"Real Madrid" va "PSJ" o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi paytlarda keskinlashdi va endi ular o‘rtasida haqiqiy qarama-qarshilik boshlanayotganga o‘xshaydi. Shu sabab bugun ikki poytaxtning grand klublari haqida biroz fikr yuritishga qaror qildik.
Bir necha yil oldin Ispaniyaning boshqa bir nomdor klubi “Barselona” “PSJ” bilan “urush” boshlagan edi. Kataloniyaliklar YECHL 1/8 finali doirasidagi “PSJ”ga qarshi bahsda 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uraganidan keyin “Kamp Nou”da parijliklarni undanda yirik 6:1 hisobida “tiz cho‘ktirib”, turnirdan chiqarib yuborgan edi. Parijdagi yirik mag‘lubiyatdan keyin “ko‘k-anorranglilar” Marko Verrattini qo‘lga kiritishga harakat qilishdi, ammo fransuzlar o‘z yetakchisi berishni istamadi. "PSJ"ning ispanlarga javobi esa dahshatli bo‘ldi. Parijliklar Neymarni dahshatli summa - 222 million yevroga sotib oldi. "Barselona" ham xuddi shunday yo‘l tutishga harakat qildi. Neymar ortidan ishlab topgan pulni Dembele, Koutinyo kabi futbolchilarga sarflab, juda katta xarajat qilib yubordi. Bu esa hozirgi moliyaviy inqirozga olib keldi.
Hozirgi holatga qarasangiz, "Barselona" yutqazganga o‘xshaydi. Kataloniyaliklar og‘ir iqtisodiy vaziyatdan tashqari, futbolchilar borasida kechgan kurashda ham Parij klubiga mag‘lub bo‘lmoqda. Avvaliga Leo Messidan ayrildi. Bungacha fransuzlar kataloniyalik yosh va iqtidorli Xavi Simonsni o‘z safiga qo‘shib olgan edi. “PSJ” o‘tgan yozda Jorjinyo Veynaldumni ham “Barselona”dan tortib olishni uddaladi. To‘g‘risi, gollandiyalik futbolchi fransuzlarga unchalik ham kerak emasdi, ammo kataloniyaliklar sabab uni o‘z tomoniga og‘dirib olishni maqsad qilgandek tuyuldi.
Shu kunlarda esa “PSJ” “Real” bilan jangga kirishdi, shekilli. Ilgari klublar o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi edi. Aynan parijliklar madridliklardan Keylor Navasni sotib olib, Tibo Kurtuaga o‘rinbosar sifatida esa Alfons Areolani ijaraga berib, “qaymoqranglilar”ning darvozabon borasidagi muammosini hal qilishda yordam berishdi. Biroq, shu yili munosabatlar buzilib, hamkorlik tugaganga o‘xshaydi.
Kilian Mbappe bu janjalning asosiy qahramoni hisoblanadi. Hujumchining “PSJ” bilan shartnomasi shu oy oxirida nihoyasiga yetishi kerak edi. Shu sabab har ikki klub hujumchi uchun haqiqiy “auksion”ni boshlab yuborgan edi. Yakunda parijliklar g‘alaba qozonishdi, ammo bu ularga juda ham qimmatga tushdi. Ammo, bu bilan klublar o‘rtasidagi jang tugamadi. Sababi, o‘tgan yozda “Real” “PSJ” o‘z safiga qo‘shib olishni istagan Eduardo Kamavingani yo‘ldan urib, “Renn”dan sotib olgandi. Bizningcha, buni hali parijliklar buni unutgani yo‘q.
Mbappening shartnomasi bilan bog‘liq doston davom etar ekan, yakuniga yetgan Chempionlar ligasi 1/8 finalida ushbu jamoalar qarama-qarshiligi kuzatildi. "Real Madrid"ning o‘yindagi kambeki hakamlarning bahsli qaroridan keyin boshlandi. Shundan keyin "PSJ" vakillari noroziliklarini ochiqchasiga bildirishdi, hakamlar UEFA bilan birgalikda "qaymoqranglilar"ga yordam berdi deya fikrga keldi.
"Real Madrid" rahbariyati YECHLdagi g‘alabadan keyin Kilian bilan bog‘liq holat esidan chiqqanligi haqida aytdi. Biroq Mbappening Parijda qolish qarori Florentino Peresni juda ham xafa qilgani aniq. Shundan keyin La Liga prezidenti Xavyer Tebas UYEFAga parijliklarni jazolash kerakligi haqida ariza berdi. Ularning fikricha, fransuz klubi moliyaviy feyr-pleyga umuman amal qilmagan. Tabiiyki, bu “PSJ”ning qatarlik egalariga yoqmadi.
Endi klublar o‘rtasida boshqa transfer kurashi avj oldi. Ayni damda ikki poytaxt klubi "Monako" futbolchisi Orelyen Tchuameni sotib olish uchun bahs olib bormoqda. "Real Madrid" va "PSJ" uchun bu kurashda g‘alaba qozonish prinsipial masaladek ko‘rinmoqda. Bundan “Monako” rahbariyati xursand, sababi ular yarim himoyachining transferidan juda katta pul ishlab olishlari mumkin.
Qolaversa, yashirin kurash ham boshlangandek tuyulmoqda. "Real Madrid" yaqinda Chempionlar ligasi finali yomon tashkil etilgani uchun UEFAga da’vo arizasi bilan chiqdi. Shu bilan birga, OAVda “Stad de Frans” “PSJ” rahbariyatining bosimi ostida tanlangani, ular hal qiluvchi o‘yinga chiqishlariga ishonchlari komil va uni o‘z shahrida o‘tkazishni istaganliklari haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ammo bu boshqa manbalarda Fransiya klubiga zarar yetkazish maqsadida piar uchun chiqarilgan mish-mishlar deya xabar berildi.
Ikki top-klub o‘rtasidagi raqobat doimo muxlislar e’tiborni tortib keladi. Bu safar qanday tugashi qiziq. "Real Madrid" “PSJ” bilan kechgan qarama-qarshilikda mag‘lub bo‘lgan "Barselona" tarixini unutmasligi kerak. Moliyaviy jihatdan Madrid giganti raqibidan kuchsizroq, albatta. Biroq, tajribali Peres “urush”ni qanday olib borishni biladi va shu sabab parijliklarga ham havas qilib bo‘lmaydi.
Albatta, bu kurash qanday davom etishi barchaga qiziq. Lekin, “Real” joriy mavsum parijlik raqiblaridan tajribali va kuchliroq ekanligini isbotlashdi. Shu sabab yangi mavsum YECHL bosh sovrini uchun yanada keskinlik ko‘rsak kerak. Bizni dahshatli mavsum kutmoqda, do‘stlar!
Jamshidbek Mahmudov tayyorladi.