Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Messidan Ronaldugacha. Qatar-2022 faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘ladigan afsonalar haqida

Messidan Ronaldugacha. Qatar-2022 faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘ladigan afsonalar haqida

Baho:
+ | -

Qatarda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati millionlar o‘yini tarixidagi muhim voqealardan bo‘lishi kutilmoqda. Jahon Chempionati tarixda ilk marotaba yozda emas, kuz va qish oylarida o‘tkaziladi. Shuningdek, ushbu musobaqa bir qator taniqli futbolchilar uchun oxirgi mundial bo‘lishi ham mumkin va eng qayg‘ulisi, bunday «nomzodlar» qatorida qarishni xohlamayotgan «o‘zga sayyoraliklar» ham bor. Quyida ana shunday futbolchilar haqida hikoya qilinadi!

Neymar — Braziliya


Ortda qolayotgan yilning oktyabr oyida Neymar Jahon chempionati saralashi doirasidagi o‘yindan so‘ng bergan intervyusida Qatar—2022 u uchun oxirgi Jahon Chempionati bo‘lishi mumkinligini aytdi:

«Menimcha, bu mening oxirgi Jahon Chempionatim bo‘ladi. Yana futbol o‘ynashga kuchim yetadimi, yo‘qmi bilmayman. Shuning uchun yaxshi o‘yin ko‘rsatish, g‘alaba qozonish, bolalikdagi asosiy orzumni amalga oshirish uchun bor kuchimni ishga solaman».

Neymarning bunday deyishiga yetarlicha sabablar bor, boisi u o‘zining texnik harakatlari bilan ko‘plab himoyachilarning jig‘iga tegishga ulgurgan, har bir o‘yinda unda boshqa o‘yinchilarga nisbatan jarohat olish xavfi yuqoridir. Bundan tashqari, u muntazam ravishda jarohat olaverganidan shikastlanishga moyil bo‘lib qolgan va ko‘p hollarda yo‘q joydan ham o‘ziga muammo orttirib oladi.

2010 yilda terma jamoada debyutini o‘tkazgan Neymar shu vaqtga qadar (116 o‘yinda) 71 ta gol urgan, u terma jamoa to‘purarlari orasida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Birinchi pog‘onadagi Pelening hisobida esa 77 ta gol bor. 2026 yilda Neymar 34 yoshda bo‘ladi. Garchi bu yosh zamonaviy futbol uchun unchalik ham katta hisoblanmasa-da, «PSJ» futbolchisining jarohatlari va sport formasidan kelib chiqilsa, uning AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan mundialga borish ehtimoli ancha past.

Manuel Noyer — Germaniya


Germaniya terma jamoasidagi debyutini 2009 yilda o‘tkazgan Noyer shu vaqtga qadar terma jamoada 108 ta o‘yin o‘tkazgan va uzoq yillar davomida «nemis mashinasi»ga sardorlik qilgan. Terma jamoa murabbiyi Hans-Diter Flik uni Qatarga boradigan yakuniy tarkibga kiritishi ehtimoli ancha yuqori. Chunki Noyerning ulkan tajribasi yosh va qiziqqon yoshlar yig‘ilgan tarkibda asqatishi aniq.

Lekin kelasi mundialda so‘nggi o‘n yillikning eng yaxshi darvozabonlaridan biri 40 yoshga to‘lgan bo‘ladi. Noyerning yoshidan tashqari, Germaniya terma jamoasida hozirda darvozabonlar borasida ham yaxshigina raqobat mavjud.

Karim Benzema — Fransiya


6 yillik tanaffusdan keyin yana terma jamoaga qaytgan Benzema JCH—2022 saralash doirasidagi o‘yinlarda yorqin harakatlarni amalga oshirdi va «uchranglilar»ning mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishida o‘zining katta hissasini qo‘shdi.

Karim bungacha 2015 yilda, «Valbuena ishi» tufayli chetlatilganidan beri milliy jamoada o‘ynamayotgandi. Ushbu chetlatish tufayli Benzema Fransiya g‘olib chiqqan, 2018 yilgi Jahon Chempionati va Yevro—2016 ni (ikkinchi o‘rin) o‘tkazib yubordi. 2021 yilga kelib esa Didye Desham Benzemani terma jamoaga qayta jalb qildi. Va aytish mumkinki, bu qaror o‘zini to‘laligicha oqladi. «Real» hujumchisi nafaqat Yevro—2020 da, balki yuqorida ta’kidlanganidek, mundial saralashida ham ajoyib o‘yinlar ko‘rsatib, gollarni qalashtirib tashladi. Shunday ekan Qatar maydonlarida ham Desham ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan (bunday deyish biroz noo‘rin, boisi u ayni damda har qachongidan yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda) Benzemaga katta umid bog‘lashi aniq.

Biroq 2026 yilgi mundialga kelib Karim 39 yoshda bo‘ladi va mundialga boradigan yakuniy tarkibga kiritilishi juda katta so‘roq ostida qoladi. Buni Benzemaning o‘zi ham juda yaxshi biladi va Qatardagi musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatini ishga soladi.

Luka Modrich — Xorvatiya


Benzema kabi «Real»da uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan Modrich uchun ham Qatar—2022 so‘nggi Jahon Chempionati bo‘lishi mumkin. Xorvatiyaning ko‘p karra eng yaxshi o‘yinchisi va terma jamoa sardori hozir 36 yoshda. Ammo Luka hozircha qarilikni bo‘yniga olmoqchi emas, uning o‘zi bu borada shunday deydi:

«O‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Menimcha, yoshimga emas, maydondagi harakatlarimga qaragan ma’qul. Hozirda yosh borgan sari ahamiyatsiz bo‘lib bormoqda, chunki futbolchilarning faoliyati uzayib bormoqda. Holatim yaxshi. O‘zimni hali xuddi 30 ga ham kirmagandek his qilyapman».

Darhaqiqat, Modrich ham ko‘plab futbolchilar singari, yoshning shunchaki raqam ekanligini isbotlay olgan. Ammo ortda qolgan yillar o‘z so‘zini aytmasdan qo‘ymaydi, buning ustiga organizm ham professional sportchi olishi kerak bo‘lgan yuklamalarga bardosh bera olmasligi mumkin. Okean orti mamlakatlarida o‘tadigan JCHga borib esa Modrich 41 yoshni urib qo‘ygan bo‘ladi.

Lionel Messi — Argentina


Individual va klubdagi sovrinlar borasida aql bovar qilmas natijalarga erishgan Messi 2021 yilgacha terma jamoada hech qanday natijaga erishmagani tufayli muntazam ravishda tanqidlarga uchrardi. Ammo Kopa Amerika—2021 musobaqasiga kelib, hamma narsa o‘zgardi. Braziliyada o‘tgan musobaqa chinakamiga Messiga ataldi deyish mumkin. Uning sardorligidagi Argentina terma jamoasi bosh sovringa ega chiqqan bo‘lsa, Messining o‘zi musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Leo bu g‘alabasi orqali azaliy orzusini amalga oshirish bilan birga barcha tanqidchilarning ovozini o‘chirishning ham uddasidan chiqdi.

Endilikda Messi Janubiy Amerika chempioni sifatida Jahon Chempionatida ham munosib ishtirok etib, g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Chunki bu Messi uchun ham katta ehtimol bilan so‘nggi mundial bo‘lishi mumkin. Kelasi mundialda u 39 yoshni qarshi olgan bo‘ladi. Garchi, Zlatan Ibrahimovich kabilar 40 yoshida ham kuchli beshlik chempionatlarida javlon urayotgan bo‘lsa-da, hujumchi uchun bu kichkina yosh hisoblanmaydi. Qolgan variantlarni ham inkor qilmagan holda Messi uchun Qatar—2022 ning oxirgi mundial bo‘lishi aytilsa, hech kim ortiqcha bahslashmasa kerak.

Krishtianu Ronaldu — Portugaliya


Ronaldu asosiy raqobatchisi Messidan farqli o‘laroq terma jamoasi bilan ham maqtansa arzigulik g‘alabalarga erishgan va Portugaliya terma jamoasidagi har bir o‘yinida qandaydir qahramonlik ko‘rsatib kelgan. Terma jamoada urilgan gollar soni bo‘yicha jahon rekordi ham unga tegishli ekani yuqoridagi gaplarga isbot bo‘la oladi. G‘alabalar haqida gap ketganda esa Portugaliyaning Yevro—2016 va Millatlar Ligasi—2019 da g‘olib chiqqanini aytish mumkin.

37 yoshli Ronaldu ham Messi kabi shaxsiy va klublarda qo‘lga kiritmagan sovrini qolmagan, biroq ularning har ikkalasini ham ayni damda faqat bir narsa qiziqtirmoqda — Jahon Chempionati bosh sovrini.

Agar Portugaliya pley-off bosqichidan o‘ta olsa (buning uchun Shimoliy Makedoniya mag‘lub etilishi kerak), Ronaldu 37 yoshida jamoadoshlarini Qatar maydonlariga olib chiqadi. 2026 yilgi mundialda esa «gol mashinasi» 41 yoshni qoralagan bo‘ladi...

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 09:45, 28.03.2022.
O'qildi: 4270 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.