Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida 2021 yilgi jahon chempionatlari g‘olib va sovrindorlari hamda ularning murabbiylari, shuningdek, London-2012 XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sovrindori Ivan Yefremovni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi mas’ul xodimi Asilbek Murtazoyev, sportchi va murabbiylar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida rasmiylar atletlarimizning Vatanimiz sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qilib kelayotganlari haqida to‘xtalib, hukumatimizning bunday natijalarni bee’tibor qoldirmasligi ularning kelgusi muvaffaqiyatlari uchun katta kuch berishini ta’kidlashdi.
“Bugun sportchilarimizning 2021 yilda dunyo birinchiligida erishgan yutuqlarini qutlash uchun yig‘ilganimizdan mamnunmiz. Atletlarimizning xalqaro maydonda qo‘lga kiritgan ulkan zafarlari shaxsan Prezidentimiz tomonidan e’tirof etildi. Davlatimiz sportchilarimizning g‘alabalariga hamisha e’tibor qaratgan. Bunday mukofotlar oldimizda turgan Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari va boshqa musobaqalar oldidan ularda yanada katta motivasiya uyg‘otadi. Biz esa ushbu startlarda munosib ishtirok etib, kelgusida ham bildirilgan ishonchni oqlaymiz, degan umiddaman”, – dedi Shahrullo Mahmudov.
O‘z navbatida, Oybek Kasimov sportchilarning davlat tomonidan bunday taqdirlanishini hech qaysi mamlakatda uchratmaganini ta’kidladi:
“Yil davomida atletlarimizning jahon chempionatlarida erishgan muvaffaqiyatlarini mana shunday taqdirlash an’anasini yaxshi yo‘lga qo‘yib olganmiz. Bunga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotgani barchamiz uchun quvonarli. Davrada mamlakatimizning elita sportchi va murabbiylari jam bo‘lishgan. O‘rganishlarimiz natijasida hech qaysi davlatda Osiyo o‘yinlari va jahon chempionatlaridan keyin ham sovrindor bo‘lgan sportchilarni davlat tomonidan mukofotlash an’anasini uchratmadik. Barchangizga kelgusi faoliyatingizda yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz”.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq, London-2012 XXX yozgi Olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi, og‘ir atletikachi Ivan Yefremov 50 ming, jahon chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar mos ravishda 12 ming (oltin medal), 6 ming (kumush medal) va 3 ming (bronza medal), ularni tayyorlagan murabbiylar esa 6 ming, 3 ming va 1.5 ming AQSH dollari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Tadbir davomida sportchilarimiz ham so‘z olib, Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnun ekanliklarini, kelgusida yanada yuqori natijalar qo‘lga kiritib, bunday g‘amxo‘rlikka munosib javob berishlarini ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun, Ivan Yefremov London-2012 Olimpiadasida og‘ir atletika bo‘yicha -105 kg vazn toifasida beshinchi natijani qayd etgan edi. Biroq keyinchalik birinchi va to‘rtinchi o‘rinni egallagan atletlarda doping aniqlangach, atletimiz uchinchi o‘ringa ko‘tarilgan. O‘tgan yili Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Ivan Yefremovning Olimpiada sovrindori ekanligini tasdiqlovchi sertifikat va London-2012 medalini yuborgach, sportchimiz Toshkentda o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati arafasida taqdirlangan edi. Bugun u davlatimiz tomonidan har bir Olimpiya sovrindori uchun belgilangan tartibda pul mukofotini qabul qilib oldi.