Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Husayn Norchayev: «E’tiroflar g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadi»

Husayn Norchayev: «E’tiroflar g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadi»

Baho:
+ | -

Joriy mavsum o‘ziga xos o‘yinlari bilan muxlislari ko‘nglini ko‘tarishda davom etayotgan «Nasaf» tarkibida Husayn Norchayevning alohida o‘rni bor.

Maxsus muxbirimiz «ajdarlar»ning «Bunyod-kor»ga qarshi o‘yini oldidan iqtidorli hujumchi bilan intervyu uyushtirdi.

- Husayn, «Qizilqum» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondinglar. Sizningcha, avvalroq «So‘g‘diyona» maydonida erishilgan muvaffaqiyat, qaysidir ma’noda, «Nasaf»ning ishtahasi ochilishiga sabab bo‘ldimi?

- To‘g‘ri aytasiz, Jizzaxdagi o‘yinda qimmatli uch ochko osonlikcha qo‘lga kiritilmadi. Bundan barchamiz xursand bo‘ldik. Ana shu yuqori kayfiyat 9-turda o‘z so‘zini aytdi. 5:0 hisobidagi yirik natija o‘z kuchimizga bo‘lgan ishonchni qaytardi.

- Gol urgach, doimo ikki qo‘lingizni yelkangizga qo‘yib, o‘zgacha tarzda nishonlaysiz. Sir bo‘lmasa, bu qanday ma’noni anglatadi?

- Buni ism-sharifim ifodasi, deb bilaman. Ya’ni, o‘zimga-o‘zim «men - Husayn Norchayevman!» deb, mayda qadamlar bilan muxlislar tomon intilaman.

- Sherigingiz Oybek Bozorovning ham gol urish bo‘yicha omadi kelyapti. «So‘g‘diyona» bilan o‘yinda u ikkita to‘p kiritgandi, «Qizilqum»ga qarshi bahsda ham o‘z so‘zini aytdi...

- To‘g‘ri, Navoiy jamoasi bilan o‘yinda qulay vaziyatda turgan Oybek Bozorovni to‘p bilan ta’minladim, ya’ni uning goliga assistentlik qildim. Jamoadoshim esa hujumni samarali yakunladi.

- So‘nggi uchrashuvlarda urgan gollaringizni kimga bag‘ishladingiz?

- Ota-onam har bir o‘yin payti meni duo qilib o‘tirishadi. Shuning uchun gollarimning aksariyatini aynan duogo‘ylarimga bag‘ishlayman. Ilohim, baxtimizga ular sog‘-salomat bo‘lishsin.

- Joriy mavsumda o‘yinlar oson kechmayapti. Oldinda «Bunyodkor»ga qarshi yana bir qiyin bahs kutib turibdi. Umuman, «Qizilqum» bilan uchrashuvga ham alohida tayyorgarlik ko‘rganmidinglar? Har holda, Navoiy jamoasi bu yil tarkibini yanada kuchaytirgandi.

- Barchasini obdon anglagan holda, o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘rgandik. Turnir jadvalida yuqori o‘rinni egallab turgan, katta futbolda toblangan o‘yinchilardan iborat jamoaga qo‘llagan o‘yin uslubimiz besamar ketmaganidan xursandman.

- O‘yindan oldin va tanaffus vaqtida bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev tomonidan berilgan ko‘rsatma, yo‘l-yo‘riqlar qay darajada bajarildi?

- Ustozimiz har bitta raqib jamoa o‘yinini obdon tahlil qiladi. U to‘p bilan muomala qilishda hushyorlikni yo‘qotmaslikka da’vat etgandi. Imkon darajasida bunga qat’iy amal qildik. Natija yaxshi bo‘ldi. Bosh murabbiy ko‘rsatmasiga binoan o‘yinda yirik hisobda g‘alabaga erishdik. 

- Husayn Norchayevni hozirgacha chempionat o‘yinlarida raqiblar darvozasiga kiritgan to‘plari soni nechta bo‘ldi? Bu yil sizni to‘purarlar poygasida ko‘ramizmi?

- Hozirgacha gollarim 19tani tashkil etmoqda. Nasib qilsa, hammasi oldinda. To‘p-urarlardan ortda qolmaslikka astoydil intilaman. 

- «Nasaf»ning «Qizil­qum» bilan o‘yindagi yirik hisobli g‘alabasini chempionlik sari tashlangan qadam, desa bo‘ladimi?

- Albatta, biz har bir o‘yin-da g‘alaba uchun maydonga tushamiz. «Qizilqum» bosh murabbiyi Nikola Lazarevichning matbuot anjumanida alohida ta’kidlaganidek, «Nasaf» - O‘zbekistonda o‘z o‘yin uslubiga ega yagona jamoa. Shunday e’tiroflar ham g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shaveradi.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:30, 05.06.2022.
O'qildi: 2191 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.