"Arsenal"ning bu mavsumdagi muvaffaqiyatli odimlari ortida avvalo, Mikel Artetaning rejalari, keyin esa jamoaning yosh va kurashuvchanligi yotibdi. Ayni damga kelib, "to‘pchilar" so‘nggi besh yilda YECHL yo‘llanmasi uchun eng asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Klub bu marrani zabt etgani bilan unda ishtirok etish uchun kuchli va shakllangan jamoa kerak bo‘ladi. Buning uchun esa tarkibning zaif, mo‘rt nuqtalari jiddiy o‘rganilishi kerak.
So‘nggi xabarlarda "Arsenal" hujum uchun Markus Reshfordga "og‘iz solgani" aytiladi. Angliya terma jamoasi a’zosi "Manchester Yunayted"da baxtsizligi bilinib turibdi. Buni uning mavsum davomidagi statistikasidan ham ko‘rib olsak bo‘ladi. 24 yoshli hujumchi bu mavsumda barcha musobaqalarda 26 ta uchrashuvda 5 marta gol urgan, xolos. Shuningdek, ushbu uchrashuvlarning 13 tasi Reshford uchun zaxiradan boshlangan. "Arsenal" esa bir qadar umidsizlangan futbolchiga yangidan ruhiyat baxsh etishi mumkin. Agar u London jamoasiga o‘tgudek bo‘lsa, ularning hujumdagi kuchi o‘ta yosh va yanada qudratga ega bo‘ladi. Yanvar oyidan buyon to‘pchilar hujumida kamchiliklar borligi aytib kelinmoqda. Bu esa qishda Obameyangning ketishi bilan bog‘liqdir.
"Arsenal" tez orada jamoa sardori Aleksandr Lyakazett hamda Eddi Nketialardan ayriladi. Shu bilan klub markaziy hujumida birorta asosiy o‘ringa ega futbolchi qolmaydi. Bu esa kamida ikkita forvard xaridini talab qiladi. Reshford esa, raqib darvozasi oldida ajoyib talantga ega bo‘lgan Bukayo Saka, Gabriel Martinelli, Emil Smit-Rou hamda Martin Edegor bilan birga kuchli xavf hosil qilishi mumkin. Xususan, hujum chizig‘idagi Martinelli, Edegor, Saka va ularga qo‘shilajak Reshfordning o‘rtacha yoshi atigi 21 ni tashkil etadi. Shuningdek, "Arsenal"da zaxira rejasi ham mavjud. Bordiyu, Reshford transferi amalga oshmay qolsa, u holda "Everton"dan Kalvert-Lyuin olib kelinishi ham mumkin. Mersisaydliklar o‘z hujumchisini sotishini bildirgan. 23 yoshli Dominik yanvar oyida 60 million funtga baholangan. Shu sabab "Vest Xem" uni sotib olish fikridan qaytib qolgan edi.
Endi jamoaning yarim himoyasiga ham bir qur nazar solsak. Ushbu hudud uchun yana bir yozgi xarid rejalashtirilgan bo‘lib, u "Lester Siti"dan sotib olinishi kerak bo‘ladi. "Arsenal" "tulkilar" futbolchisi Yuri Tilemansni jamoaga olib kelmoqchi. Klub belgiyalik bilan yanvar oyidayoq muzokaralarni boshlagan edi. O‘shanda "Lester"ning o‘z o‘yinchisiga baland narx belgilashi, hammasini to‘xtatib qo‘yadi. Ayni damda esa Brenden Rojers jamoasi Tilemansni tekinga qo‘yib yubormaslik uchun, uni 60 millionga emas, balki 35 million funt evaziga berib yuborishga tayyorligi aytilmoqda ( faqat 2023 yilgacha bitim bor). Tilemans yaqin kelajakda Granit Jakaning o‘rnini egallashi mumkin.
Qolaversa, "Arsenal" himoyani mustahkamlash uchun ijaradagi futbolchisi Vilyam Salibani jamoaga qaytarishni o‘ylamoqda. Saliba yaqinda Fransiya terma jamoasiga chaqiruv olgan va o‘z debyutini nishonlagan edi. Ammo Salibaning "Arsenal" asosiy tarkibidagi o‘rni kafolatlanmagan. Chunki u Londonda Braziliya terma jamoasi a’zosi Gabriel Magalyayns bilan raqobat qilishi kerak bo‘ladi.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi