«Ko‘hna qit’a» futbolini biznesdan ajratish juda-juda mushkul. Ayniqsa, kuchli 5ta ligada kun ko‘rish uchun biznes yo‘nalishida ham aniq harakat qilish talab etiladi. Tadqiqotchilar APL, La Liga, «A» seriya, Bundesliga va Liga 1ning moliyaviy hisobotlarini o‘rganib chiqish asnosida oxirgi 10 yil davomida qaysi klublar biznesning transferlar bobida ishni a’lo darajada bajarganini aniqlashdi. Xo‘sh, bu davrda futbolchi oldi-sotdisi ortidan eng ko‘p foyda ko‘rgan kuchli 10talikda qaysi jamoalar bor?
10-o‘rin - «EMPOLI» (Italiya)
Xarajat: 75 mln. yevro
Daromad: 175 mln. yevro
Nisbat: +100 mln. yevro
«Empoli»da sotish masalasi hamisha birinchi raqamli maqsad sanalmaydi. Jamoa bir yilda transferlardan 1 million yevro topsa, keyingisida bu summa 20 «limon»ni tashkil etishi hech gap emas. Yana bir tomoni, kamtarin klub transferlarga ko‘p sarflamaydi, lekin kimnidir sotish imkoniyati tug‘ilsa, bu ishni paysalga solmaydi. Oxirgi eng yirik tushum Ismoil Bennosirning «Milan»ga transferidan tushdi - 12 million yevro.
9-o‘rin - «XOFFENXAYM» (Germaniya)
Xarajat: 227 mln. yevro
Daromad: 335 mln. yevro
Nisbat: +108 mln. yevro
Elit ro‘yxatga tushgan Bundesliganing yagona vakili. Zinsxaym jamoasi mavsum-2019|2020ning o‘zida Joelinton, Karim Demirbay, Niko Shuls va Nadim Amiri transferlari ortidan +100 million yevro yig‘di. «Xoffenxaym» bunga qadar Niklas Zyule va Sandro Vagnerni «Bavariya»ga manfaatli tarzda pullagandi.
8-o‘rin - «SENT-ETYEN» (Fransiya)
Xarajat: 111 mln. yevro
Daromad: 222 mln. yevro
Nisbat: +111 mln. yevro
Liga 1 klubi reytingga asosan 2ta yirik transfer tufayli kirdi: Vilyam Saliba «Arsenal»ga, Vesle Fofana «Lester»ga jami 60 mln. yevrodan ko‘proqqa sotildi. «Sent-Etyen» kichik operasiyalarga e’tiborli. Ya’ni jamoa odatda futbolchilar transferida ko‘p qatnashadi.
7-o‘rin - «ATLETIK» (Ispaniya)
Xarajat: 109 mln. yevro
Daromad: 224 mln. yevro
Nisbat: +115 mln. yevro
«Atletik»ning asosiy falsafasi - moliyaviy tomondan mustaqil bo‘lish. Baskoniya klubi shuning barobarida kamdan-kam holda futbolchi sotadi. Qisqasi, bilbaoliklar bu ishga qo‘l urishdimi, katta foyda ko‘rishadi. Oxirgi 10 yillikdagi 2ta yirik transfer bunga dalil: «Chelsi» darvozabon Kepa Arrisabalaga uchun 80 million yevro to‘lagan bo‘lsa, «Manchester Siti» Emerik Lyaportga ega chiqish yo‘lida 65 «limon»dan voz kechdi.
6-o‘rin - «MONPELYE» (Fransiya)
Xarajat: 89 mln. yevro
Daromad: 205 mln. yevro
Nisbat: +116 mln. yevro
Fransiyaning turli darajadagi klublari ko‘pincha aynan «Monpelye»dan futbolchi sotib oladi. Klubning o‘zi esa yangi iqtidorlar uchun deyarli pul sarflamaydi. Ko‘zga tashlangan oxirgi savdo - bu Gaetan Lyabordning «Renn»ga 15 «limon»ga pullangani, yana Andi Delor kamroq summa evaziga «Nissa» tarkibini to‘ldirdi. Umuman, «Monpelye» deyarli har bir TB (transferlar bozori)da osongina 20 million yevrodan ko‘p topadi.
5-o‘rin - «ATALANTA» (Italiya)
Xarajat: 392 mln. yevro
Daromad: 554 mln. yevro
Nisbat: +162 mln. yevro
Bergamoliklar ayniqsa, oxirgi 10 yillikning o‘rtalarida juda ko‘p futbolchi sotishdi. So‘nggi ikki mavsumda esa faqat ortiqcha o‘yinchilarga javob berib, eng yaxshi ijrochilarni olib qolishga harakat qilishmoqda. Chunki hozirgi «Atalanta» «A» seriyada yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda.
4-o‘rin - «UDINEZE» (Italiya)
Xarajat: 244 mln. yevro
Daromad: 416 mln. yevro
Nisbat: +172 mln. yevro
«Udineze» - Italiyaning katta jamoalariga futbolchi yetkazib beruvchi «donor». Oxirgi yirik savdolar qatorida Rodrigo de Paulning «Atletiko» (35 million yevro) va Aleks Meretning «Napoli» (26 million yevro)ga transferini aytish mumkin.
3-o‘rin - «JENOA» (Italiya)
Xarajat: 265 mln. yevro
Daromad: 465 mln. yevro
Nisbat: +200 mln. yevro
Italiya grandlari uchun asosiy ta’minotchilardan biri. Genuya klubi butun Italiyadan pul yig‘adi. Oxirgi e’tiborli operasiyalari - Eldor Shomurodovning «Roma» (17,5 million yevro), Kristian Romero va Nikolo Rovellaning «Yuventus» (31 va 23 million yevro)ga sotgani. Genuyaliklar yana ijara kelishuvlari bo‘yicha ham faol ishlashadi.
2-o‘rin - «LION» (Fransiya)
Xarajat: 439 mln. yevro
Daromad: 686 mln. yevro
Nisbat: +247 mln. yevro
Oxirgi dekadaga qarasak, faqat 1 yilda «Lion»ning transferlar bo‘yicha daromadi 10 million yevroga yetmadi. Umuman, bu davrda ajoyib kelishuvlar yetarli: «Arsenal» Aleksandr Lakazett uchun 55 million, «Bavariya» Korenten Tolisso uchun 25 million, «Barselona» Samuel Yumtiti uchun 25 million... Oxirgi yillarda esa «Lion» Tangi Ndombele («Tottenxem») va Forlan Mendi («Real») transferlaridan jami 100 million yevrodan ko‘p ishladi.
1-o‘rin - «LILL» (Fransiya)
Xarajat: 319 mln. yevro
Daromad: 668 mln. yevro
Nisbat: +349 mln. yevro
Futbol bozorida oldi-sotdi nuqtai nazaridan etalon klub. Qarang, «buldoglar» atigi 22 million yevroga xarid qilingan Viktor Osimxen uchun «Napoli»dan 75 «limon» undirishdi. Qolaversa, «Arsenal» Nikolya Pepe transferi yo‘lida 80 «limon»dan voz kechdi. Umuman, «Lill» har yili 3-4 nafar futbolchini 50-60 mln. yevroga sotish hadisini o‘zlashtirgan.
A.AHMEDOV tayyorladi