Nihoyasiga yetgan mavsum-2021|2022ni Chempionship turnir jadvalida 1-2-o‘rinlarda yakunlagan «Fulxem» va «Bornmut» klublari to‘g‘ridan-to‘g‘ri APLga yo‘llanma oldi.
Elita uchun ajratilgan yana bir chipta taqdiri esa 3-6-pog‘onalardan joy olgan 4ta ishtirokchi o‘rtasidagi «pley-off» bosqichida hal qilindi. O‘ziga xos mini turnirda esa «Nottingem Forest» g‘olib chiqdi. To‘g‘ri, vaqtida Yevropaning eng kuchli klubi sifatida e’tirof etilgan buyuk «Forest»ning elitaga qaytishi mojaro bilan uyg‘unlashib ketdi.
Hakam 2ta yaqqol penaltini belgilamadi...
«Pley-off» bosqichi finalida kutilganidek, Chempionshipning 3 («Xaddersfild») va 4 («Nottingem Forest»)-jamoalari maydonga tushdi. Muhtasham «Uembli»da tashkillashtirilgan va murosasiz tus olgan bahs taqdirini «rikoshet» holatidan yuzaga kelgan yagona gol hal qildi. Xullas, «Xaddersfild» avtogol tufayli APL qatnashchilari ro‘yxatiga kirolmadi. Vaholanki, bu jamoa mavsumning yakuniy 2 oyi davomida mag‘lubiyat nimaligini bilmagandi. Umuman, «Xaddersfild» butun ikkinchi davra masofasini bir maromda bosib o‘tgandi. Hal qiluvchi o‘yindan keyin muxlis va mutaxassislar asosan 2ta vaziyatni muhokama qildilar. Gap uchrashuvning 73 va 83-daqiqalarida kuzatilgan holatlar haqida ketmoqda. Xulosalarga qaraganda, hakam har ikkisida «Forest» darvozasi tomon penalti belgilashi lozim edi. Chunonchi, «Xaddersfild» hujumchilarini «Forest» himoyachilari o‘z jarima maydonlari ichida chalib yiqitishdi, boz ustiga, to‘pga teginolmadilar. O‘yin qoidasi buzilgani yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsada, VAR hakami Pol Tirni referi Jonatan Mossni monitor qarshisiga taklif etmadi negadir. E’tiborli tomoni, har ikkisi APLning doimiy hakamlari guruhida.
Aytish o‘rinli, Angliyada monitorga taklif etilgan hakam takroriy lavhalarni ko‘rganidan keyin o‘z qarorini o‘zgartiradi, albatta. Raqamlarda aytsak, APLning avvalgi mavsumida referilar 120 marta monitorga yaqinlashdilar va barcha holatlarda boshlang‘ich qarorlarini bekor qilishdi. Qisqasi, turli ligalardan farqli ravishda, APLda VAR faqat yaqqol xatolik aniqlangan palladagina bosh hakamni ekranga chaqiradi. APLdagi hakamlik ishlarini muhokama qilib boruvchi ESPN jurnalisti Deyl Jonsonning fikricha, dastlabki vaziyatda VAR ishga aralashmasa ham bo‘laverardi, lekin 2-holat shubhasiz, penaltiga tortardi: «VAR ikkinchi vaziyatda 11 metrlik nuqtaga ishora qilishi shart edi». Qizig‘i, 51 yoshli Mossning hakamlik faoliyati shu mojaroli o‘yin bilan nihoyasiga yetdi. Uning finaldan keyin APL hakamlari menejeri lavozimini egallashi oldindan e’lon qilingandi. Qisqasi, Chempionship «pley-off» bosqichi finali Mossga xayrlashuv uchrashuvi sifatida topshirilgandi.
«Nottingem Forest» 180 mln. funt oladi
Ha, APLning 3-yo‘llanmasi sohibi yetakchi uchlik vakiliga xos o‘yin ko‘rsatolmagan bo‘lsada, yakunda katta rag‘batga ega chiqdi. Umuman, mavsum davomida ham «Forest»ning elitaga qaytishiga ishonch yo‘q edi. Tarkibning umumiy qiymati bo‘yicha Chempionshipda 5-klub sanalgan Nottingem drujinasi natija bobida yetakchi beshlikdan chetda qoldi. Masalan, ochkolar soni bo‘yicha 6-natijani qayd etdi, lekin naq 11ta jamoadan ko‘proq gol qo‘yib yubordi. To‘g‘ri, «Forest» mahsuldorlik bobida ancha tetik ko‘rindi - 73ta gol (ligada 3-yaxshi ko‘rsatkich.
Jamoa o‘yinidagi ijobiy o‘zgarishlar bosh murabbiy lavozimiga Stiv Kuperning tayinlangani bilan izohlanadi. U 2021 yilning sentyabr oyida boshqaruvni qo‘lga olganida, «Forest» 8ta turdan keyin so‘nggi - 24-o‘rin (!!!)da borayotgandi. O‘sha payt klubning elitaga chiqishidan ko‘ra, Chempionshipda qolish-qolmasligi muhimroq masala edi o‘z-o‘zidan. Qarangki, «Forest» yakunda APL yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Kuper ochiq futbol tarafdori - bunga uning jamoasi ko‘p gol urish barobarida ko‘p qo‘yib yuborgani ham dalolat. Murabbiy bu borada unga ispaniyalik kasbdoshi Xose Segura kuchli ta’sir ko‘rsatganini oshkora tan olgandi. Ular «Liverpul» akademiyasida hamkorlik qilishgan. Hujumkor uslub futbolchilar mahoratini oshirishda ham muhim rol o‘ynagani tayin. Endi «Forest» vakillariga xaridorlar ko‘p. Jamoa Angliya kubogida «Arsenal» va «Lester» kabi raqiblarni mahv etgach, e’tibor darajasi yanada oshdi. Deylik, o‘ng qanot himoyachisi Jed Spens anchadan buyon APLning kuchli klublari nazarida. Aslida «Forest»ning eng qimmatbaho futbolchisi - hujumkor yarim himoyachi Brennan Jonson (15 mln. yevro). Uels terma jamoasi safida 10 marta maydonga tushishga ulgurgan 21 yoshli iqtidor 19ta gol va 9ta samarali uzatma bilan Chempionshipning eng effektli yosh futbolchisi bo‘ldi. Hozirda Jonsonga «Everton» befarq emas, lekin «Forest»da o‘z yetakchilarini qo‘yib yuborish niyati yo‘q. Chunonchi, klub byudjeti transferlarsiz ham sezilarli darajada kattalashdi. Har holda, «Forest» Chempionship «pley-off» bosqichi finalidagi g‘alaba va APLga chiqqani ortidan 180 mln. funt oladi.
Kloppni nega uyaltirishdi?
Yakunlangan mavsum «Arsenal» va «Lester»ni Angliya kubogi turniridan chiqarib yuborgan «Forest» keyinchalik nufuzli sovrinning bo‘lajak sohibi «Liverpul»ga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi. O‘sha uchrashuv arafasida kasbdoshlarimiz Yurgen Kloppga «Forest» haqida savol berishganida, u raqib haqida hech qanday ma’lumoti yo‘qligini aytdi: «Nottingemni faqat bolalik payti o‘qilgan Robin Gud orqali bilaman...». Klopp mazkur sha’masi tufayli muxlislarning jiddiy tanqidlariga uchradi: «Nottingem»da Yevropaning eng yaxshi jamoasi maqomi senikidan ko‘proq, Yurgen
«Forest» YECHKning ikki karra g‘olibi
Ha, 1979 va 1980 yillarda asosiy yevrokubok - YECHK turnirida aynan «Nottingem Forest» g‘alaba nashidasini surgan. E’tiborlisi, «Malmyo» (Shvesiya) ham, «Gamburg» (Germaniya) ham finalda Angliya chempioniga bir xil - 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergandi. O‘sha zafarning bosh ijodkori - Brayan Klaf. Ushbu mutaxassis muxlislarni juda ko‘p lol qoldirgan: ikkinchi ligadan chiqqan «Derbi Kaunti» boshqaruvida Angliya chempionatida g‘olib chiqqan murabbiy maqomida «Forest»ni qabul qilgani, yangi jamoasini elitaga olib chiqqani va bosh sovrin sari yetaklagani bilan. Klaf shundan keyin klub futbolidagi eng nufuzli sovringa ham qo‘l cho‘zgandi. Tabiiyki, o‘rni kelganda, Kloppga «Forest» noshud jamoa emasligini ham tushuntirib qo‘yishdi. Shu tariqa germaniyalik murabbiy may oyi oxirida to‘satdan «Nottingem Forest»ni eslab qoldi va taqdimot marosimida xatosini tan oldi: «Barcha kasbdoshlarimga kattakon rahmat. Misol uchun, Stiv Kuperning amalga oshirgan ishi aqlga sig‘mas hodisalar sirasiga kiradi». Darhaqiqat, Stiv Kuper jamoasining mavsum startidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin APLga yo‘l olgani - aql bovar qilmas voqelik.
Sodiq SOBIR tayyorladi