Italiyalik mutaxassis Antonio Konte vakillari «Manchester Yunayted» rahbariyati bilan aloqalarni qayta tiklab, klub bosh murabbiyligi lavozimiga qiziqish borligini tasdiqladi. Mutaxassis «Old Trafford»da ish boshlashga va darhol vazifaga kirishishga tayyor. Bu haqda TEAMtalk xabar bermoqda.
Konte o‘tgan mavsum yakunida «Napoli»dan ketganidan buyon ishsiz qolmoqda. Avvalroq italiyalik murabbiy yangi mavsum boshlanishini kutib, jamoa bilan mavsumoldi tayyorgarlikni o‘tkazishni afzal bilgan. Biroq hozirda uning pozisiyasi o‘zgargan.
Manbaga ko‘ra, Konte tarixiy klub haqida gap ketgan taqdirda mavsum o‘rtasida ham jamoani qabul qilib olishga qarshi emas. U yaqindagi intervyusida o‘zining avvalgi darajasiga qaytishni istagan va boy tarixga ega klubni boshqarishga tayyorligini bildirgan.
Agar «Manchester Yunayted»ga tayinlansa, italiyalik mutaxassis qishki transferlar oynasida jamoani kuchaytirishni talab qiladi. Xususan, u uch nafar yangi futbolchining xarid qilinishini istamoqda.
«Manchester Yunayted» joriy mavsumda Angliya Premyer-ligasining oltita uchrashuvida atigi olti ochko jamg‘argan. Jamoa, shuningdek, Liga kubogidan «Brayton»ga mag‘lub bo‘lib chiqib ketdi. Seshanba kuni esa Chempionlar ligasida «Atletiko»dan mag‘lubiyatga uchradi.
Qayd etish joiz, Konte 2026 yil yozida ham «Manchester Yunayted»ni boshqarishga qiziqish bildirgan. Biroq klub egalari — INEOS rahbariyati Maykl Kerrikka ishonch bildirishda davom etgan.













