Kirish Ro'yxatdan o'tish

Futbol va iqtisod: Oshig‘i olchi «burgutlar»

Futbol va iqtisod: Oshig‘i olchi «burgutlar»

Baho:
+ | -

Joriy mavsum «Spartak»ni ranjitgan «Benfika» YECHL turniri finallarida 7 marta maydonga tushgan Portugaliyaning yetakchi klubidir. «Burgutlar»ning shiddatli parvozi ko‘proq 1960-yillarda qayd etilgan bo‘lsa, hozirda ular mahalliy futbolda hukmronlik qilmoqdalar. Primeyraning oxirgi 8 mavsumidan 5tasida jamoa shohsupaga ko‘tarildi. Mazkur muvaffaqiyatning tushunish qiyin bo‘lgan, mantiqqa zid jihati shundaki, «Benfika» har yili yetakchi o‘yinchilarini Yevropaning top-klublariga pullaydi, tarkibi muntazam ravishda yangilanib turadi. Lekin bu yo‘qotishlar «burgutlar» parvoziga putur yetkazmaydi, dunyoga dong‘i ketgan samarali skautlik tizimi va mahalliy iqtidorlarni tarbiyalab beruvchi akademiya ko‘magida jamoa parvozni davom ettirmoqda. Qo‘shimchasiga, faol kelishuvlar hisobiga moliyaviy qudratini tobora oshirmoqda. Keling, yaxshisi, «burgutlar»ning so‘nggi yillardagi transferlari bilan tanishamiz.

Mavsum-2013|2014

Sotuv: Nemanya Matich - «Chelsi»ga, 25 mln. yevro

Xarid: Lyubomir Feysa - «Olimpiakos»dan, 4,5 mln. yevro

Matich Lissabonga 2011 yilda, «Chelsi»ga sotilgan David Luis o‘rnini to‘ldirish uchun kelgandi. «Burgutlar» libosidagi ikki ajoyib mavsumdan keyin serbiyalik xavbek 2014 yil yanvarida «Stemford Brij»ga bordi. «Benfika» yo‘qotish o‘rnini to‘ldirishga oldindan tayyorgarlik ko‘rib, «Olimpiakos»dan Nemanyaning vatandoshi - Lyubomir Feysani xarid qildi. Shu tariqa qishda Matichni sotish imkoniyatini yaratdi. Lissabonliklar safida 7 yil to‘p surgan Feysa 12 yillik faoliyatida faqat 2017|2018 va 2019|2020 yillar mavsumida chempionlik unvoniga erisha olmadi, xolos.

Sotuv: Enso Peres - «Valensiya», 25 mln. yevro

Xarid: Pissi - «Braga»dan, 5,5 mln. yevro

Aslida lissabonliklar Pissini Enso Valensiyaga yo‘l olishidan 18 oy avval xarid qilishgan, lekin u mavsumni ijara asosida «Espanyol»da o‘tkazgandi. Ispaniyada hujum chizig‘ida to‘p surgan futbolchi «burgutlar» tarkibida ikkinchi pleymeyker rolini o‘z zimmasiga olib, Ensoning o‘rnini to‘ldirdi, 2018|2019 yillar mavsumida esa o‘ng qanot hujumchisi pozisiyasiga o‘tdi. U barcha turnirlar hisobidan 360 uchrashuvda «burgutlar» sharafini himoya qilib, 94ta gol va 96ta assistni amalga oshirdi.


Mavsum-2014|2015

Sotuv: Yan Oblak - «Atletiko»ga, 15 mln. yevro

Xarid: Ederson - «Riu Ave»dan, 500 ming yevro

«Benfika» Oblak transferidan risoladagidek daromadga ega bo‘ldi. Sloveniyalik posbon 4 yil ichida atigi 26 marta maydonga tushib, qolgan vaqtini ijaralarda o‘tkazgandi. Jamoa esa uning o‘rnini avval Julio Sezar, keyin boshqa braziliyalik - Ederson bilan to‘ldirdi. 2015|2016 yillar mavsumining 2-davrasidan maydonga tusha boshlagan Ederson 2016|2017 yillar mavsumini o‘ta ishonchli (27 o‘yindan 18tasi «quruq») o‘tkazib, «Manchester Siti» e’tiborini tortdi. Uning transferi «burgutlar»ga 41 mln. foyda keltirdi.

Sotuv: Esekyel Garay - «Zenit»ga, 14 mln. yevro

Xarid: Viktor Lindelyof - akademiyadan, tekinga

Garay «Zenit»ga yo‘l olgach, Lindelyof birdaniga asosiy tarkibdan joy olishni bir yil kutishga majbur bo‘ldi. Esekyel himoya markazida «burgutlar» sardori Luizao bilan hamkorlikda o‘ynardi. U ketgach, o‘rnini Garayning vatandoshi - Lisandro Lopes egalladi. 2015|2016 yillar mavsumining 2-davrasida Lindelyof «burgutlar»ning asosiy markaziy himoyachisiga aylanib, keyinchalik «Benfika»ga kattagina daromad keltirdi.


Mavsum-2015|2016

Sotuv: Rodrigo - «Valensiya»ga, 30 mln. yevro

Xarid: Konstantinos Mitroglu - «Fulxem»dan, 7 mln. yevro

2014 yilda 12 mln. funt evaziga londonliklar safidan joy olgan hujumchi 3ta o‘yinda birorta gol urolmagandi. Lekin avvaliga ijara asosida, keyinchalik to‘laqonli a’zo maqomida to‘p surish imkonini bergan «Benfika»da ishonchni oqladi. 2015|2016 yillar mavsumini u 45 uchrashuvdagi 25 goli bilan yakunlagan bo‘lsa, keyingi mavsumda 27ta gol urdi. Mitrogluning sermahsulligini Rodrigoniki bilan solishtirsak, «burgutlar»ning zukko siyosati oydinlashadi. «Ko‘rshapalaklar» safidagi 6 mavsumda Rodrigo 220ta o‘yinda 59ta gol urgan bo‘lsa, Mitroglu ikki mavsumda 52ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Sotuv: Maksi Pereyra - «Portu»ga, erkin agent

Xarid: Nelson Semedu - akademiyadan, tekinga

«Benfika»dagi 8 yillik faoliyatida muxlislar yoqimtoyiga aylangan Pereyra 2015 yilning yozida yangi shartnomaga imzo chekishni istamay, azaliy raqib - «Portu»ga o‘tib ketdi. Bundan tashqari, porloq kelajak sohibi sifatida e’tirof etilgan Joau Kanselu 15 mln. yevroga «Valensiya»ga sotib yuborilgach, o‘ng qanot himoya chizig‘ida muammo yuzaga keldi. Biroq mutasaddilar sarf-xarajatlarsiz buning yechimini topishdi - akademiyadan taklif etilgan Nelson Semedu 2 yillik ishonchli faoliyatdan keyin klub g‘aznasiga 35 mln. yevro keltirgan holda «Barselona»ga yo‘l oldi.


Mavsum-2017|2018

Sotuv: Viktor Lindelyof - «MYU»ga, 36 mln. yevro

Xarid: Ruben Diash - akademiyadan, tekinga

Lindelyof Manchesterga ravona bo‘lganida, uning o‘rnini «Benfika-B»ning navbatdagi vakili - Ruben Diash to‘ldirdi. U birdaniga «burgutlar»ning asosiy markaziy himoyachisiga aylanib, yangi mavsumdagi ishonchli o‘yinlari bilan jamoa chempionligiga munosib hissa qo‘shdi. Bir yildan so‘ng Diash «Manchester Siti»ga o‘tib, debyut mavsumidayoq APLning eng yaxshi futbolchisi, YECHLning eng yaxshi himoyachisi va klubida yil futbolchisi unvonlariga sazovor bo‘ldi. Hozir Ruben «shaharliklar»da sardor o‘rinbosari.

Sotuv: Ederson - «Manches­ter Siti»ga, 41 mln. yevro

Xarid: Odisseas Vlaxodimos - «Panatinaikos»dan, 2,4 mln. yevro

Ederson 2017 yil yozida Manchesterga yo‘l olgach, uning o‘rnini egallagan Bruno Varela atigi bir mavsum o‘ynadi, xolos. Keyin «Benfika» darvozasi Gresiya termasi posboni bo‘lgan Vlaxodimosga topshirildi. Tez orada yunonistonlik futbolchi ham asosiy darvozabon maqomini qo‘lga kiritdi. Keyinchalik David De Xea o‘rnini egallashi aytilgan Odisseas hamon «burgutlar» qo‘riqchisi.

Sotuv: Joau Felish - «Atletiko»ga, 126 mln. yevro

Xarid: Shikinyu - «Moreyrense»dan, 5,2 mln. yevro

Balki bu «Benfika»ning transfer bozoridagi buyuk xatosidir. Juda yosh bo‘lishiga qaramasdan, Joau yetakchi «burgut» edi. Uning o‘rnini to‘ldirish esa, hanuzgacha amalga oshmadi. 2019 yilning yozida «Benfika» Felish o‘rnini to‘ldirish maqsadida ikki nafar hujumkor futbolchi - Shikinyu va Karlos Vinisiusni xarid qilgandi. Ammo jamoa 2 nafar hujumchi taktikasiga o‘tgach, 10-raqamga ehtiyoj qolmadi. Maydondagi vazifasi jihatidan olganda, Shikinyu Felishga ko‘proq o‘xshaydi. Juftlik «Benfika»ning oldingi chiziqdagi avangard kuchiga aylana olmadi, Shikinyu 43 uchrashuvda 4ta gol va 6ta assist bilan kifoyalandi va hozir «Giresunspor»da «surgun» muddatini o‘tamoqda.


Mavsum-2020|2021

Sotuv: Ruben Diash - «Manchester Siti»ga, 68 mln. yevro

Xarid: Nikolas Otamendi - «Manchester Siti»dan, 16 mln. yevro

Mazkur o‘ziga xos «barter»da lissabonliklar Ruben uchun olingan mablag‘ning bir qismini Manchesterda qoldirishlariga to‘g‘ri keldi. Ular shuningdek, «Tottenxem» vakili Yan Vertongenni ham tarkibga jalb etdilar. «Benfika»ning asosiy tarkibida juftlik yuksak saviyada to‘p surmoqda, Nikolas sardorlik bog‘ichiga loyiq topildi. Xullas, «burgutlar»ning oshig‘i olchi!

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:19, 17.03.2022.
O'qildi: 2275 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.