Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Afsonaning afsonaviy qaynog‘asi

Afsonaning afsonaviy qaynog‘asi

Baho:
+ | -

Mario Jardel. Bu nom yosh futbol muxlislari uchun oddiy ism-sharifdan boshqa hech narsani anglatmasligi mumkin - 90-yillar va yangi asr avvalida braziliyalik futbolchi Yevropaning ikkinchi darajali ligalarida, ayniqsa, Portugaliya va Turkiyada to‘p surgandi. 2000 yilning yozida uni «Galatasaroy» turk futboli uchun o‘ta yirik mablag‘ - 20 mln. dollar evaziga o‘z tarkibiga qo‘shib olgandi. Ana shu rekord hamon Istanbul grandining eng qimmat xaridi bo‘lib qolmoqda.

Fortalezeda dunyoga kelgan bo‘lajak hujumchi professional futboldagi ilk qadamini «Vasko da Gama»da qo‘ydi. Lekin futbol jamoatchiligi e’tiborini «Gremio»da qozondi.1995 yildagi Libertadores kubogi va nufuzli turnirning eng yaxshi to‘purari (12ta gol) unvonlariga Mario shu jamoa tarkibida sazovor bo‘ldi. Ana shu muvaffaqiyat Jardel uchun Yevropa futboli yo‘llanmasi vazifasini o‘tadi. Uni «ko‘hna qit’a»da sinovdan o‘tkazish 1996 yilda «Portu» klubiga nasib etdi.

«Ajdaholar» safidagi 4 yil ichida 3 martadan Portugaliya chempionligi va Superkubogiga, 2 marta Portugaliya kubogiga sazovor bo‘ldi. Umuman, hujumchi «Portu»ga 125 uchrashuvda 130ta gol sovg‘a qildi va 1999/2000 yillar mavsumida Londonning «Arsenali» ustidan qozonilgan shov-shuvli g‘alaba evaziga UYEFA kubogini qo‘lga kiritgan «Galatasaroy» klubiga yo‘l oldi. Uning turk jamoasidagi debyuti esa o‘ta muvaffaqiyatli bo‘ldi - Mario «Erzurumspor» darvozasini 5 marta ishg‘ol etdi. «Sherlar» tarkibidagi 43 uchrashuvda 34ta gol urish orqali Jardel muxlislar yoqimto­yiga aylandi.

Biroq «Galatasaroy» mavsumni 2-o‘rinda yakunladi, ayni shu pallada hujumchi «Sporting»dan taklif olgach, Portugaliyaga qaytishga qaror qildi. 6 mln. yevro evaziga lissabonliklar safiga qo‘shilgan Mario 2 yilda Portugaliya chempionligi va Superkubogini qo‘lga kiritdi. Shu davr ichida u 56 marta maydonga tushib, 59ta gol urdi!

Shundan keyin braziliyalik snayper o‘z omadini Angliyada sinab ko‘rishga ahd qildi. Lekin «Bolton»dagi faoliyati qisqa va samarasiz o‘tdi. Shu bois, Jardel Italiya («Ankona») va Ispaniyada («Alaves») o‘z o‘rnini topishga urinib ko‘rdi. Urinishlari zoye ketgan hujumchi 2011 yili Braziliyaning «Rio Negro» klubida butsalarini mixga ilgach, muxlislar xotirasidan ko‘tarildi...

Biroq portugaliyaliklar Jardelni unutishmagan. U nafaqat «Portu» va «Sporting»dagi sermahsul o‘yinlari, balki shaxsan Krishtianu Ronaldu bilan qarindoshligi bilan ham mashhur. Aytishlaricha, Mario portugaliyalik dahoning qaynog‘asi ekan. Mish-mishlarning qanchalik haqiqat, qanchalik rivoyat ekanligini aniqlash mushkul. Shu bois, turli davrlarda chop etilgan xabarlarga murojaat qildik...

Xullas, Mario Jardel «Sporting» libosida to‘p surgan 2001-2003 yillar. Aynan shu davrda navqiron va kelajagi porloq Ronaldu lissabonliklarning asosiy jamoasiga jalb etilayotgandi. Aslida 20 yil avvalgi ma’lumotlarni tekshirish oson emas. Unga binoan, Mario Krishtianu bilan yonma-yon xonada istiqomat qilishgan va o‘zaro yaxshi munosabatda bo‘lishgan. Gap Ronalduning ayni balog‘atga yetgan, bu qadar yorqin faoliyat yuritishi xayoliga ham kelmagan davr haqida ketmoqda. O‘sha davrda yashil maydon bilan birgalikda, boshqa «front»larda ham zafar quchishni istagan futbolchiga taqdir «Sporting»ning eng yorqin yulduzi bo‘lgan Jardelning singlisi Jordana Ribeyroni taqdim etgan.

Krishtianu bilan Jordana o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon ochiq-oshkor bo‘lmagan, ammo ancha jiddiy edi. Jordana portugaliyalik bo‘lajak yulduzning onasi bilan tanishishga ham ulgurgan, hatto yonma-yon suratga tushishga ham ulgurgan. Bu haqda Mario 2019 yildagi intervyusida gapirgandi. Aynan shu sababli Portugaliyada Mario Jardel Krishtianu Ronalduning qaynog‘asi ekanligi xususida gap-so‘zlar tar­qagandi. Haqiqat shuki, «MYU» hujumchisi bilan «Sporting» sobiq to‘purarining singlisi o‘rtasidagi yaqinlik oila darajasiga ko‘tarilmadi. Ayni pallada Jordana Shveysariyada qizi bilan istiqomat qilmoqda va moda masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida ishlamoqda. Marioning intervyusidan keyin braziliyalik jurnalistlar Jordanani topishga urinib ko‘rishdi. Biroq u 20 yil avvalgi voqealarni izohlashdan bosh tortdi. Shu tariqa mazkur masalada Marioning aytganlaridan boshqa ishonchli ma’lumot yo‘q.

2003 yilda «Sporting»ni Jardel ham, Ronaldu ham tark etishdi. Ularning ikkovi ham Angliyaga yo‘l olishgandi: Mario «Bolton»ga, Krishtianu «MYU»ga. Lekin keyingi faoliyatlari turlicha kechdi. Buning ajablanarli yeri yo‘q, o‘shanda portugaliyalik 18, braziliyalik afsona esa 30 yoshda edilar. Lekin Jardel yakka tartibdagi nufuzli sovrinlardan biri bo‘lgan «Oltin butsa»ni bir martadan ko‘proq qo‘lga kiritgan 11 nafar snayperlar ro‘yxatidan joy olgan. Yevropaning eng yaxshi to‘purari sovriniga u 1999 va 2002 yillarda sazovor bo‘lgandi.

Umuman olganda, Mario nafs balosini jilovlay olmagani tufayli yorqin faoliyati va hayotini barbod qildi. Ehtimol, «Sporting» bazasida u bilan qo‘shni bo‘lgan Krishtianu Ronaldu braziliyalik kasbdoshining ayanchli holatidan to‘g‘ri xulosa chiqarib, futbol tarixidan abadiy joy olish uchun ko‘p narsalardan voz kechish kerakligini tushunib yetgandir. Yaqinda Jardelning o‘zi bangilik oqibatida o‘limga yaqinlashib qolgani va giyohvandlik balosidan qutulish uchun uzoq vaqt muolaja olishga majbur bo‘lganligini ta’kidlagandi.

«Sporting»dagi asosiy qahramon sifatida professional saviyadagi o‘yinni namoyish etgan davrim - 2002 yilda kokain iste’mol qilib, 7 kun uxlay olmadim. Meni ko‘rib, eshitib turganlar uchun bu achchiq saboq bo‘lsin, bunday qilish mumkin emas. Xayriyatki, omadim kelib, hammasi yaxshi tugadi, tirik qoldim. Nafsim har kuni giyohvand moddani qo‘msardi. Bundan tashqari, qayerga borishimdan qat’iy nazar, ichkilik taklif qilishardi. Men esa o‘zimni undan tiya olmasdim. O‘zimni ruhan poklashim, muammolarimni jamoatchilikka oshkor etishim kerakligini faqat endi tushundim», - dedi Jardel.

Braziliyalik afsonaning aytishicha, giyohvand moddani u 1996 yilda, «Gremio»dan «Portu»ga o‘tganidan keyin tatib ko‘rgan. Shundan beri uzoq yillar davomida davolangan, Yevropadagi doping-tekshiruvlardan qo‘rqqanligi sababli, kokainni asosan ta’til davrida qabul qiladigan bo‘lgandi.

Braziliyalik jamoadoshining muammolarini portugaliyalik kasbdoshi bilarmidi? Bu borada ma’lumot yo‘q. Lekin Ronaldu to‘g‘ri yo‘lni tanladi va Jardelga nisbatan ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishdi. Shu sababli Marioni faqat ashaddiy muxlislari va yaqinlari unutishmagan, Krishtianuga oid hurmat-ehtirom esa Pele, Maradona, Di Stefano va Kroyflarniki kabi uzoq yillar saqlanadi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:30, 07.03.2022.
O'qildi: 3027 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.