Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Murabbiylar: «Benazir»ga baho bering

Murabbiylar: «Benazir»ga baho bering

Baho:
+ | -

Yaqinda portugaliyalik murabbiy Joze Mourinyo faoliyatidagi 1000-o‘yinini o‘tkazdi. Ehtimol, ushbu mutaxassisning yulduzli onlari ortda qolgandir, ammo zamonamizning eng yaxshi murabbiylari bilan solishtirganda, u qanchalik muvaffaqiyatli shaxs hisoblanadi? Hozir mazkur savolga javob qidirishning ayni fursati.

Eng oson uslub - murabbiylarni qo‘lga kiritgan sovrini, g‘alabalari foizi yoki to‘plagan ochkolariga qarab baholash. Lekin har bir sovrinning o‘z qiymati bor - hattoki, muayyan ligada ham. «A» seriya-2007|2008dagi g‘alaba «A» seriya-2021|2022dagi g‘alabadan farqlanadi. Yutuqlar va to‘plangan ochkolar foizi ham birlamchi ko‘rsatkich emas. Har bir o‘yindagi har bir ochkoning ahamiyati turlicha bo‘ladi. Shunday ekan, kelinglar, vazifani biroz murakkablashtiramiz. Ideal uslub yo‘q, ammo shunga yaqinrog‘i bor - FIFA reytingida ishlatiladigan Elo metodikasi.

Qisqacha tushuntirish. Elo reytingi - raqib kuchi va o‘yindagi gollar farqidan kelib chiqib belgilanadigan ballar tizimi. Reytingning plyus tomoni: raqib kuchi inobatga olinadi. Minus tomoni: faqat natija baholanadi, yutuqning qanday qo‘lga kiritilgani emas. Klublar reytingi bilan Mourinyo faoliyati o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Hammasi oddiy. Jamoalarning Joze kelishidan avvalgi reytingini olamiz va «Benazir» ishlagan paytdagi o‘zgarishlarga nazar solamiz.

** Natijalardan ko‘rinib turibdiki, Jozening cho‘qqisi - Madriddagi faoliyati. «Real»dagi ikkinchi mavsumida La Ligada Pep boshchiligidagi «Barsa»ni ortda qoldirdi, Ispaniya kubogini qo‘lga kiritdi, uch marta CHL yarim finaliga chiqdi. Ha, Ispaniyada «Chelsi»dagi kabi mahalliy sovrinlar, «Inter»dagi kabi Chempionlar Ligasi bosh sovriniga ega bo‘lolmadi. Ammo hech qayerda ichki chempionatda bunday jiddiy raqobatga duch kelmagandi.

** Mourning keyingi faoliyati pasayishlardan iborat bo‘ldi. «Real»dan so‘ng kuchsizlangan «Chelsi»ni (2007 yili nisbatan kuchliroq jamoani tashlab ketgandi) qabul qildi, hatto APLda g‘olib chiqdi. Ammo turli mojarolarga o‘ralashib qolishi oqibatida dekabrda joyini bo‘shatdi. Jozega tekkan «MYU» ham kuchsiz edi, shunday ekan, u yerdagi faoliyatni muvaffaqiyatsizlikka yo‘ymaymiz. «Qizil iblislar» bilan Yevropa Ligasida zafar quchdi, jamoani yuqori pozisiyalarda qoldirdi.

** Pochettinodan keyingi «Tottenxem» Mour «MYU»sidan kuchliroq edi, lekin u yerda barqaror natijalarga erishishning imkoni bo‘lmadi.

** Muhim jihat: Joze hech qachon ishlari yurishib turganda ketmagan va natijalarning pasayishini kutgan, ikkita holat istisno - «Portu» va «Inter». O‘z navbatida, u deyarli barcha klublarni avvalgi ahvolidan yaxshiroq holatda tashlab ketgan. Ikkita istisno: «Chelsi»dagi ikkinchi urinish va «Tottenxem».

 

JOZE AFSONALARGA QARSHI

Endi Mourinyoning faoliyati zamonaviy futbol afsonalari fonida qanday rivojlanganiga e’tibor qaratamiz. Afsonaviylik borasida barchaning qarashlari turlicha, biz France Football ro‘yxatining yuqori pog‘onalaridan joy olgan murabbiylar bilan solishtiramiz. Ikkita shart: ular 20 yildan ortiq, shuningdek, XXI asrda uchtadan ortiq to‘liq mavsumda ishlagan bo‘lishlari kerak. Nisbatan uzoqroq tarixga keyin yuzlanamiz.

Birinchisi - ser Aleks!

Fergyusonning «MYU»dagi faoliyati bir tekis davom etgan, ayrim pasayishlarni inobatga olmasak, asosan o‘sish kuzatilgan. Ser Aleks natijalar borasida faqat XXI asrning dastlabki o‘n yilligi oxirida Mourinyo «Chelsi»si darajasiga chiqib, hatto uni ortda ham qoldirdi. Ammo «Benazir»ning «Real»dagi ko‘rsatkichlarga yeta olmadi. Ammo bu Mourinyo shotlandiyalik hamkasbidan oldinda ekanligini anglatmaydi. Fergyusonning faoliyatini takrorlash uchun portugaliyalik mutaxassisdan yana 10 yildan oshiq vaqt mobaynida yuqori darajada ishlash (ECHL favoritlaridan birini boshqarish) talab etiladi.

Keyingisi - Karlo Anchelotti

Italiyalik mutaxassisni eski maktab murabbiylaridan biri deb hisoblashadi, ammo u Mourinyodan atigi 4 yoshga katta, xolos. Xuddi Joze bilan bo‘lgani kabi, uning faoliyati cho‘qqisi ham «Real» bilan bog‘liq. APLga ketganidan keyin Anchelotti uchun hali hammasi oldinda, degan tasavvur uyg‘ongandi, «Everton» «Redjana»dagi faoliyatidan keyingi eng kuchsiz klublardan biri bo‘ldi. Ammo ayni payt Anchelotti yana katta jamoani boshqarmoqda.

Lui van Gal

Start Joze faoliyatining ibtidosidagi kabi yorqin. La Ligadagi ikki sovrin, «Bavariya» bilan Bundesligadagi gegemonlikka qaramay, van Gal 90-yillar «Ayaks»da bilan erishgan yutuqlarini takrorlay olmadi. Mourinyo unga nisbatan top-darajadagi o‘rnini uzoqroq vaqtga saqlab qoldi. Endi esa, portugaliyalikning hozirgi faoliyati Luining so‘nggi yillardagi faoliyatini eslatmoqda.

Fabio Kapello

Faoliyat startidagi tafovut sezilarli: Kapello «Milan» bosh murabbiyligiga mavsum-86G‘87 oxirida kelib, Nils Lidxolmning o‘rnini egalladi, ammo keyinchalik Fabioga bu joyni ishonishmadi va u bir necha yil klubda boshqa lavozimlarda ishladi. Mourinyo va Kapello faoliyati solishtirilgan diagrammaga e’tibor berilsa, «Benazir» dastlab Kapello «Milan»i darajasiga chiqolmaganini ko‘rish mumkin. Biroq keyinchalik italiyalik mutaxassis faoliyatida pasayish kuzatilib, «Milan»da ham, «Real»da ham, «Roma»da ham, «Yuventus»da ham avvalgi darajaga chiqolmadi.

Yakun: Joze barqarorlik bobida biz tanlagan afsonalarni ortda qoldirgan. Endi esa, keling, Mourinyoni yuksak darajada ishlagan va ishlayotgan boshqa murabbiylar bilan solishtiramiz. Umumiy reytingga e’tibor qaratsak, Jozening jiddiy raqobatchilari paydo bo‘lgani, ularni maqola boshida adolatsiz tarzda nazardan chetda qoldirganimizni ko‘rish mumkin.

 

JOZE ZAMONAMIZ TOP-MURABBIYLARIGA QARSHI

Demak, sahnada Pep Gvardiola, Joze Mourinyu, Antonio Konte va Yurgen Klopp.

Germaniyalik murabbiy faoliyat yuritgan davr Mourinyoniki bilan deyarli bir xil, ammo turli sabablarga ko‘ra, Klopp «Benazir»ga faqat 2018 yilga kelibgina yaqinlab, hozirda o‘zib ham ketdi. Ammo top-daraja haqida gap ketganda, Mourinyoning bu borada uzoqroq ushlanib turibdi.

Lekin Pep Gvardioladan uzoq emas. Kataloniyalik mutaxassisning starti o‘zgacha chiqqan - yuqori to‘rtlikda hech kimga asrimizning dastlabki o‘n yilligi o‘rtalarida «Barsa» darajasidagi jamoa nasib qilmagan. Muhimi, Gvardiola jamoani yanada kuchaytirdi, ayniqsa, uning Myunxendagi faoliyati bilan solishtirganda - Pep karyerasining 6 va 9-yillari orasidagi pasayish shu bilan izohlanadi.

Antonio Konte bilan bog‘liq o‘ziga xos jihat - italiyalik mutaxassis qo‘l ostida hech bir jamoa kuchsizlanmagan, u to‘rtta jamoani eng gullagan davri tashlab ketgan («Bari», ikki marta «Yuventus», «Inter»).

 

Xarajatlardan keyingi natijalar

Zamonamizning 50 nafar murabbiyi joylashgan reytingni olib, barchalarining transferlarga qancha pul sarflashganiga e’tibor qaratamiz.

** Mourinyo - sarflar bo‘yicha rekordchi, ammo u erishgan natijalar xarajatlarga arziydi.

** Gvardiola - sarflar bo‘yicha ikkinchi, ammo uning jamoasi manfaati uchun sarflangan har bir yevro, Mourinyo jamoalari bilan solishtirganda, nisbatan ko‘proq samara keltirgan.

** Massimiliano Allegri - hozircha sarflar va natijalar solishtiruvi bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich sohibi. Unga yaqinroq hududda Arsen Venger bormoqda. Klopp, Simeone, Konte va Zidan esa eng yuqori samaradorlik sohiblari, shunga o‘xshash ko‘rsatkich Ralf Rangnikka tegishli (balki, faoliyatini yangilar?).

 

Ayrim xulosalar

** Elo reytingi ko‘rsatmoqdaki, Mourinyo aksariyat afsonalardan oldinda, biroq zamondoshlari ishtirokidagi poygada imkoniyatlari pastroqdek. Ehtimol, bu futboldagi inqilob bilan bog‘liqdir - hozir murabbiylarda nafaqat o‘z uylarida, balki butun Yevropa bo‘ylab sayohat uyushtirib, yangi chorlovlarni qabul qilish imkoniyati mavjud. Bir mamlakat miqyosida buni amalga oshirish qiyin.

** Faqat Pep yuqori darajada uzoqroq turish borasida Mourinyoni ortda qoldirgan. Umuman, hozir Gvardiola Jozening asosiy raqobatchisidir, ammo yaqin orada poygaga Klopp ham qo‘shiladi. Germaniyalik porlashda davom etib, Mourinyo pastga sho‘ng‘iyversa, buning ehtimoli yuqori.

** Raqamlar taassurotni tasdiqlamoqda - Mourinyo faoliyatining ikkinchi qismi xavotirli ko‘rinish olgan. Uchta jamoadan ikkitasi uning qo‘l ostida pasayishga yuz tutdi, yana biri esa yaxshigina start olganiga qaramay, yakunda barqarorlikka erisholmadi.

Ushbu trend Rim bosqichida o‘zgarar, balki?

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 16:45, 08.11.2021.
O'qildi: 3579 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.