Uzoq kutilgan va boshqa kunga belgilangan londonliklar to‘qnashuvi vanihoyat o‘tkaziladi. Bahs payshanba kuni tunda, "Tottenxem" maydonida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Agarda uchrashuv "Arsenal" g‘alabasi bilan tugasa, u holda Angliyada YECHLning so‘nggi ishtirokchisi nomi ma’lum bo‘ladi. Biroq mezbonlarning g‘alabasi, kuchli to‘rtlik uchun kurashni yanada alangalatib yuborishi mumkin. Aslida ushbu o‘yin yanvar oyida o‘tkazilishi belgilangandi. Biroq u davrda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ancha murakkabligi sababli, qoldirilgan. Umuman olganda, bahs o‘tkazilmasligiga asosan "Arsenal" safidagi muammolar bosh omil edi. Xususan, "to‘pchilar"ning 12 ta futbolchisida virus aniqlangan, ayrimlari esa Afrika Millatlar ligasiga yo‘l olgan. O‘yinning bu zaylda uzoq muddatga qayta taqvimlashtirilishi, uchrashuvning muhimlik darajasini oshishiga xizmat qildi. Muxlislar esa har ikki tomondan jang kutmoqda. Quyida bo‘lajak o‘yin haqida ma’lumotlar beriladi.
Boshlanish vaqti: 12 may, Toshkent vaqti bilan 23:45da
Stadion: "Tottenxem Xotspur" stadioni
Namoyish etadi: "Uzreport TV" ("FutbolTV")
Bosh hakam: Pol Tirni
VARda: Mayk Din
"Tottenxem" haqida
Antonio Konte bo‘lajak bahsni ham "Liverpul" bilan o‘yindagi kabi (1-1) tarkib bilan boshlashini ma’lum qilgandi. Shundan kelib chiqib, tarkibda kimlar yo‘qligini taxmin qilish mumkin. Xususan, chap qanot himoyasida Serxio Regilon mavjud emas. U mavsum so‘ngiga qadar davolanishi kerak. Shuningdek, allaqachon Oliver Skipp, Yafet Tanganga hamda Mett Doertilar mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgan. Tarkibning boshqa a’zolaridan esa foydalanish mumkin.
"Arsenal" haqida
Jamoa ustozi Mikel Arteta Bukayo Sakaning holati yaxshi ekani va o‘yin uchun tayyor bo‘lishini ma’lum qilgan. Yosh hujumchi "Lids"ga qarshi bahsda zaxiraga olingandi. Qolaversa, asosiy tarkib futbolchisi bo‘lgan Ben Uayt ham ikki haftalik tanaffusdan keyin jamoaga qaytishi kutilmoqda. Markaziy himoyachida kichik jarohat bor edi. Jamoaga mutlaq yordam bera olmaydiganlar ichida Kiran Tirni va Tomas Partilar mavjud. Ular uzoq vaqtdan beri tarkibda emas va katta ehtimol bilan ular uchun mavsum yakunlanib bo‘lgan. Qolgan jamoa a’zolari esa Arteta ixtiyorida.
Aprel davomidagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng, "Arsenal" kombek qila oldi. Klub ayni paytda to‘rtinchi o‘ringa kuchli da’vo qilmoqda. Buni ularning so‘nggi to‘rtta bahsdagi g‘alabasidan ham ko‘rishimiz mumkin. Garchand to‘pchilar bu borada favorit sifatida qaralayotgan bo‘lsada, aynan "Tottenxem" bilan bahs ko‘p narsaga oydinlik kiritib beradi.
"Tottenxem"ning vaziyati esa ancha murakkablashib qolgan. Jamoaning beqaror o‘yini natijalarga ta’sir qilmay qolmadi. Ayniqsa, "Brayton" va "Brentford"ga qarshi keraksiz joyda ochko yo‘qotish, Kontega qimmatga tushmoqda. Ammo unda hali ham Keyn va Son kabi katta qurollar mavjud. Shu sabab, bu derbi qizg‘in kechishi aniq. Biz esa voqealarni kuzatishda davom etamiz.
ISMATOV J.