Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Qasos olinmadi. Final taqdirini hal qilgan sabablar

Qasos olinmadi. Final taqdirini hal qilgan sabablar

Baho:
+ | -

 

Zamonaviy futbol naqadar mukammallikni taqdim etayotgani deyarli har bir katta o‘yinda namoyon bo‘lmoqda. Mana shunday bahslar taqdirini esa kichik bir detallar hal qilib qo‘yayotgani ham bor gap, aslida! “Millionlar o‘yini” zamirida yotgan bu holat bazan zerikarlidek tuyulishi mumkin. Ammo bu futbol va uni barbir hamma sevib tomosha qilishadi. Bunday o‘yinlarning yaxshi tomoni ikki jamoa muxlislari ham raqibini olqishlashi desak ham bo‘ladi. Misol bugungi finalda “Real”ga qarshi bahs olib borgan “Liverpul”ga ham “qaymoqranglilar” muxlislari o‘yin uchun chapak chalishgan bo‘lsa kerak. Endi esa final taqdirini hal qilgan kichik detallarga e’tibor qaratamiz.

Golning “tug‘ulishi” va uning egasi

 “Real” doimgidek vaqtini kutdi va o‘sha on kelganda hammasini xal qila olishini ich-ichidan sezib turgandek ko‘rindi. Golning yaratilishi esa ko‘proq Kazemiroga bog‘liq bo‘ldi. Aynan u eng kerakli vaziyatda to‘pni Fede Valverdega yetkazib bera oldi. Valverde esa shu darajada oddiy o‘ynadiki, bu holatni “ko‘cha” futbolida ham doim ko‘ramiz. Ya’ni urugvaylik to‘pni zarb bilan darvozabon maydonchasiga yetkazdi va bu to‘pga teginish katta e’htimol bilan gol bo‘lar edi. Vinisius esa aynan shu ishni qildi.

 Golga boshqa rakursdan qarasak. Ya’ni “qizillar” qilgan xatoga e’tibor beramiz. O‘yin davomida Klopp shogirdlari individual himoyalanishni ma’qul ko‘rishdi. Birinchidan, hisobga olinmagan golni eslang! Benzemaga to‘p kelib tushganda Robertson u tomon harakatlanishga shoshilmadi. Negaki Karimni van Deyk qo‘riqlashi kerak edi. Vaziyat gol bilan tugagach ham “Liverpul” futbolchilarning “ko‘zi ochilmadi”. Ular bilganini qilaverishda davom etdi. Vinining golida esa Robertson biroz oldinroqda qolib ketdi va uning futbolchisini zararsizlantirish van Deykga qolib ketdi. Benzemani “ixotalash” ishi bilan bir vaqtda ikki himoyachi shug‘illandi biri hujumdagi kuchni oshirish uchun harakatlanayotgan Trent bo‘lsa, ikkinchisi braziliyalikni qo‘riqlashi kerak bo‘lgan Konate. Shu tariqa Vini yolg‘iz qoldi va gol kiritdi. Aytgancha golning asl egasi Vinisius Valverde yoki Kazemiro emas, uchchalasini bir jamoaga birlashtirgan Juni Kalafat desak ham to‘g‘ri bo‘ladi. Negaki u ushbu iqtidorli futbolchilarni “Real”ga olib kelgan.

Anchelottining ayyorligi

“Real”ning hozirgi o‘yin uslubida Modrich va Krossning o‘yini katta ahamiyat kasb etadi. Ularning maydondagi harakatlari va aqlli uzatmalariga “5 baho” qo‘ysa arziydi. O‘yindagi bir statistika hammani hayratga solsa kerak. Modrich va Kross o‘yin davomida birorta “kross” uzatmalarini amalga oshirmadi. Bunday holatni ohirgi marta qachon kuzatganimni eslay olmayman. Menimcha, “Liverpul” yarim himoyachilari ham, bunday holatni kutishmagan edi. Futbol himoyalanishda jamoaviylikni talab etadi. Modrich va Kross himoyalanishda ishtirok etdi. Ammo bu holatni Kloppning ikki shogirdida ham kuzatdik desak mubolag‘a ishlatgan bo‘lamiz. Hendersonni aniq aytish qiyinku, lekin Tiago to‘p Modrichga kelganida umuman himoyalanishni o‘ylamadi va faqat uning uzun uzatmalarini bartiraf etishga harakat qilaverdi. Natijada kiritilgan golda ikki markaziy yarim himoyachini ko‘rmadik.

Balki ular Modrich va Krossga imkon berishmagandir. Lekin bu ko‘proq Anchelottining hiylasiga o‘xshadi. Chunki himoyadan chiqishda jamoa ulardan ko‘p foydalanmadi va asosan Kurtua bu ishni qildi. Uning ustiga Kross umuman kesib uzatiladigan pas berishga intilmadi.

Kloppning taktik xatosi

O‘yin ssenariysi aniq edi. Ya’ni “Real” ko‘proq vaqt himoyalanadi. Ustunlik “Liverpul” tomonida bo‘ladi. O‘yindan oldin bu gaplarni mutaxassislar juda ko‘p bor ta’kidlashdi. Shunday holatdan kelib chiqib, Firmino bugun asosiy tarkibda tushishini kutgan edim. Dias va Jota yaxshi futbolchi, qachonki raqib hujumkor o‘yin qilsa. Ularda yaxshi tezlik bor va bu tufayli hududlarda raqiblarini ortda qoldirishi oson bo‘ladi. “Real”ning himoyaviy o‘yinida uchta tezkor qarshi hujumlarda havfli bo‘lgan forvardlarni maydonga tashlash biroz xatodek ko‘rinadi. Firmino yaxshi mavsum o‘tkazmayotgan bo‘lsa-da, unda jamoa uchun kerakli ustunliklar bor.

Birinchidan, hamon to‘psiz harakatlanish, pressingda ishlash va yaxshi ochilish bo‘yicha Firmino eng yaxshilaridan biri. Ikkinchidan “Real” himoyalanayotganida ikkinchi qavatga foydasiz uzatmalar ko‘rdik. Mane, Saloh va Dias qayta tug‘ilsa ham bu bo‘yi bilan Militao yoki Alabani yenga olmaydi. “Bobbi” esa bosh bilan o‘ynashda jamoadagi eng yaxshi hujumchi. Uchinchidan, braziliyalik o‘yinni o‘ziga olish qobiliyatiga ega futbolchi. Uning maydonga tushganidan so‘ng “Real” himoyasida bir nechta kamchilik yaqqol ko‘zga tashlandi. Vaziyatdan kelib chiqib to‘p uzatish va tehnikasi yaxshi futbolchi asosiy tarkibda ko‘proq foydasi tegardi. Yana bir jihat, Roberto o‘yin davomida yarim himoyachi pozisiyasiga tushib ham o‘ynaydi. Bunday holatda Mane va Saloh markazga ko‘chishi, qanot himoyachilariga kerakli zona berilishi va Tiago hamda Hendersonga himoyaga ko‘maklashishiga imkoniyat yaratilar edi.

Finalning asosiy qahramoni

Bu haqida ko‘p gapirish va fikrlarga nisbatan dalillar keltirish shart emas, menimcha. Balki bu shaxsiy fikrdir, ammo unga qo‘shiladiganlar ko‘pchilik bo‘lsa kerak. 2001 yilda Gongkong kino ijodkorlari tomonidan su’ratga olingan “Shaolin futboli”(kung-fu futbol, jangari futbol kabi nomlari ham mavjud) filmini ko‘rgan ishqibozlar ko‘p bo‘lsa kerak. O‘sha film asosiy haqramonlaridan biri Denni Chan Kvok-Kvan jamoa darvozaboni “chaqmoq qo‘l” rolini ijro etgan. Bugungi o‘yinda Kurtua ham huddi shunday ko‘rindi. Ya’ni uning darvozasiga gol urish imkoni umuman topilmadi. “Real”ning mavsum davomidagi asosiy qahramoni Benzema deydiganlar, o‘sha ro‘yxatingizga Tiboni ham qo‘shib qo‘ying. Belgiyalik bunga loyiq o‘yinlar ko‘rsatdi.

Fikrlar yakunida shuni ham aytish kerakki, “Liverpul” bugun ajoyib o‘yin namoish etdi. Jamoa finalda o‘yin bobida yutqazmadi. Ularni olqishlaylik. “Real” va uning muxlislariga esa 14-chempionlik muborak bo‘lsin. Aytgancha Karimni “Oltin to‘p” bilan tabriklash yodimdan ko‘tarilibdi. “Millionlar o‘yini”dan birdek bahra olaylik!

Mirjalol Pardaboyev tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 03:53, 29.05.2022.
O'qildi: 8237 marta.
Fikrlar: 49 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.