Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

«Oltin to‘p»: ko‘p yillik tanqid ish berdi

«Oltin to‘p»: ko‘p yillik tanqid ish berdi

Baho:
+ | -

Tarixda ilk bor baholash tizimi 12 oylik ko‘rsatkichlarga qarab belgilanadigan bo‘ldi - dastlabki format bema’ni edi, zero aksariyat chempionatlarning «kuz-bahor» tizimiga o‘tganiga ancha bo‘lgan. «Oltin to‘p» topshirilishiga javobgar bo‘lgan Fransiya nashrlariga bu g‘oyani yillar davomida butun dunyodan yetkazishga urinishdi. Nihoyat, tashkilotchilar mantiqni «yoqib», mavsumiy statistikalarni solishtirib, sov-rinni kuzda topshirish imkonini beradigan tizimni aniqlab olishdi.

Yulduzlar obro‘si ortiga yashirinib...

Ushbu band ancha sodda. Avval Blatterga sotilgan fransuzlar bir necha yillar mobaynida sovrinni topshirish huquqini FIFAga topshirishdi. Endi esa bir nechta mojarolarni boshdan kechirishdi, shu bois, ularga bosh mukofotga da’vogarlar qisqa ro‘yxatini tuzish jarayonida bo‘ladigan bosimda o‘z obro‘si bilan qalqon vazifasini o‘taydigan shaxs kerak. Endilikda «short-list» tekshiriladi.

Bu vazifani Didye Drogba bajaradi. Aynan ivuarlikni tanlashgani tushunarli. Birinchidan, «Oltin to‘p»ni yevropoid bo‘lmaganlar qo‘lga kiritganidan so‘ng ancha yillar o‘tdi, shunday ekan, bosh hakam sifatida afrikalikning tanlanishi - siyosiy ishora. Drogbaning obro‘si ortiga yashirinishmoqchi, endilikda barcha bahsli vaziyatlar uning vijdoniga havola qilinadi. Axir bu inson martabali, o‘z vaqtida mamlakatida fuqarolik urushini to‘xtatishga intilgan.

 

Malakasiz ekspertlar «elak»dan o‘tadi

FIFAga bo‘lgan bosh e’tiroz ham aynan ekspertlar sifati bilan bog‘liq edi. Nega endi Messi yoki Ronalduning Efiopiya yoki Surinamdagi fanati bergan ovoz ta’siri Ispaniya yoki Angliya vakilinikidan kuchliroq bo‘lishi kerak? Endilikda ekspertlar kamayadi - faqat FIFA reytingida dastlabki yuztalikka kirgan mamlakatlar jurna-listlari qatnashadi. Maqbul qaror, axir Madagaskar, Hindiston, Keniya, Syerra-Leone, Liviya yoki Filippindagi yigitlar yakuniy natijada sezilarli ta’sir o‘tkazishardi. Ko‘pincha yo Ronaldu yoki Messi g‘olib chiqardi. Individual jihatdan, ular betakror, ammo boshqa munosibroq nomzodlar ham bor edi. «Oltin to‘p» adolatsiz va mojaroli ko‘rik-tanlovga aylanib qoldi, zero bu holat futbolchilarning o‘ziga ham og‘ir ta’sir qildi. Inyesta va Xavi Messining eng kuchli ekanligini tan olishdi, ammo Levandovski yaqqol va haqqoniy tarzda ranjidi.

 

Hay’at a’zolariga aniq qo‘llanma

Agar fransuzlarga har bir «hazilkash»ni ovoz beruvchilar safidan chiqarish imkoniyati berilganda, yanada yaxshi bo‘lardi. Misol uchun, mabodo kimdir ro‘yxatga o‘z mamlakatidan uch vakilni kiritsa, boshqa hech qachon ovoz bermaydi. Yevropa tashqarisidagi katta bo‘lmagan mamlakatlarda ham futbolni yaxshi tushunadigan jurnalistlar yetarlicha topiladi. Barchasi fransuzlarning o‘zlariga bog‘liq: sifatli ovoz beruvchilarni tanlab, noxolislik kuzatilgan pallada ularni almashtirish.

Endi yana bir aniqlik ham kiritildi, tanlov chog‘i individual o‘yinni ham inobatga olish darkor. Keyin esa sov-rinlar, so‘ngra futbolchining «feyr-pley» bo‘yicha darajasini ham. Ekspertlar ob’ektivlikka tayanib, yaxshi ko‘rganlardan voz kechishni qanchalik uddalashlari noma’lum, ammo endilikda shaxsiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazganlar muayyan jurnalistdan o‘n yildan buyon ovoz berayotgan futbolchini yana nega tanlaganini so‘rashlari mumkin bo‘ladi. «Oltin to‘p»ni eng yaxshilar toifasida avvaldan belgilanganlarga topshirish odati tan olinmayotgandi, 2020 yilda sovrin Levandovskiga berilmagani esa vaziyatning aslida qanday ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

 

«O‘zinikilar»ni tanlash davom etadi

Afsuski, odamlar sodda, shu bois ularni nafaqat personal jihatdan, balki jamoaviy tomonlama ham bir tomonga og‘dirish oson. Millionlab kishilar Messi va Ronalduni tanlab, «futbolni faqat ikki kishi o‘ynamaydi» qonunini yillar davomida e’tiborga olishmadi. Bu o‘ziga xos to‘daga o‘xshaydi. Uning ishtirokchilari nima qilishayotganini har doim ham tushunishmaydi, ammo har gal o‘z harakatlarini yuqori maqsadlar bilan oqlashadi. Shu sababli ham endi Messida 7ta «Oltin to‘p» bor, Ronalduda - 5ta, ular orasiga faqat Modrich kirishni uddaladi.

Tabiiyki, ko‘pchilik avvalgidek qo‘llanmani nazardan chetda qoldirib, o‘zi yoqtirganlarga ovoz berishda davom etadi. Boshqa tomondan, Messi va Ronalduning yoshi o‘tmoqda, ularga so‘rov jarayonida ustunlikni saqlab turish qiyinlashadi. Tanlovlar yanada qiziqarli tus oladi, o‘zgarishlar esa bunga turtki bo‘ladi. Hozirning o‘zida Saloh, Levandovski, Mbappe va Benzema bor - kamida to‘rt nafar munosib nomzod. Chempionlar Ligasidan chiqib ketgach, Kilianning imkoniyatlari kamaydi, lekin qolganlar hamon poygadalar.

Eng yomoni - yangiliklar o‘n yil avval amalga oshirilishi kerak edi. Biroq FIFAda korrupsiyaga o‘ch Blatter joylashib, har qanday rivojlanishga qarshi turardi. Mitti va hozirda muhimlik darajasini yo‘qotgan nashrning fransiyalik jurnalistlaridagi qo‘rqoqlik, futbol mulozimlarining beparvoligi, ularning Messi va Ronaldu shon-shuhrati yordamida «isinishgani» tufayli «Oltin to‘p» adolatsizlik ramziga aylandi.

So‘rov tizimini har qanday yo‘llar bilan bo‘lsada o‘zgartirish darkor. Ayniqsa, so‘nggi yillardagi bema’niliklardan keyin. Umuman, Messining shaxsiy fanatlari sababli van Deykni ham xunuk tarzda «qulatishgandi». Qoidalarni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Sov­rin topshirish muddati klublar mavsumi yakunlanishiga to‘g‘ri keladi - JCH-2022 endi 2023 yilgi sovrin uchun turnirlar ro‘yxatiga kiradi va bu mantiqan to‘g‘ri qaror. Shuningdek, ovoz beruvchilar sonining kamayishi ham asqotadi. Hakamlar hay’atida Drogbaning borligi, Ronaldu va Messida eski tanishlik tamoyillari asosida sovrinni qo‘lga kiritish imkoni kamayishi ham «Oltin to‘p»ning nufuzi yana ortishiga sabab bo‘ladi.

Bu futbol uchun yaxshi xabar, axir qatorasiga ikki marta Levandovski haqli bo‘lgan sovrin Messiga topshirilganda, olgan ovozlari kamligidan hayratga tushganlar safida Saloh yagona emasdi. Barchamizning guvohligimizda Benzemaning imkoniyatlari ortmoqda. Levandovskining o‘yinida ham pasayish yo‘q. Salohning sermahsulligi shubhadan xoli. Kelinglar, yaxshisi, «Oltin to‘p» g‘olibi futbol maydonida aniqlansin, qandaydir shaxs-ga sig‘inuvchilarga bu jarayonda o‘rin yo‘q.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:00, 27.03.2022.
O'qildi: 6076 marta.
Fikrlar: 30 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.