akalarim gazeta tarqatishardi, opalarim apelsinni ovqatga almashishardi. Qashshoqligimizni hamma bilardi. Bir safar boshqa jamoadagi bola o‘yin payti uyimda pulim yo‘qligini, otam uning onasidan yegulik so‘rashini aytgandi. Yig‘lab yuborganman. Tez-tez ko‘z yoshi to‘kardim. Uyini ijaraga bergan kishining tashrifi, jahl aralash otamdan pul talab qilgani, men esa burchakka yashirinib, bizni ko‘chaga quvmasliklarini so‘rab, Yaratganga iltijo qilganim yodimda».

Bu bugungi kunda «Napoli» asosiy tarkibida maydonga tushayotgan Viktor Osimxenning xotiralaridan parcha. Qahramonimiz Nigeriyadagi qashshoqlik ta’sirida ulg‘aygan, u yerda futbol uchun chin ma’noda mushtlashishga to‘g‘ri kelgan. Hattoki, Osimxen birinchi butsalarini ham axlatxonadan topgan, bir necha yil kerakli anjomlarni aynan o‘sha yerdan olishga majbur bo‘lgan. Turli ishlab chiqaruvchilarning har xil o‘lchamdagi butsalarida maydonga tushish uning uchun odatiy hol bo‘lgan - qo‘liga nima ilinsa, olavergan.

Futbol Osimxenning jonu dili edi. Masalan, 2008 yili Chempionlar Ligasi finalida Jon Terri penaltidan foydalana olmaganda, yig‘lab yuborgan - vaholanki, u «Chelsi» muxlisi emasdi. Shunchaki, nufuzli turnir finalida zarbani noaniq yo‘llash qanchalik og‘irligini tasavvur qilgan. Shu bois, 2015 yili Chilida o‘tgan jahon chempionati U-17da Osimxen darvozabonlar ortidagi to‘r jim turmasligiga erishishga intilgan. Nigeriya musobaqada ishonchli tarzda muvaffaqiyat qozondi, chorak finalda Braziliya tor-mor etildi, Viktor esa 7ta o‘yinda 10ta gol urdi va sal qolsa, Arsen Vengerning «Arsenal»iga o‘tishiga bir bahya qoldi. Lekin yakunda bir yildan so‘ng «Volfsburg» tarkibidan joy oldi.

U yerda ishlari yurishmadi: ikki mavsumda atigi 16ta o‘yin o‘tkazib, birorta ham gol urmadi, shunga qaramay, Mario Gomes va Divok Origi bilan birga mashg‘ulotlarda qatnashdi. Osimxenning fikricha, ushbu futbolchilardan ko‘p narsa o‘rgangan: «Ular bilan shug‘ullanish - ajoyib maktab. Bunday mohirlar yonida ishlash tajribasi bo‘lmaganda, nimagadir erisha olarmidim, bilmayman».

Oxir-oqibat nigeriyalik futbolchi Belgiyaning «Sharlerua» klubiga o‘tdi, «Bryugge» va «Zyulte-Varegem» talablariga mos tushmagan yigitchani ijaraga olishdi. U yerda Osimxen mahalliy ligani «portlatdi»: 36ta o‘yinda 20ta gol urdi, 2019 yilning yozida uning transferini 3,5 million yevroga sotib olishdi va o‘sha yozdayoq 22,4 million evaziga «Lill» safiga qo‘shildi. Go‘yoki, fransuzlar sport direktori Luish Kampush haddan ziyod ko‘p pul sarflagandek, «Sharlerua» esa yo‘q yerdan boylik orttirgandek tuyulgandi, ammo yakunda voqealar rivojidan barcha mamnun bo‘ldi. Fransiyada Osimxen mavsum davomida 18ta gol va 6ta assist muallifiga aylanib, keyin yirik summa evaziga «Napoli»ga o‘tdi. Neapolliklar prezidenti Aurelio De Laurentis nigeriyalik uchun qariyb 70 million yevroni ayamadi.

Italiyadagi faoliyat ko‘ngildagidek boshlanmadi. Dastlab yelkasidan jarohat oldi, oqibatda 14ta o‘yinni o‘tkazib yubordi, 2021 yilning yanvarida koronavirusga yo‘liqdi, fevralda «Atalanta»ga qarshi bahsda Kristian Romero bilan to‘qnashuv payti hushini yo‘qotdi. Shunga qaramay, «Napoli»dagi 24ta o‘yinda Viktor 10ta gol urib, 3 marta sheriklariga assistentlik qildi - bunday spesifik ligadagi debyut mavsum uchun chakkimas. Axir uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarini ham unutmaslik kerak.

Undagi sermahsullikka ajablanmasa ham bo‘laveradi, zero Osimxen maydonda deyarli barcha narsani uddalaydi: qisqa va uzun masofalarga yaxshi yuguradi, sheriklariga moslashadi, vaziyatni o‘nglashni, so‘nggi pasni qulay tarzda amalga oshirishni biladi, muayyan holatlarni avvaldan aniqlaydi. Jismonan yetuk, qoyilmaqom zambarak zarbaga ega.

O‘z vaqtida Le Laurentis va Kampush afrikalik futbolchi uchun yirik summadan voz kechishgani kimnidir hayron qoldirgan bo‘lsa, bilib olishsin, Osimxendagi sifatlar chindan hayratlanarli.

Darvoqe, Yevropa Ligasi birinchi turida qahramonimiz ushbu sifatlarini yana bir bor namoyon etdi, «Lester»ga qarshi safarda kechgan murakkab bahsda ikkita qiyin vaziyatda gol urdi. Shu tariqa neapolliklar 0:2 hisobini 2:2ga o‘zgartirib, guruhdagi asosiy raqobatchilari bilan bahs­da strategik jihatdan muhim durangga imzo chekishdi. Umuman, joriy mavsum YELdan tashqari, «A» seriya ham Viktor uchun sermahsul kechmoqda. 5ta o‘yinda 4 marta to‘p kiritishga ulgurdi. Statistika nigeriyalik futbolchining imkoniyatlardan oqilona foydalanishini ko‘rsatmoqda (InStat ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘rsatkich 53 foizga teng), shuningdek, ularning aksariyatini o‘zi yaratmoqda (bir o‘yinda o‘rtacha 0,3ta). So‘nggi 10ta o‘yinda Osimxendagi xG 0,5ga teng, ya’ni deyarli har bir o‘yinda kafolatlangan gol va hujumdagi yakkakurashlarning 41 foizida ustunlik bor. Umuman hisoblasak, afrikalik futbolchi hozir ajoyib formada. U jahon futbolining porlashga shaylanayotgan yulduzi, unga talabgor bo‘layotganlarga De Laurentis narx ham belgilagan - kamida 120 million.

Shunday maqomga erishganiga qaramay, Osimxen qadrdon Nigeriyasidagi muammolarga befarq emas (gollarini nishonlayotganda, mamlakatdagi polisiyachilar zo‘ravonligini to‘xtatishga da’vat etuvchi yozuvlar tushirilgan futbolkasini namoyish etadi), yaqinlarini zavqli hayot bilan ta’minlash niyatida. Afsuski, 6 yoshligida onasidan ayrilgan, otasi esa o‘tgan yili vafot etdi, akalari va opalari esa Osimxendan minnatdor. Ular orzu qilgan barcha narsani bermoqda.

Endilikda Osimxen shunchaki futbol o‘ynashni xohlagan nigeriyalik yigitchaning kuchini ko‘rsatish uchun Diyego Maradona nomidagi stadion maydoniga tushmoqda. Ehtimol, u buyuk argentinalik singari daho emasdir, lekin atletizm bilan uyg‘unlashgan yuksak iqtidor oshib-toshib yotibdi. Kelgusida ham «Napoli»ga qarshi o‘ynaydigan jamoalarga oson bo‘lmasligi turgan gap, Viktordek hujumchisi bor ekan, undan qo‘rqish kerak.

J.BOBOXONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:31, 11.10.2021.
O'qildi: 4721 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.