Yevropada transfer oynasi yopiq, ammo klublar o‘z tarkiblarini kuchaytirish rejalarini tuzishdan to‘xtamayapti. 2022/2023 yilgi mavsum yakunida amaldagi shartnomalari tugaydigan eng yaxshi futbolchilarga e’tibor qaratish vaqti keldi. Bu futbolchilar jamoalari bilan shartnomalarni uzaytirmasa, klublar yanvar oyida ular bilan dastlabki shartnomalar tuzishlari mumkin bo‘ladi.
Krishtianu Ronaldu
Krishtianu Ronaldu yozda “Manchester Yunayted”ni tark etmoqchi edi, ammo bu amalga oshmadi. Kelasi yil portugaliyalik o‘z taqdiriga o‘zi xo‘jayin bo‘ladi, chunki uning shartnomasi tugaydi va uzaytirish varianti faqat uning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Agar Ronaldu erkin agent bo‘lib qolsa, uning faoliyatini davom ettirish uchun ko‘plab imkoniyatlar bo‘ladi.
Lionel Messi
Lionel Messining ahvoli xuddi Krishtianu Ronalduning holati bilan bir xil. Argentinalik futbolchining “PSJ” bilan shartnomasi mavsumning so‘nggi kunida tugaydi va klub sotib olish variantini bir tomonlama amalga oshira olmaydi. Demak, tanlov Messining o‘ziga qoladi. So‘nggi kunlarda argentinalik futbolchining "Barselona"ga qaytishi mumkinligi haqida mish-mishlar faollashdi. Mish-mishlarga ko‘ra, Leoning atrofidagilari allaqachon Joan Laporta bilan bu variantni muhokama qilishmoqda.
Karim Benzema
Karim Benzema o‘tgan mavsumni ajoyib o‘tkazdi va yangi mavsumni ajoyib boshladi. Fransiyalik futbolchi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish uchun birinchi raqamli nomzod sanaladi. Benzemaning "Real" bilan amaldagi shartnomasi kelasi yilning iyun oyi oxirida tugaydi. Mish-mishlarga ko‘ra, Madrid klubi yaqin kelajakda fransiyalik futbolchi bilan shartnomani uzaytiradi, biroq ayni damda u potensial erkin agentlar ro‘yxatida.
Luka Modrich
Luka Modrich yaqin kelajakda butsalarini mixga osish niyatida emas. 37 yoshda xorvatiyalik futbolchi ajoyib formada va "Real Madrid" yetakchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Karim Benzema bilan bo‘lgan vaziyatdagidek, "qaymoqranglilar" Modrich bilan shartnomani uzaytirishi kutilmoqda. Agar shunday bo‘lmasa, 2018 yilda “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan xorvatiyalik futbolchi uchun transfer bozorida qizg‘in kurash ketadi.
Toni Kroos
Ro‘yxatimizda yana bir "Real Madrid" vakili. Toni Kroos ham shartnomasining oxirgi yilida. Nemis futbolchi faoliyatini Madridda yakunlamoqchi ekanligini va OAVdagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u bilan shartnoma uzaytirilishini bir necha bor aytgan. Biroq, rasmiy e’lon qilinmaguncha, Kroos kelasi yoz uchun potensial erkin agent bo‘lib qoladi.
Serxio Buskets
Serxio Buskets butun faoliyatini "Barselona"da o‘tkazdi. Yarim himoyachining amaldagi shartnomasi 2022/2023 yilgi mavsum oxirida yakuniga yetadi. Keyinchalik nima bo‘lishi hozircha noma’lum. Busketsning so‘zlari ayni damda bor e’tiborini faqat futbolga qaratganidan dalolat beradi. Kataloniyaliklar yozda 35 yoshga to‘ladigan yarim himoyachi bilan xayrlashishga qaror qilishlari mumkin.
Markus Reshford
Markus Reshford ham kelajagi noaniq futbolchilar ro‘yxatidan joy olgan. Biroq, OAV xabarlariga qaraganda, “Manchester Yunayted” hujumchi bilan shartnomani uzaytirish variantini bir tomonlama faollashtirishga haqli. Yaqin oylarda qaror qabul qilinadi. Agar “qizil iblislar” Reshford bilan xayrlashishni tanlasa, u osonlik bilan o‘ziga yangi klub topadi, bunga shubha yo‘q.
Roberto Firmino
Muhammad Saloh - Sadio Mane - Roberto Firmino triosi uzoq vaqtdan beri “Liverpul” raqiblarini dahshatga solib kelgan. Yozda uchlik Manening "Bavariya"ga ketishi tufayli tarqab ketdi. Mersisaydliklardan keyingisi Firmino bo‘lishi mumkin, uning amaldagi shartnomasi joriy mavsum oxirigacha amal qiladi. Balki hammasi braziliyalikning Darvin Nunyes bilan raqobatda qanday o‘ynashiga bog‘liq bo‘ladi.