Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Sadio Mane: «Cho‘zib yurishga hojat qolmadi...»

Sadio Mane: «Cho‘zib yurishga hojat qolmadi...»

Baho:
+ | -

Sadio Mane nihoyat, «Bavariya»da! Myunxen superklubi kutilganidek, 22 iyun kuni jahon darajasidagi yana bir hujumchini o‘z safiga qo‘shib olganini rasman e’lon qildi.

Shundan so‘ng maxsus matbuot anjumani tashkillashtirilib, senegallik futbolchi ommaga tanishtirildi. Tabiiyki, OAV vakillari tadbirda Sadioga o‘zlarini qiziqtirgan bir qator savollar bilan murojaat qilishdi.

- Sadio, «Bavariya» ustozi Yulian Nagelsmann haqida nima deya olasiz?

- U bilan uchrashdik. Zero, murabbiy va loyiha bilan yaqindan tanishishim muhim edi. Yulian va Hasan Salixamijich o‘z g‘oyalarini tushuntirishganida, to‘g‘risi, hayratim oshdi. Xullas, uchrashuvdan so‘ng uzoq o‘ylashimga hojat qolmadi va deyarli darhol rozilik berdim. O‘ylaymanki, «Bavariya» - men uchun munosib jamoa.

- Umuman, Myunxen jamoasi haqida nimalarni bilardingiz?

- Tushuning, bu yerga boshqa buyuk klubdan keldim, «Liverpul» bilan ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishdik. Aytishim kerak, barchasi hamjihatlik evaziga keldi. To‘g‘ri, hamisha Bundesligani kuzatib kelganman, xususan, «Bavariya»ning CHLdagi o‘yinlarini ham ko‘rganman. Aytishim shart emas, gap dunyo futbolidagi eng kuchli va bar­qaror klublardan biri haqida ketmoqda. Shunday jamoa safiga qo‘shilganimdan baxtiyorman, bu loyihaga to‘liq ishonaman. «Bavariya» barcha musobaqalarda ancha uzoqqa borish salohiyatiga ega.

- Yaqinlaringiz qaroringizni qanday qabul qilishdi?

- Uydan juda erta chiqib ketganman. Albatta, oilam hamisha yonimda bo‘lishini xohlayman. Deylik, onam haligacha o‘zimni yolg‘iz qoldirishni xushlamaydi. Amakim ham tez-tez kelib turadi. Lekin endi mustaqil insonman va o‘zimga g‘amxo‘rlik qila olaman. Shunday bo‘lsada, barcha do‘stlarim va yaqinlarimni har doim quchoq ochib qarshilashga tayyorman.

- Sadio Mane superyulduzmi yoki jamoaviy ijrochi?

- Menimcha, eng muhimi - jamoa. Shunday ekan, har doim umumiy harakatga yordam berishga intilaman. Bu yerga ham ayni shu maqsadda keldim.

- Yurgen Klopp ketishingizga qanday munosabat bildirdi?

- U ajoyib murabbiy va o‘zaro munosabatimiz zo‘r. Lekin Bundesligada o‘ynash istagi kuchlilik qildi. Bu chempionatga Zalsburgdagi faoliyatimdayoq mehrim tushgandi. Umuman, Germaniya futbolini juda yaxshi bilaman. O‘ylaymanki, bu yerda men bilan qandaydir muammo yuzaga kelmaydi.

- Bu o‘tish Senegal futboli uchun nimani anglatadi?

- Futbolchi sifatida har doim o‘z mamlakatingiz sharafini himoya qilishni istaysiz, albatta. Biz - senegalliklar hamisha vatanimiz sha’nini eng oliy darajada ifodalashni xohlaymiz. Agar futbolchi o‘z ustida qattiq ishlasa, yoshlar uchun yaxshi namuna bo‘la oladi. Albatta, hamma qatori jonajon vatanim bilan o‘zgacha faxrlanaman.

- «Bavariya»da qaysi raqamni tanlaysiz?

- Chiroyli raqamlar ko‘p, vaqti kelsa, bittasini olaman. Lekin aslida raqamning katta ahamiyati yo‘q, har holda, men uchun shunday.

- Myunxenda sizga aynan nima katta mushkulot tug‘dirishi mumkin?

- Butun hayotim sinovlardan iborat, qaysidir ma’noda qiyinchiliklarni xush ko‘raman. Asosiysi, Myunxenda kuchli jamoa bor va biz barcha sovrinlarni yutmoqchimiz.

- Tomas Myuller bilan chiqishib keta olasizmi?

- Ko‘rinishidan, Tomas yaxshi yigitga o‘xshaydi. To‘g‘ri, uni hali yaqindan bilmayman. Hozir jamoaga qo‘shilish va hamma bilan tanishib chiqish onlarini intiq holda kutyapman.

- Maneni «Bavariya» lo­yihasiga kim yoki nima ishontirdi?

- «Bavariya» qiziqishining o‘zidan hayratlandim. Bunday taklifga javob berishni cho‘zib o‘tirishim shart emasdi. Ha, oldimda boshqa variantlar ham bor edi, lekin «Bavariya» ma’qul ko‘rindi.

- «Liverpul»da o‘ynagan Sadio va bugungisi o‘rtasida qanday farq bor?

- Sadio o‘zgarmaydi. Hozir ham o‘sha Sadioman. Ehtimol, sovrinlarga tashnaligim biroz ortgandir. Ishoning, «Bavariya» bilan yanada katta ishlarni bajarmoqchiman.

- Yurgen Kloppning «Liverpul»dan ketishingizga jimgina rozi bo‘lganiga ishonish qiyin...

- «Liverpul»da 6 yil ajo­yib insonlar bilan ishladim. Albatta, ketishimdan hech kim quvonmadi, jumladan, murabbiy ham. Umuman, APLda 8 yil o‘ynadim va boshqasini sinab ko‘rish vaqti kelgandi. O‘ylaymanki, yangi tajriba uchun eng  to‘g‘ri klub - «Bavariya». Tabiiyki, Yurgen meni qo‘yib yuborishga qarshi chiqdi, lekin yakunda meni tushundi. «Liverpul»ga omad tilayman. Aytgancha, «Bavariya» va «Liverpul»ni bitta jihat bog‘lab turadi - har ikki klub sovrinlarga sira to‘ymaydi, g‘alabaga hamisha och...

- Hamyurtingiz Buna Sarr bilan gaplashdingizmi?

- Ha, allaqachon. U Germaniya chempionatiga o‘tganimdan bag‘oyat xursand.

- Yaqinda Afrikaning mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldingiz...

- Individual sovrin - tinimsiz mehnat samarasi. Bunday mukofot futbolchiga qiyosi yo‘q motivasiya beradi, ayniqsa, o‘z mamlakatingda e’tirof etilishing yoqimli.

- Myunxen shahri haqida nima deysiz?

- Atigi 2 kunda shaharga oshiq bo‘lib ulgurdim. Shunday go‘zal shaharda yashashimdan xursandman.

- Kamdan-kam holatda jarohatlanasiz. Buning qandaydir siri bormi?

- Bor - shunchaki, ozgina omad kerak. Jiddiy gapirsam, hamisha o‘z ustimda ishlayman, kun tartibiga e’tiborliman, tanamga g‘amxo‘rlik qilaman. 

- Aslida qaysi pozisiyada o‘ynashni xush ko‘rasiz?

- Menimcha, bu savolga to‘g‘ri javob beradigan inson oldimda o‘tiribdi (Yulian Nagelsmanga ishora). Maydonda 3-4 pozisiya­da bemalol o‘ynashim mumkin. Faqat murabbiy darvoza yoki himoyaga qo‘ymasa, bas (kuladi).

30 yoshli Sadio Mane va «Bavariya» o‘rtasidagi shart­noma 2025 yilning yozigacha mo‘ljallandi. Avvalro? Myunxen klubi transfer uchun «Liverpul»ga 32 million yevro to‘lashi va bu summa bonuslar hisobiga 40 «limon»ga yetishi mumkinligi aytilgandi. Sadio 2016 yildan buyon «Liverpul»­da o‘ynayotgandi. U «qizillar» safida jami 269ta o‘yin o‘tkazib, 120ta gol va 48ta samarali uzatma muallifiga aylandi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:00, 06.07.2022.
O'qildi: 4142 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.