O‘zbekiston Superligasining 17-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Paxtakor” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Odatdagidek, Samvel Vyacheslavovich o‘z so‘zini bo‘lib o‘tgan o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Taxmin qilinganidek, mazkur bellashuv hech kimni e’tiborsiz qoldirmadi. Chempionatning ikki yetakchisi o‘rtasidagi bahs bo‘ldi. Menimcha, bugungi bahs darajasi Osiyo Chempionlar Ligasi bilan baravar bo‘ldi. Bugun g‘alabaga yaqinroq edik, uchrashuvning 2-bo‘limida qulay imkoniyatlardan foydalana olganimizda, 3 ochkoni qo‘lga kiritardik. Umuman olganda, yigitlarning shijoati va shogirdlarimning o‘yin sifati qoniqtirdi. Kiyinish xonasida aytgan gaplarimizning barchasini maydonda amalga oshirishdi.
- Yaxshiboyev bugun nega qaydnomaga kiritilmadi?
- Jasurning buvisi ayni paytda og‘ir kasal. Aynan buvisi Jasurning futbol bilan shug‘ullanishiga sababchi bo‘lgan. Buvisi yoshligida qo‘lidan ushlab, futbolga olib borgan. Jasur hozir oilasi davrasida. Bunday holatda uni tushundik va javob berdik.
- O‘zbekiston kubogi doirasidagi bahsdan oldin qandaydir taktik o‘zgarishlar qilasizmi?
- O‘zbekiston kubogi o‘yini borasida gapirishga hali erta. Sababi, bugungi o‘yinni tahlil qilishimiz kerak. O‘z maydonimizda, muxlislarimiz bilan birga “Paxtakor”ga qarshi o‘ynaymiz, baribir kubok doirasida qaysidir bosqichda to‘qnash kelishimiz mumkin edi. Demak, bu chorak finalda sodir bo‘lar ekan. Mavsumni bezab beradigan yana bitta qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Shunday ekan, O‘zbekiston kubogi uchrashuviga maksimal tarzda tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Bugun aynan qanday sabablar tufayli g‘alaba qozona olmadingiz?
- Sababi, “Paxtakor” futbolchilarining o‘yin sifati yuqoriligi. Bugungi kunda bu klub terma jamoaning o‘zagini tashkil etadi. Biz ko‘rsatgan o‘yin esa yigitlarimiz yuqori darajada o‘ynay olishlari va natijaga erisha olishlarini ko‘rsatdi.
- “Navbahor” hisobni ochgach, darhol himoyaga yotib olgandek ko‘rindi. Shu bois raqib gol urdi...
- O‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazilgan vaziyatda raqib pozision hujumda edi, chap qanot himoyasida bir-birlarini o‘rnini to‘ldira olmadi. Shu bois, raqib futbolchisi erkin harakat qildi. Biz yuqori pressing namoyish etdik, raqib himoyachilariga bosim qildik. Ertami-kechmi bunday yuqori saviyadagi futbolchilar tashabbusni o‘z qo‘liga olishlari shubhasiz. Faqat o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazgan vaziyatni hisobga olmaganda, pozision himoyalanishni yaxshi amalga oshirdik.
- Shaskix bugun “Paxtakor” ikki ochko yo‘qotdi, deb aytdi, bunga sizning munosabatingiz qanday?
- Boshida aytdimku, ikkinchi bo‘limda biz gol urishga yaqin edik. Endi “o‘ldirilmagan ayiqning terisi bo‘lish”ning foydasi yo‘q. Statistika bor, turli faktlar bor. Shu bois, shaxsan mening fikrimcha, biz g‘alabaga yaqin edik. Raqib bosh murabbiyining fikri esa menga umuman qiziq emas. Barcha maydondagi futbolni ko‘rdi.
Ko‘pchilikka "Navbahor"ning o‘yini qiziq edi. Menimcha o‘yin sifati bo‘yicha raqobatbardosh jamoaga aylandik. Balki qaysidir joylarda xato qilgandirmiz, ammo yaratgan barcha narsa o‘zimizniki. Qiladigan ishlarimiz bor, kubok o‘yinigacha ko‘p xatolarimizni to‘g‘rilashga harakat qilamiz.
- “Paxtakor” darvozasiga gol urilganida hissiyot bilan nishonlamadingiz. Bu “Paxtakor”ga bo‘lgan hurmat tufaylimi?
- Sababi hali o‘yin tugashiga ancha vaqt bor edi. Hali ish oxiriga yetmagandi. Hurmat qilishga kelsak, barcha biladi mening DNKim bu “Paxtakor”
Uning tarixiga hurmatim doim baland, sababi, o‘zim uning bir qismi bo‘lganman. Menimcha doim hissiyotlarni ushlab turish kerak.
-“Paxtakor” bugun 3 nafar markaziy himoyachi bilan boshladi. Siz bunday syurprizni kutganmidingiz?
- Agar raqib sxemani almashtirsa va himoyani kuchaytirsa, kim g‘alabaga yaqinroq ekani haqida gapirishga hojat bormi? Albatta biz uchun kutilmagan hol bo‘ldi, ammo qanotlardagi o‘yinda bizga yordam berdi. Kubok bahsida kuchli jamoa g‘olib bo‘lsin!