Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya
20/11 01:00 Boliviya - Paragvay
20/11 04:00 Kolumbiya - Ekvador
20/11 05:00 Argentina - Peru
20/11 05:00 Chili - Venesuela
20/11 05:45 Braziliya - Urugvay

Tailandda Mirzayevga e’tibor katta yoxud Tailand futboli haqida nimalarni bilasiz?

Tailandda Mirzayevga e’tibor katta yoxud Tailand futboli haqida nimalarni bilasiz?

Baho:
+ | -

E’tiboringizga Osiyoda ancha tez rivojlanayotgan Tailand futboliga daxldor ba’zi ma’lumotlarni taqdim etamiz. Xabaringiz bordir, hamyurtimiz Sardor Mirzayev yaqinda mahalliy «Muangtong Yunayted» klubi bilan shartnomasi muddatini 2023 yilning yoziga qadar uzaytirdi. Qolaversa, Artyom Filiposyan ham faoliyatini aynan taylar o‘lkasida davom ettirmoqda.

MILLIY LIGA

Tailand futbol federasiyasi o‘tgan yili ichki chempionat elit ligasi ishtirokchilari sonini 18tadan 16taga tushirishga qaror qildi. Aniqroq aytsak, avvalgi mavsumdan e’tiboran Tay-1 ligasida 16ta klub kurash olib bormoqda. Reglamentga muvofiq, yakunda oxirgi uch o‘rinda qolgan klublar elita bilan xayrlashadi. Tailand chempioni OCHL guruh bosqichiga yo‘llanma olsa, 2-o‘rin egasi turnirning saralash bosqichida o‘z omadini sinab ko‘radi. Umuman olganda, Tailandda futbolga e’tibor ancha baland. Deylik, elit ligada 16ta jamoa bo‘lsa, Tay-2 ligada 18ta, keyingi ikki divizionda esa 20tadan ishtirokchi bor. Demakki, professional klublar safi ancha keng. «Buriram Yunayted», «Bangkok Yunayted», «Muangtong Yunayted» va «Port» klublari Tailandda yetakchi o‘rinlarda bormoqda. Alohida aytish kerak, mamlakatda muxlislarning stadionlarga tashrifi chakki emas (xususan, Tay-1 ligasi Osiyoda yetakchi o‘rinlarda). Bundan tashqari, marketing ishlari ham yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan.

       

STADIONLAR HOLATI

Stadionlarga muxlislar tashrifi chakki emasligini ta’kidladik. «Buriram Yunayted» raqiblarini «Chang Arena» stadionida qabul qiladi. Bu arena 32600 muxlisga mo‘ljallangan. «Bangkok Yunayted» esa sig‘imi 25 mingga teng «Txammasat Stedium» egasidir. Shuningdek, «Chiangmay Yunayted» stadioni - «700 Anniversari Stedium» ham kichik emas - o‘z bag‘riga 25 ming tomoshabinni olishi mumkin. Umuman, Tay-2 ligasida ham 10 mingdan ko‘p muxlisni sig‘diradigan stadionlar yetarlicha topiladi. Misol tariqasida aytsak, hamyurtimiz Artyom Filiposyanning klubi - «Muangkan Yunayted» 13 mingdan ko‘p muxlisga mo‘ljallangan arenada o‘ynaydi.

                   

LEGIONERLARGA E’TIBOR 

Tailandda futbolga birinchi raqamli sport turi sifatida qaraladi. Bu o‘lkada millionlar o‘yini, ayniqsa, elit liga saviyasini ko‘tarish uchun xorijlik murabbiy hamda futbolchilarga e’tibor katta. Milliy ligada legionerlar limiti mavjud - har bir jamoa 6 nafargacha xorijlik bilan shartnoma tuzishi mumkin. 6 nafar legionerdan biri OFKga a’zo mamlakatlardan bo‘lishi shart. Tailand klublari odatda faoliyati davomida o‘z yurti milliy termasi yoki kuchli klublarda katta tajriba to‘plagan faxriy legionerlar bilan shartnoma tuzadi. Umuman olganda, Tailand klublari xo‘jayinlari ham legioner tanlash bobida o‘ziga xos mezonlarga amal qilishadi. Tushunarliki, turnir favoritlari sanalgan jamoalar xorijliklarga katta maosh beradi. «BG Patxum Yunayted», «Bangkok Yunayted», «Port», «Muangtong Yunayted», «Buriram Yunayted» - shu klublar boy homiylar qanoti ostida. Aynan shu jamoalarda xorijlik futbolchilarning oylik maoshi 40 ming dollargacha. Eng kami - 5 ming dollar. Jumladan, «BG Patxum Yunayted»ning braziliyalik hujumchisi Diogo Luis Santos istisno tariqasida eng katta maoshga ega - uning yillik ish haqi salkam 1 million dollarni tashkil qilmoqda. «Chiangray Yunayted» va «Chonburi» kabi jamoalarda esa futbolchilarning oylik maoshi 5-20 ming dollar atrofida. To‘g‘ri, Tailand chempionati ishtirokchilari ham pandemiya tufayli jiddiy zarar ko‘rishdi. Deylik, tarkibida hamyurtimiz Cardor Mirzayev to‘p surayotgan «Muangtong Yunayted» moliyaviy tomondan qiyin holatga tushdi (buni futbolchimiz gazetamizga bergan intervyusida ham ma’lum qilgandi). Shunga qaramay, klub futbolchilarga oyiga chamasi 30 ming dollar miqdorida maosh to‘laydi. Darvoqe, jamoa vaqtida Vyetnam terma jamoasi darvozaboni transferiga 500 ming dollar sarflab, Tailand futboli rekordini o‘rnatgandi.

 

O‘ZBEKISTONLIK FUTBOLCHILAR

Oldingi yillarda Tailand chempionatida o‘zbekistonlik bir qator futbolchilar to‘p surishgan. Xususan, Asqar Jadigerov va Anvar Rajabov ham shu yurtda faoliyat yuritishdi. Keyinchalik Javlon Guseynov «Chaynat Xonbill» safida Tay-2 ligasida to‘p surdi. Oradan ma’lum muddat o‘tib, Artyom Filiposyan «Prachuap» bilan shartnoma tuzdi. U mazkur jamoa bilan mamlakat kubogida zafar ham quchdi. Artyom hozirda o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan quyi liga vakili «Muangkan Yunayted» sharafini himoya qilmoqda. «Neftchi» va «Lokomotiv» klublarida o‘ynab, muxlislar qalbidan joy olgan Sardor Mirzayev esa «Muangtong Yunayted»ni tanladi. Ayniqsa, o‘tgan mavsum Sardor uchun omadli kechdi. U 10tadan ortiq gol muallifiga aylandi. Darvoqe, «Metallurg» sardori Akbar Ismatullayev ham «Buriram Yunay­ted»dan tushgan taklifni qabul qildi va qisqa vaqt shu jamoada o‘ynadi. Biroq Ismatullayevning Tailand futbolidagi ishlari uncha yurishmadimi, u ortga qaytdi. Mirzayev aksincha, Tay yurtidagi yurishini davom ettiradi - u yaqinda 2023 yilning yozigacha mo‘ljallangan yangi shartnoma ostiga imzo chekdi.
***
P.S.  Sardor Mirzayevning jamoasi - «Muangtong Yunayted» Tailand chempionati 11-turida «Supxanburi»ni qabul qilib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Diqqatga sazovor tomoni, «Muangtong»ning har ikki goli aynan Sardor Mirzayev hisobiga yozildi. Hamyurtimiz 5 va 54-daqiqalarda raqib darvozasini nishonga olib, uchrashuvning bosh qahramoniga aylandi. «Muangtong Yunayted» ushbu g‘alabadan keyin ochkolari sonini 18taga yetkazib, turnir jadvalida 5-o‘ringa ko‘tarildi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:00, 13.11.2021.
O'qildi: 3777 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.