Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Osiyo Yer sharini hayratga solganida...

Osiyo Yer sharini hayratga solganida...

Baho:
+ | -

Seul ko‘chalarida to‘plangan qizil libosli olomon va xursandchilikdan o‘zlarini Osaka bo‘ylab oqadigan Dotonbori daryosiga tashlayotgan quvnoq muxlislar.

Bular - 20 yil oldin Janubiy Koreya|YAponiya-2002 mundiali vaqti butun dunyoga tarqalgan tasvirlar. Ha, 2002 yili ulkan Osiyo jahon kubogi bahona dunyoga o‘z bag‘rini har qachongidan kengroq ochgan va chinakam futbol bayrami og‘ushiga tushgandi. Afc.com sayti bo‘lajak JCH starti tobora yaqinlashayotgan pallada 20 yil avval 30 kun davom etgan o‘sha ajoyib feeriyaga nazar tashlash asnosida barchani yana bir bora Qatarga chorladi: «Ishontirib aytamizki, futbol olamini oldinda osiyocha beqiyos bayram kutib turibdi».

*** 

20 yil burun jahon va Osiyo futbolining o‘zaro uyg‘unlashuvida yangi davr boshlangan edi. 2002 yilning yozida «sariq qit’a»dagi ikki mamlakatga jahonning eng kuchli 32ta milliy jamoasi to‘plandi. Maqsad futbol forumida qatnashish va tanlangan 20ta stadionda jahonning nav­batdagi chempionini aniqlash edi. Bu - Osiyo futboli uchun chindan ham, tarixiy lahzalar. Axir yer yuzidagi eng seraholi qit’a bunga qadar jahon chempionatiga biror marta mezbonlik qilmagandi. Boshida mundial mezbonlik huquqining OFK tarkibidagi ikki eng kuchli futbol saltanati va o‘zaro raqiblarga berilgani jamoatchilikda turlicha qabul qilindi. Lekin bu vaziyat taqozosi edi, chunonchi, Janubiy Koreya va Yaponiya eng nufuzli turnirni birgalikda tashkillashtirish yo‘lida bahamjihat ish tutdi. Shu tariqa 31 may - 30 iyun kunlari oralig‘ida koreys-yapon juftligi hamkorligi butun dunyo e’tiborida bo‘ldi. Asosiysi, global forum bahona nafaqat yetuk futbolchilar, balki yer yuzining turli nuqtalaridagi muxlislar ham mundial uchun maxsus qurilgan stadionlarda o‘tkazilgan o‘yinlar vositasida Osiyo madaniyatidan to‘liq bahra olishdi.

*** 

Aslida jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilish yo‘li ancha chalkash edi, ammo Seulda joylashgan ulkan stadionda, 62561 muxlis qarshisida bo‘lgan ochilish marosimi va ilk o‘yin barcha shubha-gumonlarni tarqatib yuborishga kifoya qildi. Shu ondan butun dunyo diqqat-e’tibori bir oyga cho‘zilgan cheksiz hayajonli uchrashuvlarga qaratildi. Bunda debyutant sifatida qatnashgan Senegal termasi turnir syurprizlarga boy o‘tishiga ishora qildi: marhum Bruno Metsyu boshqaruvida maydonga tushgan «sherlar» jahon va Yevropaning amaldagi chempionini yagona gol evaziga dog‘da qoldirishdi. E’tiborlisi, Papa Buba Diop hisobni ochgan pallada o‘yinning endi 30-daqiqasi boshlangan edi, biroq qudratli tarkibga ega Fransiya termasi qolgan vaqtda o‘zini o‘nglolmadi va mag‘lublikka mahkum bo‘ldi. Olimpiada o‘yinlariga mezbonlik qilgan, ammo jahon chempionati kabi asosiy futbol turniriga bog‘liq ishtiyoqni hech qachon boshidan kechirmagan Janubiy Koreya|YAponiya uchun dramatik start! «2002 yilgi jahon chempionati davomida butun Yaponiya futbol bilan qorishib ketgandi, - deydi Yaponiya futbol assosiasiya­si prezidenti Kozo Tashima. - Bunga qadar Yaponiyada futbol madaniyati odamlar hayotiga hali singib ulgurmagandi. Mundial esa barchasini keskin o‘zgarib yubordi. Vaholanki, bizda J League turniri 1993 yiliyoq yo‘lga qo‘yilgandi. 2002 yilga kelib, Yaponiya dunyo sportidagi eng yirik tadbirlardan biriga bag‘rini ochgach, milliy ligaga qiziqish ham yuqori nuqtaga ko‘tarildi. Ya’ni odamlar o‘yin ko‘lamini boshdan kechirish asnosida futbolning asl qadrini anglab yetishdi. Shu tariqa Yaponiya futbol madaniyatiga asos solindi».

*** 

Har ikki mamlakat butun dunyodan tashrif buyurgan muxlislarga bag‘rini ochdi. Kundan kunga karnaval muhiti oshib bordi, ming-minglab odamlar ko‘chalarga chiqishdi, hattoki, Niigata va Ulsanda joylashgan stadionlar oralig‘idagi masofani konga raqsi bilan bosib o‘tishga odatlanishdi. To‘g‘ri, Osiyo sharafini himoya qilgan OFK jamoalari qarama-qarshi taassurot uyg‘otdi. Deylik, Xitoy termasi jahon chempionatidagi debyutida qandaydir karomat ko‘rsatolmadi. Lekin insof yuzasidan aytish kerak, Chin yurti vakillari guruh bosqichida o‘ta kuchli raqiblarga duch kelishgandi - Braziliya, Turkiya va Kosta-Rika jamoalari. Katta umid uyg‘otgan Saudiya Arabistoni milliy jamoasi esa Sapporoda germaniyaliklarga aslo qarshilik ko‘rsatolmadi (1:8), keyin shu mag‘lubiyat ta’siridami, Kamerun va Irlandiya termalariga qarshi bahslarda ham salbiy natija qayd etdi.

*** 

Ikki mezbon jamoa aksincha, Osiyo futboli ham chakki emasligini amalda isbotladi. Chunonchi, Yaponiya va Janubiy Koreya termalari sinxron ravishda, yana tetik futbol bilan «pley-off» bosqichiga chiqdi. Umuman, bu juftlik shuning barobarida Osiyoning eng yaxshi natijasini ko‘rsatishga ham zimdan o‘zaro raqobatlashdi, go‘yo. Birinchi bo‘lib «samuraylar» boshlashdi: 4 iyun, shovqin-ehtirosli «Saitama» stadioni, raqib - Belgiya termasi. Mazkur uchrashuvda jangovar durang natija qayd etildi - 2:2. Keyin navbat Janubiy Koreya milliy jamoasiga keldi: niderlandiyalik Gus Xiddink tayyorlagan «Teju jangchilari» Pusanda Polsha termasiga qarshi kechgan bahsda ishonchli harakatlanib, yakunda dastlabki 3 ochkoni rasmiylashtirishdi - 2:0. Taeguk Warriors yana 3 kun o‘tib, ancha kuchli tarkib hosil qilgan AQSH milliy jamoasi bilan kuch sinashdi va 1:1 hisobidagi durangga rozi bo‘ldi. 2-turda osiyocha g‘alaba shodiyonasini esa yaponlar davom ettirishdi. Rossiya termasiga to‘qnash kelgan mezbonlar yagona gol evaziga o‘z hisoblariga dastlabki 3 ochkoni, Osiyo jamg‘armasiga esa ikkinchi g‘alabani yozib qo‘yishgandi. Guruh bosqichining yakuniy turiga kelib, mezbonlar juftligining natijasi deyarli bir xil ko‘rinish oldi. Ya’ni yaponlar tunisliklarni 2:0 va koreyslar portugallarni 1:0 hisobida dog‘da qoldirib, o‘z kvartetlarida 1-o‘rinni egallashdi. Alohida aytish kerak, bu ham Yaponiya, ham Janubiy Koreya futboli uchun JCH «pley-off» bosqichiga ilk marta bosh suqish edi. 

*** 

Yaponcha serial «hayot-mamot» janglarining birinchi raundidayoq xotima topdi: «Miyagi» stadionida turklarga qarshi kechgan o‘yin mezbonlarga shunchaki, alam ulashdi. Binobarin, Umit Davalaning tezkor golidan keyin Filipp Trusye boshqaruvidagi «samuraylar» barchasini to‘g‘rilashga qattiq urinishgan, ammo yakunda mag‘lublikni tan olishgandi. Koreyscha serial aksincha, mo‘’jizaviy tarzda davom etdi. Xiddink jamoasi avvaliga «overtaym»da o‘sha vaqt Italiyada o‘ynagan An Jun Xvan tomonidan urilgan gol evaziga italyanlarni mundialdan chetga chiqarishdi. Koreyslar shundan keyin Ispaniya termasi bilan bahslashishdi va mag‘lubiyatdan sehrli tarzda qochib, penaltilar seriyasi vositasida yarim finalga yo‘l ochishdi. Osiyo futboli uchun mislsiz natija! Ularning ajoyib yurishlarini faqat tartibli Germaniya termasi to‘xtatib qoldi. Finalda Braziliya termasi va Ronaldo oldida ojiz qolgan nemislar aynan tartibli harakat evaziga mezbonlar yo‘lini to‘sgan va bu bilan millionlab koreyslar qalbini parchalangandilar. «Xon Myon Bo, Park Ji Sun, An Jun Xvan - mundial-2002da voqealar rivojini aynan shu yigitlar butunlay o‘zgartirib yuborishgandi, - dedi Gus Xiddink yaqinda Best Eleven jurnaliga bergan intervyusida o‘sha sehrli yurishni eslab. - Alohida tan olishim kerak, o‘z rollarini mukammal bajaradigan futbolchilarga ega bo‘lmaganimda, hech narsaga erisholmasdim. O‘sha vaqt Osiyo jamoasining JCH yarim finaliga chiqishi chinakam mo‘’jiza sanalardi. Futbolchilar va ahil jamoa tufayli shunday mo‘’jiza qayd etgandik. Yashirmayman, har bir raunddan keyin boshqasining iloji yo‘qligi va manzilga yetib kelganimiz haqida o‘ylagan, lekin buni futbolchilarga sezdirmaganman. Hammasini vaqt o‘z o‘rniga qo‘ygandi».

***

Zimdan olib borilgan raqobatda koreyaliklar 4-o‘rinni egallab, yaponlardan ustun ekanliklarini isbotlagan bo‘lsalarda, fransiyalik Filipp Trussye ham «samuraylar» boshqaruvidagi davri, ayniqsa, JCH-2002ni katta g‘urur va kuchli entikish bilan esga oladi: «O‘sha jahon chempionati shaxsan men uchun - alohida sahifa, katta yutuq. Oldimga 4 yil ichida raqobatbardosh jamoa shakllantirib, mezbon ishtirokchiga munosib natija ko‘rsatish vazifasi qo‘yilgandi. Ochiq aytish kerak, o‘shanda Yaponiya futboli uchun mundial guruh bosqichidan chiqish katta natija sanalardi. G‘urur bag‘ishlaydigan tomoni, biz shunga erishdik. Vaholanki, nisbatan yosh tarkib bilan o‘ynagandik. Deylik, atigi 1-2 nafar futbolchimiz Yevropada o‘ynashardi, qolganlar mahalliy liga vakillari edilar. O‘ylaymanki, bunday jamoa bilan JCHda «pley-off»ga ko‘tarilish - qoyilmaqom natija. Shuningdek, jahon chempionatidek musobaqada mezbonlar jamoasini boshqarish o‘ziga xos tajriba bo‘lgandi. Bu men men uchun sira yoddan ko‘tarilmaydigan ajoyib voqelik. Ehtimolki, butun murabbiylik faoliyatimdagi eng katta yutuq ham shu, menimcha».

Ha, 2002 yilgi jahon chempionati Osiyo futboli uchun tarixiy voqea sifatida muhrlangan. Bu yil esa dunyo futboli yana bir osiyo­cha tarix guvohiga aylansa, ajamas.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 17:00, 26.06.2022.
O'qildi: 3176 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.