Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Oleg Romansev: «Spartak»ni yo‘qotishimiz hech gap emasdi...»

Oleg Romansev: «Spartak»ni yo‘qotishimiz hech gap emasdi...»

Baho:
+ | -

Oleg Romansev - «Spartak» tarixida eng ko‘p sovrin yutgan afsonaviy murabbiy. Moskva klubi uning qo‘l ostida Rossiya chempionatida naq 8 marta zafar quchgan.

Undan oldin esa Romansev «qizil-oqlar»ni sobiq ittifoq chempionatida ham taxtga chiqargandi. 1996 yilga kelib, Rossiya miqyosidagi afsona klub prezidenti sifatida «Spartak»ni yana bir bora oltin marraga yetakladi. Ammo bular sodir bo‘lmasligi ham hech gap emasdi, zero, Oleg Ivanovich faoliyati davomida bir necha marta o‘lim yoqasiga kelgan. Nafaqadagi murabbiy yaqinda «SE» nash­rining «Razgovore po pyatnisam» rukni mehmoni bo‘lib, shu kabi ko‘plab qiziqarli voqealar haqida so‘zlab berdi.

— Oleg Ivanovich, «Krasnaya Presnya» stadionidagi ulkan ustunlarga ko‘tarilib, projektorlarni qanday sozlaganingiz esingizdami?

- Bunaqasini unutib bo‘larmidi? Aslida o‘shanda projektorlarni ta’mirlamaganman, shunchaki, chiroqlarni maydonning kerakli nuqtalariga burib qo‘ygandim. Chunki adashmasam, 5ta projektor nuri biz uchun keraksiz joylarga tushardi. Shuningdek, ayrimlarining lampochkasi kuygandi, shuning uchun ularni o‘zgartirib tushishimga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda mendan tashqari, Jilyayev ham «cho‘qqi»ga chiqqandi. Chiqishga xohishmand boshqa odam topilmagan. Umuman olganda, «Pres­nya» boshqaruvini qo‘lga olganimda, jamoa hech kimga kerak emasdi. Deylik, stadionga kirish tekin edi, lekin chamasi 5 nafar «badbashara»dan boshqa hech kim kelmasdi. Bir voqea: o‘yin asabiy ruhda davom etmoqda, orqamda nimadir taqilladi. O‘girilib qarasam, tribunada sarmast kishi ichib o‘tiribdi, yonida uch litrli pivo qutilari... Muhimi, oradan 2 yilcha o‘tgach, «Presnya» o‘yinlariga qiziqish nisbatan ortdi, chiptalar sotuvi ham yo‘lga qo‘yildi. Chunki odamlar stadionga oshiqadigan bo‘lishdi, jumladan, shahar hokimiyati yuqori mansabdorlari ham. Bularning barchasi ikkinchi ligada kuzatilgan...

- Projektorlarga qaytsak, aytishlaricha, balandlikdan qo‘rqar ekansiz, qiziq, yuqoriga ko‘tarilishda jur’atni qayerdan olgandingiz?

— Ha, yashirishga hojat yo‘q, balandlikka toqat qilolmayman. Vaqtida osmono‘par uyning 21-qavatida yashashimga to‘g‘ri kelgan. Lekin derazaga aslo yaqinlashmagandim. O‘sha kuni esa qo‘rquv qayergadir g‘oyib bo‘lgandi. Vaholanki, projektor naq 30 metr yuqorida edi. To‘g‘ri, shunga yarasha, mustahkam narvon va himoya panjarasi bilan jihozlangandi.

- Hayotda biror marta bo‘lsada, me’yoriy «chegara»ni kesib o‘tganmisiz?

- Hattoki, nogiron bo‘lib qolishim hech gap emasdi. Bolaligimda qo‘rg‘oshindan snar­yad yasashga mukkasidan ketgandik. Eski batareyani eritib, taxtadan kesilgan qolipni qo‘rg‘oshin bilan to‘ldirardik va sovushini kutardik. Bir gal sabrimiz chidamay, sovushidan oldin uni tortishga shoshildik, yog‘och bo‘lagi tushib ketdi va qaynab turgan qo‘rg‘oshin menga tegdi. Oxirgi soniyada ko‘zimni pirpiratganim - mo‘’jizaning o‘zginasi. O‘shanda yuzimning yarmi kuydi, ko‘zimga esa talofat yetmadi. Yaxshiki, chamasi 6 oydan so‘ng jarohatdan ham hech qanday iz qolmadi. Keyingi noxush holat Marokashda yuz berdi. U yerga «Spartak» bilan o‘rtoqlik o‘yinlari uchun borgandik. Otelda Volodya Nikonov bilan bitta xonaga joylashdik. Kech­qurun ikkinchi qavat balkoniga chiqdim, xonadagi chiroqni yoqmagandim. Hovuz yonida turgan Xidey va Jora Yarsev bilan oz-moz chaqchaqlashdik. Shu vaqt Nikonov xonaga qaytdi va balkonda ekanligimni payqamay, oynali eshikni yopdi. Bi-roq buni ko‘rmadim. Qisqasi, Xidey va Yarsevga xayr­li tun tilab, keskin o‘girildim va qo‘limni oldinga cho‘zdim, natijada oyna chilparchin bo‘ldi, ustimga shisha parchalari yog‘ildi. Avtomatik ravishda orqaga bir qadam tashladim va shu zahoti oldimga yana bir katta shisha parchasi qulab tushdi.

- Dahshat...

- Agar ortga qadam qo‘ymaganimda, ikki bo‘lakka bo‘linib ketarmidim... Chunki oyna juda katta va og‘ir edi. Baxtimga faqat burnimning uchi shilindi. Teri yirtilib, qon tomchilab oqdi... Lekin bu hech narsa emasdi, doktorlar plas­tir yopishtirib qo‘­yishdi. To‘g‘ri, qo‘limda butun joyi qolmagandi. Zudlik bilan harbiy gospitalga olib borishdi va marokashlik shifokorlar ertalabki soat 5gacha jarohatni tikib chiqishdi.

- Demak, yuqorida sizni kimdir himoya ostiga olgan, buni his qilasizmi?

- His qilmayman, bilaman! Shuncha ko‘rgilik-hodisalardan keyin zarar ko‘rmaganim - mo‘’jiza! Bunaqa tarixlardan yana bor. O‘ylaymanki, ayrimlarini hattoki, eng ashaddiy «spartakchilar» ham bilishmaydi. Deylik, bir safar «Spartak»ni yo‘qotishimiz mumkin edi.

- Nima bo‘lgandi?

- Safar o‘yinidan so‘ng samolyotga o‘tirdik. Kichik charter, aynan jamoa uchun. Samolyotga bizdan boshqa hech kimni qabul qilolmasdilar, shu payt Tarxanov yonimga halloslab yugurib keldi: «Ivanich, manavi uchuvchi Krasnoyarskdan, ta’tildan qaytayotgan ekan, biz bilan Moskvaga yetib olishni so‘rayapti».

- Ruxsat berdingizmi?

- Ha. Lekin odatda biror begona kimsani olmasdik. Uchuvchi ekanligi uchun istisno tariqasida rozi bo‘ldim. Yigitlarni bezovta qilmasligi va orqada jim o‘tirishini tayinladik. Samolyot havoga ko‘tarila boshladiki, haligi uchuvchi o‘rnidan sakrab turgancha devorga qo‘lini urib, shovqin ko‘tardi: «To‘xtang! Samolyotni to‘xtating!» Qarangki, ham-kasblari uning aytganini qi-lib, tormoz berishdi. Xudoga shukr, uchish-qo‘nish yo‘lagi uzun ekan...

- Uni nima xavotirga sol­gan ekan?

- Bilishimcha, o‘ng dvigateldan nostandart ovoz chiqqan va buni darhol payqagan. Aytishlaricha, agarda uchishda davom etganimizda, manzilga yetib borolmaslik ehtimoli katta bo‘lgan ekan. Barchamiz pastga tushdik, samolyotni esa chiqitga aylantirishdi. Keyinroq Moskvadan boshqasini yuborishdi va eson-omon uyga qayt­dik. O‘shanda samolyot uchuvchilari tan olishgandi: «Bu yigit hayotimizni saqlab qoldi».

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:30, 06.09.2022.
O'qildi: 1400 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.