"MYU" Ser Aleks Fergyuson klubni tark etganidan beri 30 ta futbolchini jamoaga jalb etdi. Ularning hammasi 10 million funtdan qimmatga sotib olingan. Ammo ularning hech biri jamoada haqiqiy muvaffaqiyatga erisha olmadi. Kamiga, o‘sha olingan 30 futbolchining faqat 2 tasi foyda bilan sotilgan (ya’ni olingan narxidan ko‘ra baland). Jamoaning transferlar borasidagi mutaxassisi Ed Vudvord klubdan ketdi. Ammo undan keyin vaziyatni unchalik ham o‘zgargan deya olmaymiz. 30 ta futbolchidan birortasi jamoada haqiqiy yetakchi bo‘la olmagani esa odamni ajablantiradi.
Transferlar qilish aslida katta tavakkalga asoslanadi. Negaki, futbolchilar ham odam. Buni hamma biladi. Hech kim sizga futbolchi yangi klubda o‘ynab ketishiga kafolat bera olmaydi.
Shu sababdan qilingan transferlarni hech bo‘lmasa 50 foizi muvaffaqiyat bersa, shuning o‘zi katta natija. Ammo 30 tadan bitta chiqmasligi, o‘ta g‘alatidir. Hatto, "Everton" Farxod Moshiri qo‘l-ostida "MYU"dan ko‘ra foydaliroq xaridlar amalga oshirgan. "Qizil iblislar" esa 30 taning faqat 2 tasini foyda bilan sotgan. Ular: Deyli Blind va Deniyel Jeymsdir. Ammo bu futbolchilarning hech biri "Old Trafford"da o‘zini ko‘rsata olmagandi. Bu borada boshqa futbolchilarni ham qarab ko‘rishimiz mumkin.
Birinchi nom – bu Brunu Fernandesh. Portugaliyalik "MYU"ga 2020 yilning yanvarida kelgan. U 18 oy davomida yuqori darajada o‘ynadi. Ammo undan keyin o‘z formasini yo‘qotib qo‘ydi. Ayniqsa, bu narsa Sulsherni ketish arafasida yaqqol sezilgandi.
Yana bir futbolchi – Romelu Lukaku. Uning jamoaga tekkan foydasini hech kim tuzuk eslay olmaydi ham. Hatto, 80 million funtlik rekord narx bilan olib kelingan Harri Maguayrni ham bugungi ahvolini ko‘rib turibmiz.
Antoni Marsyal borasida ham shunday deyish mumkin. U 2015 yilda 50 million funtga sotib olingan. Uning kelishi klub muxlislariga yoqmagan va shu sabab, turli xil sarkazmga boy qo‘shiqlar kuylashgan. Marsyal so‘nggi 2 mavsumda jami 5 ta APL goliga mualliflik qilgan xolos.
Endi jamoaning hozirgi davrdagi ishlariga e’tibor qaratsak. "Manchester Yunayted" yoz davomida "Ayaks"dan himoyachi Lisandro Martines va Tirell Malasiya("Feyenoord")ni, "Brentford"dan esa yarim himoya uchun Kristian Eriksenni olib keldi. Bu tushunarli holat. Ammo keyingi chiqayotgan xabarlar biroz ajablanarli. Xususan, "Yuventus"dan Adrian Rabyo yoki "Bolonya"dan 33 yoshli Marko Arnautovichni olib kelishga harakat qilish, qanchalik to‘g‘ri? Harxolda, yuqoridagi har ikki futbolchi ham muammoli sanaladi. 2005 yilda "MYU"ni sotib olgan Gleyzerlar oilasi bugungi klub muxlislariga yoqmaydi. Buning sababini esa birgina jamoa amalga oshirayotgan transferlarda ham ko‘rib olishingiz mumkin. Quyida ismlari zikr etilgan ayrim futbolchilarni klubga keltirgan yoki keltirayotgan foydasi haqida ham bir narsa deyish qiyin. Ular na o‘yin tomonlama va na moliyaviy tarafdan klubga foydasi katta bo‘lmagan!
Aleksis Sanches (hujumchi)
*Fred (yarim himoyachi)
Pol Pogba (yarim himoyachi)
Maruan Fellayni (yarim himoyachi)
*Jeydon Sancho (hujumchi)
*Uan-Bissaka (himoyachi);
Memfis Depay (hujumchi)
Jeyms (hujumchi)
*Donni van de Bek (yarim himoyachi)
Zlatan Ibragimovich (hujumchi)
Edinson Kavani (hujumchi)
Radamel Falkao (hujumchi)
*Ronaldu (hujumchi).
ISMATOV J.