«Barselona» o‘zini ko‘rsatish, u yerda qolish, jamoaning bir bo‘lagiga aylanish hammaga ham nasib etavermaydi. Shuning uchun odamlar «Kamp Nou»dan ketishga majbur bo‘lgan futbolchilar ahvolidan hayratga tushmay qo‘ygan. Tarix shunday ahvolda qolgan ko‘plab nomlar borligidan guvohlik beradi. Quyida sizga 2000 yildan buyon «Barselona» tomonidan sotib yuborilgan, ammo o‘zga jamoada muvaffaqiyatga erishgan eng yaxshi futbolchilar haqida ma’lumot beramiz.
Luis Garsiya
Garsiya «Barselona»da o‘z imkoniyatiga ega bo‘lishni uzoq yillar kutadi. Dastlab, B jamoada yorqin porlagan hujumchi, asosiy tarkibga o‘tishi bilan zaxiraga o‘tirib qoldi. Shu sabab, kataloniyaliklar uni naq to‘rt marta, shuncha mavsumga ijaraga berib yuboradi. Keyinchalik, Garsiya «Atletiko»ga transfer bo‘ladi. Hujumchining poytaxtdagi ishlari biroz yurishadi va to‘qqizta gol urishga erishadi. Buni ko‘rgan «Barselona», Garsiyani qayta sotib oladi va bir mavsumdan keyin «Liverpul»ga pullaydi. Garsiyaning mersisayddagi sarguzashtlari haqida esa hammamiz yaxshi bilamiz.
Jerar Deulofeu
Kataloniya klubini Deulofeu borasidagi siyosatini hech kim tushunmasa kerak. Vingerning «Barselona» asosiy jamoasidagi ilk mavsumi 2 tagina uchrashuv bilan o‘tadi. Shundan so‘ng, u «Everton» hamda «Sevilya»da omadsiz ijara mavsumlarini o‘tkazadi. Oradan biroz vaqt o‘tib, «Everton» Deulafeuni sotib oladi. Ammo hujum vakilining «Gudison Park»dagi ishlari yurishmaydi. Liverpulliklar uni «Milan»ga ijaraga beradi. Deulafeu u yerda o‘zini ko‘rsata boshlaydi. Vaziyatni kuzatib turgan «Barsa», sobiq o‘yinchisini qayta sotib olishga erishadi. Biroq, Jerarning Kataloniyadagi faoliyati o‘nglanmagan edi. Shu sabab, u yana APLga, ammo bu safar «Uotford» futbolchisi sifatida qaytdi. Ayni damda esa Deulafeu «Udineze» safida harakat qilmoqda.
Zlatan Ibragimovich
Mashhur hujumchining Barselona shahridagi hayoti futbol maydonidan tashqarida ham qizg‘in kechgan. Ha, u qisqa davr mobaynida «Barselona» safida 21 ta gol urgan. La-liga, Ispaniya Superkubogi, UYEFA Superkubogi hamda klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati kubogiga erishgan. Bu omadli davr juda qisqa davom etdi. Hujumchi hech qachon Gvardiola futbolchisiga aylana olmadi. Zlatan bir mavsumdan keyin kataloniyaliklar safidan ketishga majbur bo‘ldi. U 28 yoshida «Milan»ga ijaraga beriladi. Keyinchalik esa u to‘liq sotib olinadi. Ushbu davrdan boshlab, Ibragimovich klublar miqyosida 300 dan ortiq gollarga mualliflik qildi, ko‘plab jamoalar bilan muvaffaqiyatga erishdi.
Rikardo Kuarejma
Kuarejma «Barselona»da harakat qilgan paytlari jamoani Frank Raykard boshqarar edi. Hujumchi esa u haqida shundau degan: «Agar jamoaga Raykarddan boshqa murabbiy kelsa, men u bilan gaplashib, qaytaman. Bordiyu, Raykard qoladigan bo‘lsa, mendan umid qilmanglar. Chunki u bilan bir-birimizni hech ham tushunmaganmiz».
Portugaliya terma jamoasining sobiq futbolchisi 20 yoshida, atigi 10 uchrashuv o‘tkazib, «Barselona»dan ketadi. Chunki Raykard jamoada qolgandi. Kuarejma esa «Portu»ga o‘tadi. U yerda esa ko‘plab sovrinlarga erishadi.
Simau
Ayni damda murabbiylik qilayotgan Simau, 1999 yilda «Sporting»dan 10 million funtga xarid qilinadi. U asosan Kuarejmaga raqobatchi edi. Chunki har ikkisi bir o‘rinda harakat qilgan. Shunga qaramay, vinger Lui van Galni qoyil qoldira olmadi. U bir mavsum «Barselona»da o‘ynagan va o‘sha mavsum haqida shunday degan: «Men bu o‘yin bilan yana bir mavsum jamoada qololmayman. Undan ko‘ra, boshqa joyga ketganim afzal».
Ha, shunday ham bo‘ldi. Simau «Benfika»ga yo‘l oldi va u yerda tez orada jamoa sardoriga aylandi. Portugaliyalik hujumchi jamoasi bilan mamlakat chempioni bo‘ladi. 2007 yilda esa Simau «Atletiko»ga o‘tadi. U madridliklar bilan Yevropa ligasi hamda UYEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Xuan Roman Rikelme
21 asrning eng iqtidorli futbolchilaridan biri bo‘lgan Rikelme, boshida «Barselona»ga mos futbolchidek ko‘ringan edi. Ammo argentinalik yarim himoyachi van Galning qarorlari qurboniga aylangan. «Barselona»ga Ronaldinyoning olib kelinishi esa Xuanni «Vilyarreal»ga ketishga majbur qiladi. Chunki o‘shanda «Barselona» safidagi legioner futbolchilar soni me’yoridan ortib ketgandi...
Mikel Arteta
Arteta Xabi Alonso bilab birga ulg‘aygan ona shahri San-Sebastyanni tark etib, «Barselona»ga keladi. Ammo unga jamoaning asosiy tarkibiga kirish nasib qilmaydi. Yarim himoyachi Yevropa bo‘ylab safari davomida Fransiya («PSJ»), Shotlandiya («Reynjers») hamda Angliya («Everton»)da bo‘ldi. Mikel Artetaning «Barselona B»dagi debyuti zaxiradan amalga oshiriladi. U o‘shanda Pep Gvardiolani almashtirgandi. Ushbu juflik keyinchalik «Manchester Siti»da birga ishladi. Ayni damda esa Arteta o‘zining sevimli jamoalaridan biri bo‘lgan «Arsenal»da bosh murabbiylik qilmoqda. U London klubi safida besh yil futbolchi sifatida harakat qilgan.
Pepe Reyna
O‘z otasi Migel (Reyna)ning yo‘lini davom ettirgan darvozabon, ikki mavsum davomida 49 marta «Barsa» safida ko‘rinish beradi. Ammo jarohatlar sababli Pepening ishlari orqaga ketgandek edi. U 2002 yilda «Vilyarreal»ga o‘tadi. Keyinchalik esa «Liverpul» safida Yevropaning eng yaxshi posboniga aylanadi. 39 yoshli darvozabon yana «Barselona»ga qaytishi mumkin edi. Ammo uning manzili «Napoli» bo‘ldi. Reyna o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida «Lasio», «Bavariya» va «Aston Villa» kabi jamoalarda ham faoliyat yuritgan.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi