Ispaniya terma jamoasi va Kataloniyaning «Barselona» klubi yarim himoyachisi Dani Olmo Myunxenning «Bavariya» jamoasi e’tibor markazida bo‘lib turibdi.
Insayder Ekrem Konurning ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilishicha, Germaniya grandi rahbariyati 28 yoshli futbolchini qishki transferlar oynasida sotib olishga urinib ko‘rish yoki ko‘rmaslik borasida hozircha yakuniy qarorga kelmagan.
Shu bilan birga, Olmoning o‘yinlarini Angliya Premyer-ligasining ikki klubi — Londonning «Chelsi» va «Tottenxem» jamoalari ham diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Ispaniyalik yarim himoyachi 2024 yilning yozidan buyon «Barselona» sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning kataloniyaliklar bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Dani Olmoning ayni paytdagi bozor qiymati 60 million yevroga baholanmoqda.













