Joriy yilning iyun oyida yurtimiz maydonlarida bo‘lib o‘tadigan U-23 Osiyo kubogi o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Xususan, O‘FA ishchi guruhi tomonidan o‘yinlar va mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadigan hududlar hamda u yerdagi mavjud sharoitlar o‘rganilib, OFK standartiga mos kelishini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Ayni kunlarda tashkiliy qo‘mita vakillari Qashqadaryo viloyatida bo‘lib turishibdi.
Kun tartibiga ko‘ra, dastlab Qarshi shahridagi “Markaziy” stadioni, kiyim almashtirish xonalari, matbuot anjumani o‘tkaziladigan zallar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, jamoalar mashg‘ulot o‘tkazadigan maydonlarning OFK talabiga mos holatga keltirish ishlari o‘rganildi. Bunda maydonlarning sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, jamoalar joylashadigan mehmonxonalarda yaratilgan sharoit va qulayliklar OFK talablariga javob berishi nazoratga olindi. Tashkiliy qo‘mita vakillari mutasaddilarga rejaga muvofiq keyingi qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalarini berdilar.













