Ispaniyaning ABC gazetasida La Liganing «Betis» va «Barselona» o‘rtasidagi uchrashuviga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Kataloniyaliklarning 5:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bahsdan so‘ng jurnalist Salvador Sostres bosh hakam Rikardo de Burgosning faoliyatini keskin tanqid qildi.
«Barsa» va de Burgos «Betis»ni bo‘g‘ib qo‘ydi», — degan sarlavha ostida chop etilgan maqolada hakamning bahsli qarorlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Jurnalistning fikricha, de Burgos o‘z qarorlari bilan uchrashuvni barbod qilgan. Sostres bir qator vaziyatlarni, jumladan, Fakundo Bernalning maydondan chetlatilishiga sabab bo‘lgan tortishuvni misol sifatida keltirgan.
«O‘sha vaziyatda de Burgos yana bir bor o‘zining ikkiyuzlamachiligini namoyish etdi. Lamin Yamal birinchi bo‘lib tajovuzkor harakat qilgani uchun faqat sariq kartochka oldi, Fakundo Bernalning javob harakatlari esa qizil kartochka bilan jazolandi», — deb yozdi jurnalist.
Sostres, shuningdek, Yamalning Madridning «Real» klubiga qarshi bo‘lib o‘tadigan «El-Klasiko»da ishtirok eta olishi, Vinisius Junior esa yaqinda olgan diskvalifikasiyasi sababli ushbu muhim uchrashuvni o‘tkazib yuborishiga ham e’tibor qaratdi.
«Garchi bu holat Mourinyoning vazifasini yengillashtirishi mumkin bo‘lsa-da, Vinisiusning «El-Klasiko»da o‘ynay olmasligi, Laminning esa maydonga tushishi mumkinligi — haqiqiy sharmandalik», — deyiladi maqolada.
Jurnalistning xulosasiga ko‘ra, «Betis» hakam bosimi va oddiy omadsizlik tufayli ruhan singan.
Shu tariqa, «Barselona»ning yirik g‘alabasi Ispaniya matbuotida hakamlik qarorlari yuzasidan jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.













