Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Real» nazariga tushgan iqtidor

«Real» nazariga tushgan iqtidor

Baho:
+ | -

«U bolakay emas, u erkak. Va benazir iqtidor sohibi!» degandi Pol Pogba «Monako» va Fransiya terma jamoasining 22 yoshli javohiri bo‘lgan Orelyen Tchuameni haqida. Hozircha bu futbolchining nomi ko‘pchilikka noma’lum, ammo tez orada hammasi o‘zgaradi: kun sayin yorqinroq o‘yin ko‘rsata boshlagan Orelyenning dovrug‘i tobora kengroq yoyilib, nomdor klublar e’tiborini tortmoqda.

Tchuameni Fransiyada tug‘ilgan bo‘lsada, aslida kamerunlik. U mukammal sifatlarga ega futbolchilar toifasidan: jismonan baquvvat, o‘yinni to‘liq his etadi, nafis uzatmalar hamda porloq kelajak sohibi. Ana shu fazilatlari uni qit’aning eng noyob iqtidorlari safiga olib chiqdi. Orelyen boshqa klublar qatori, «Real» va «PSJ»ning diqqat markazida turibdi. U hozirning o‘zida Kazemironing o‘rnini to‘ldira oladi. Tchuamenining asosiy ixtisosi - tayanch yarim himoyachisi, lekin sof yarim himoyachi pozisiyasida ham ishonchli to‘p sura oladi. Fransiya terma jamoasida maydon markazidagi yumushlarni aynan u Pol Pogba bilan hamkorlikda bajarmoqda.

Himoya chizig‘ida Tchuameni «galaktik» ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Lo‘nda ta’rifga ko‘ra, raqiblaridan to‘pni olib qo‘yish bobida (har bir o‘yinda 6,63 marta) u Koklenni (6,3) ortda qoldirib, Yevropaning eng yaxshi tayanch yarim himoyachisi bo‘lib turibdi. Yuksak jismoniy ko‘rsatkichlari (187 sm., 83 kg.) Orelyenga shunday ustunlikni beradi. Bahaybat gavdasidan samarali foydalanish evaziga, maydon markazida u chinakam qoya vazifasini ado etadi. Boz ustiga, hech qachon muvozanatni yo‘qotmaydi. Shu bois, yakkama-yakka bahsda Orelyendan ustun kelish kamdan-kam futbolchiga nasib etadi. Tchuameni - faqat murabbiy buyrug‘iga binoan hujumga otlanishi mumkin. Ana shu itoatkorlik unga tayanch yarim himoyachisi hududida jamoadoshlarining xatolarini bartaraf etish imkonini beradi.

Shuningdek, Orelyen tashkilotchilik vazifasini ham a’lo darajada uddalaydi. Uning joriy mavsumdagi aniq uzatmalari 87 foizni tashkil etmoqda. Bularning 81 foizi oldingi chiziqqa yo‘llangan. Tchuameni to‘p bilan muomala qilganda faqat raqib darvozasi tomon qaraydi: kamdan-kam hollarda ortga qaytadi, driblingdan juda kam (1,24 marta) foydalanadi, asosiy maqsadi - nazorat va tezkor muomala.

Fransiyalik tayanch yarim himoyachisi har bir o‘yinda hech bo‘lmaganda bir marta raqib jarima maydonchasi chizig‘ida o‘z omadini sinab ko‘radi. Havoda samarali o‘ynashi sababli, burchak zarbalari vaqtida raqib jarima maydonchasida o‘ta xavfli, o‘z darvozasi oldida o‘ta ishonchli hisoblanadi.

Tchuameni Fransiya shimolidagi Gavrdan uncha uzoq bo‘lmagan Ruan shaharchasida tug‘ildi, futboldagi ilk saboqlarini «Bordo» kanterasida oldi. 15ga to‘lganida 17 yoshlilar jamoasiga jalb etildi. Bir yildan so‘ng 19 yoshlilar jamoasiga chiqdi, 17 yoshda esa «Bordo» o‘rinbosarlari safidan joy oldi. Hali balog‘atga yetmagan o‘smir 3 marta asosiy jamoaga jalb etildi, lekin debyuti ancha cho‘zilib ketdi. Nihoyat, 2018|2019 yillar mavsumida Yevropa Ligasi saralash bosqichida Latviyaning «Ventspils» klubiga qarshi asosiy tarkibdagi debyutini nishonladi. O‘zining dastlabki rasmiy golini Mariupolda, mahalliy jamoaga qarshi bahsda urdi. O‘sha mavsumda Orelyen asosiy tarkibda 19 marta maydonga tushdi.

2019|2020 yillar mavsumini futbolchi «Bordo»ning asosiy tarkibida o‘tkazdi, 21 uchrashuvda maydonga tushdi va «Monako» e’tiborini qozondi. Uning o‘sha davrdagi saviyasi qandayligini knyazlik klubi voz kechgan 18 mln.dan bilib olish mumkin. Qimmat behikmat bo‘lmas, deganlaridek, Orelyen o‘zi uchun sarflangan mablag‘ni to‘la oqladi - ilk kundanoq asosiy tarkibdan joy olgani holda, 42 uchrashuvda ishtirok etdi. U atigi 2ta o‘yinni o‘tkazib yubordi: sariq kartochkalar ko‘pligi va to‘pig‘idagi yengil shikastlanish tufayli.

Ana shu samarali ishtiroki bilan Tchuameni Didye Desham e’tiborini tortib, Bosniya va Gersegovina termasiga qarshi bahsda debyutini nishonladi. Joriy mavsumda futbolchi debyutdagidek 42 marta maydonga tushib, 3ta gol urishga erishdi. Hozircha bu Orelyenning eng yaxshi ko‘rsatkichi bo‘lib turibdi.

Fransiya termasidagi deb-yutini 21 yoshu 7 oy va 5 kunligida nishonlagan Tchuameni hozirgacha yana 7 uchrashuvni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Jumladan, «uch ranglilar» g‘alabasi bilan nihoyasiga yetgan «San-Siro»dagi UML finalida (Ispaniya - 2:1) Pol Pog-ba bilan markazda ishonchli to‘p surgan bo‘lsa, 24 mart oqshomidagi Kot-d`Ivuarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida terma jamoadagi dastlabki golini urdi. E’tiborli jihati shundaki, Afrika vakilining hisobni ochishi (Pepe, 19-daqiqa) va maydon egalarining muvozanatni tiklashlaridan keyin, bellashuv jangovar durang bilan yakuniga yetadigandek edi. Biroq qo‘shimcha vaqtning 3-daqiqasida amalga oshirilgan burchak to‘pini boshi bilan darvozaga yo‘llagan Tchuameni g‘alaba goli muallifiga aylandi. Shu ketishda yosh iqtidor sohibi Qatar mundialiga qadar «uch ranglilar»ning yetakchilari safidan joy olsa, ajablanmaymiz.

«U jamoaga kuch-quvvat baxsh etadi. Chunki o‘zi o‘ta noyob iqtidor va jismoniy quvvat sohibi», - degandi Pogba Ukraina terma jamoa-si bilan bo‘lgan uchrashuvdan keyin.

Darhaqiqat, Orelyen - juda baquvvat o‘yinchi. Uning «Monako» bilan imzolagan shartnomasi 2024 yilning iyunida nihoyasiga yetadi. Futbolchining transfer qiymati hozir 40 mln. yevroga baholanmoqda. Asosiy xaridorlardan biri bo‘lgan «PSJ»ni u top-klub sifatida e’tirof etdi. Futbolchi agentining Le Parisien gazetasiga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Tchuameni biror-bir klub bilan kelishuvga erishgan emas. Aftidan, tobora yaqinlashib kelayotgan yozgi transfer mavsumi «Monako» yulduzi uchun o‘ta qizg‘in kelib, faoliyatida keskin o‘zgarishlar yuz beradigandek...

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 15:00, 20.04.2022.
O'qildi: 6818 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.